Vodiy fermerlari uchun agroximikatlardan toʻgʻri foydalanish boʻyicha trening oʻtkazildi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) Fargʻona, Andijon va Namangan viloyatlarida issiqxona xoʻjaligida agroximikatlardan toʻgʻri foydalanishni targʻib qilishga qaratilgan texnik treninglar oʻtkazdi. Ushbu treninglarning asosiy maqsadi inson salomatligi va atrof-muhit uchun mavjud xavflarni kamaytirish, shuningdek, ayol fermerlarning faol ishtirokini taʼminlashdan iborat boʻldi.
Ushbu tashabbus ikki xalqaro loyiha, Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirilgan “Oʻzbekistonda xavfli kimyoviy moddalar bilan xavfsiz muomalani taʼminlash boʻyicha texnik yordam”, hamda Koreya Respublikasi tomonidan moliyalashtirilgan “Kelajak avlodlar uchun aqlli dehqonchilik” loyihalari doirasida amalga oshirildi.
Pestitsidlar notoʻgʻri foydalanish zaharlanish, surunkali kasalliklar va reproduktiv salomatlikka zarar yetkazishi mumkin. Bundan tashqari, bu kimyoviy moddalar atrof-muhitga ham jiddiy zarar keltiradi. Ayollar qishloq xoʻjaligi ishchi kuchining 40 foizidan ortigʻini tashkil etib, ular issiqxona xoʻjaliklarida zararkunandalarga qarshi kurashda faol ishtirok etadilar. Shunga qaramay, koʻplab ayollar himoya vositalari va tegishli treninglarga toʻliq kirish imkoniga ega emas.
FAO tomonidan tashkil etilgan treninglar davomida dehqonlar ruxsat etilgan kimyoviy moddalarni aniqlash, mahsulot yorliqlarini oʻqish, agroximikatlardan toʻgʻri foydalanish va ularni saqlash boʻyicha amaliy bilimlarga ega boʻldilar. Shuningdek, ularga shaxsiy himoya vositalaridan foydalanish tartiblari ham oʻrgatildi. Treninglarda ayollarning tajriba va fikrlariga alohida eʼtibor qaratildi. Genderga sezgir yondashuv asosida xavf-xatarlar haqida ochiq muloqot olib borildi. Natijada, koʻplab ayollar oʻz jamoalarida xavfsizlik boʻyicha yetakchi boʻlish imkoniyatiga ega boʻldilar.
Ishtirokchilar kimyoviy vositalardan foydalanishni kamaytirishning samarali usuli sifatida zararkunandalarga qarshi integratsiyalashgan boshqaruv yondashuvini muhokama qildilar. Shuningdek, ular pestitsid qadoqlarini toʻgʻri yoʻq qilish, birinchi yordam choralarini koʻrish va agroximikatlar bilan ishlash boʻyicha muhim bilimlarga ega boʻldilar. Guruhli muhokamalar orqali bu bilim va yechimlar mahalliy qishloq xoʻjaligi sharoitlariga qanday moslashtirilishi mumkinligi yuzasidan tajriba almashildi.
Trening sessiyalari FAOning milliy ekspertlari tomonidan olib borildi. Yakunda ishtirokchilarning bilimlari baholandi va ularga sertifikatlar topshirildi.
FAO agroximikatlardan toʻgʻri foydalanishga doir genderga inklyuziv yondashuv asosidagi taʼlim orqali Fargʻona vodiysida xavfsiz, sogʻlom va barqaror qishloq xoʻjaligini rivojlantirishga oʻz hissasini qoʻshdi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring