Vladimir Norov Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati
2022-yil 8-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri v.b. Vladimir Norov Nur-Sulton shahrida “Markaziy Osiyo – Xitoy” shaklidagi uchinchi vazirlar uchrashuvida ishtirok etdi.
Muloqot chogʻida oʻzaro hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama qilindi. Diplomatik munosabatlar oʻrnatilganining 30 yilligi munosabati bilan 2022-yil 25-yanvar kuni oʻtkazilgan Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy rahbarlarining onlayn-sammitida ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish yoʻllari har tomonlama koʻrib chiqildi.
Vazirlar siyosiy muloqot, barqaror rivojlanish, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy, ilmiy-texnikaviy, transport-kommunikatsiya, suv-energetika, axborot texnologiyalari, ekologiya, madaniy-gumanitar va yashil energiya manbalari sohalarida oʻzaro hamkorlikni yanada kengaytirish uchun saʼy-harakatlarni davom ettirish istagini tasdiqladilar.
Mintaqani xavfsizlik, oʻzaro manfaatli, barqaror va inklyuziv sheriklik makoniga aylantirish maqsadida Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining mavjud salohiyatidan foydalanish muhimligi qayd etildi.
Uchrashuv ishtirokchilari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligi toʻgʻrisidagi BMT Bosh Assambleyasi rezolyutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish tashabbusini qoʻllab-quvvatladilar.
Tomonlar Afgʻonistonni tinch yoʻl bilan tiklashga koʻmaklashish, bunda, jumladan, xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashdilar. Afgʻonistonda fuqarolar tinchligi va totuvligiga erishishga koʻmaklashish, gumanitar inqirozni imkon qadar tezroq yengib oʻtish va ushbu mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmasini tiklash, uni jahon iqtisodiy munosabatlariga jalb etishdan barcha tomonlar birday manfaatdor ekanligi bildirildi.
Havo aloqalarini qayta yoʻlga qoʻyish, fuqarolar qatnovi uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, yoʻlovchi tashuvchi reyslarni bosqichma-bosqich tiklash, yuklar va sayyohlar oqimini koʻpaytirish, “tezkor” va “yashil” yoʻlaklarni hamda multimodal tovarlar tashuvini tashkil etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
V.Norov Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining uzluksiz yuk tashishni taʼminlash, transmintaqaviy logistika tarmoqlarini rivojlantirish hamda transport infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan Transport aloqalarini rivojlantirish boʻyicha Markaziy Osiyo va Xitoy davlatlarining muvofiqlashtiruvchi kengashini tashkil etish toʻgʻrisidagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlashga chorladi.
Tadbir yakunlari boʻyicha Qoʻshma bayonot, 2022-2025-yillarda Mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”, Markaziy Osiyo davlatlari va Xitoy oʻrtasidagi oʻzaro bogʻliqlik sohasida hamkorlikni chuqurlashtirish tashabbusi, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida maʼlumotlar xavfsizligini taʼminlashda oʻzaro hamkorlik boʻyicha tashabbus qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Abdulaziz Komilov Italiyaning eng yuqori davlat mukofoti bilan taqdirlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring