Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Teri Xakala bilan uchrashdi

23:09 19 Oktyabr 2022 Siyosat
1354 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yilning 18-oktyabr kuni Dushanbe shahrida tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili Teri Xakala bilan uchrashdi.

Yevropa Ittifoqi bilan investitsiya, savdo, fan-taʼlim, ekologiya, turizm va boshqa sohalarda hamkorlikni yanada mustahkamlash va rivojlantirishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar joriy yilning 6-iyulida parafinlash (dastlabki imzolash) marosimi boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston va Yevropa Ittifoqi oʻrtasida Kengaytirilgan sheriklik va hamkorlik toʻgʻrisidagi Bitimni (KSHHTB) tez fursatlarda imzolanishi zarurligi toʻgʻrisida yakdil boʻldilar. Ushbu keng qamrovli hujjat Oʻzbekiston-Yevropa munosabatlarini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi qayd etildi.

Turli daraja va shakllarda rejalashtirilgan tadbirlar, jumladan 2022-yil 17-18-noyabr kunlari Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan . “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” shaklidagi vazirlar yigʻilishi va Barqaror rivojlanish uchun “Global darvoza” mavzusidagi oʻzaro bogʻliqlik boʻyicha xalqaro konferensiyaning tashkiliy jihatlari yuzasidan fikr almashildi.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi. Taʼkidlanganidek, 2022-yilning yanvar-sentyabr oylarida Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan oʻzaro savdo hajmi 3,13 milliard AQSH dollarini tashkil etib, oʻtgan yilning shu davriga nisbatan 14,8 foizga oʻsgani kuzatildi. Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha takliflar muhokama qilindi.

Muzokaralarda mintaqaviy va xalqaro siyosatning ayrim masalalari ham koʻrib chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?