Vladimir Norov BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni mustahkamlash boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashdi

08:42 15 Sentyabr 2022 Siyosat
346 0

Foto: Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmati

2022-yil 14-sentyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkiloti Sammitida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibining siyosiy masalalar va tinchlikni mustahkamlash boʻyicha oʻrinbosari Rozmari DiKarlo bilan uchrashdi.

Muloqot chogʻida keyingi yillarda sifat jihatidan yangi bosqichiga koʻtarilgan Oʻzbekiston bilan BMT va uning institutlari oʻrtasidagi koʻp qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi.

R.DiKarlo Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan oʻzgarishlar, jumladan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish boʻyicha olib borilayotgan ishlar BMT tomonidan qoʻllab-quvvatlanishini bildirdi.

Mintaqaviy va xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.

Markaziy Osiyoda yangi doʻstlik, ishonch va oʻzaro anglashuv muhitini shakllantirishga xizmat qilgan Oʻzbekiston Respublikasining joriy mintaqaviy siyosatiga yuksak baho berildi.

Oʻzbekiston tomonining Afgʻonistonda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatish, uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga koʻmaklashish, ushbu mamlakatga insonparvarlik yordamini koʻrsatish borasidagi tizimli saʼy-harakatlari muhimligi qayd etildi.

BMT Bosh kotibi oʻrinbosari joriy yil mart oyida BMTning Markaziy Osiyoda terrorizmga qarshi global strategiyasini amalga oshirishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya muvaffaqiyatli oʻtgani bilan Oʻzbekiston tomonini tabrikladi.

Uchrashuv yakunida R.DiKarlo Samarqanddagi Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining majlisi muvaffaqiyatli oʻtishiga ishonch bildirdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?