Veterinariya va chorvachilik sohasi uchun yetuk kadrlar tayyorlanadi

11:33 07 Aprel 2022 Jamiyat
979 0

Hech eʼtibor qaratganmisiz, hududlarda veterinariya va chorvachilik sohasi uchun malakali kadrlar zaxirasi nihoyatda kam. Lekin bunday kadrlarga ehtiyoj doim yuqori boʻlgan. Chunki goʻsht va sut mahsulotlariga talab katta va uni yetishtirish uchun chorva mollari zotini va sonini koʻpaytirish talab etiladi.

Savol tugʻilishi mumkin, bu soha uchun yetuk kadrlarni qaysi oliygohlar tayyorlaydi? Umuman bu sohada kadrlar tayyorlashga eʼtibor qaratilyaptimi? 

Shu yilning 31-mart kuni Prezidentimizning “Veterinariya va chorvachilik sohasida kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi va bu qaror tom maʼnoda sohani izchil rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasizdir.

Bu qaror asosida Samarqand veterinariya meditsinasi instituti negizida Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti tashkil etildi. Bu universitetning asosiy vazifasi veterinariya, chorvachilik, biotexnologiya, agrotexnologiya, agroiqtisodiyot tarmoqlari uchun oliy maʼlumotli kadrlarni tayyorlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bu qarorning yana bir eʼtiborli jihati haqida aytadigan boʻlsam, veterinariya sohasida taʼlim jarayonlarining bevosita amaliyot bilan uygʻunlikda tashkil etilishini, ilm-fan va texnologiyalar integratsiyasini taʼminlash maqsadida Universitet huzurida xoʻjalik hisobida faoliyat yurituvchi Veterinariya klinikasi va kasalliklar diagnostikasi texnoparki tashkil etish belgilandi.

Texnopark tarkibida veterinariya laboratoriya-diagnostika va profilaktika-davolash klinikasi, sunʼiy urugʻlantirish va naslchilik-seleksiya markazi, chorvachilik xoʻjaliklari va aholi xonadonida parvarishlanayotgan hayvonlar uchun ozuqa yetishtirish, jamgʻarish va tayyorlash boʻyicha ularga amaliy yordam koʻrsatadigan maslahat markazi yoʻlga qoʻyilishi soha rivoji uchun muhim yangilik hisoblanadi.

Yana bir muhim yangilik shundan iboratki, “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash muhandislar instituti” Milliy tadqiqot universiteti qoshidagi Qarshi irrigatsiya va agrotexnologiyalar institutida 2022/2023 oʻquv yilidan bakalavriatning kunduzgi va sirtqi taʼlim shakllari boʻyicha “Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash texnologiyasi” taʼlim yoʻnalishida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyiladi.

Qashqadaryo viloyati Qamashi tumanidagi Qamashi xizmat koʻrsatish texnikumi negizida Universitetning Qamashi veterinariya meditsinasi texnikumi tashkil etiladi. Universitet Veterinariya ilmiy-tadqiqot instituti, Chorvachilik va parrandachilik ilmiy-tadqiqot instituti, Baliqchilik ilmiy-tadqiqot instituti hamda Qorakoʻlchilik va choʻl ekologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti bilan oʻzaro hamkorlikda faoliyat olib boradi.

Men aminmanki, barcha sohalar qatori chorvachilik hamda veterinariya sohasiga katta eʼtibor qaratilayotgani yurtimizga toʻkinlik va qut-baraka olib keladi. Qut-barakali yurtda esa taraqqiyot boʻladi.

Barno MIRZAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?