Velosipedchilar mahallasi

14:19 22 Yanvar 2026 Jamiyat
192 0

Har qanday jismoniy harakat salomatlikning mustahkam garovidir. Xususan, yurish, yugurish, suzish kabi mashgʻulotlar inson organizmi uchun beqiyos foyda keltiradi. Shu qatorida velosipedda harakatlanish ham sogʻlom turmush tarzining ajralmas qismi hisoblanadi. Chunki velosipedda yurish jarayonida inson tanasidagi deyarli barcha mushaklar faollashib, yurak-qon tomir tizimi mustahkamlanadi, nafas olish faoliyati yaxshilanadi. Natijada inson oʻzini tetik, baquvvat his etadi, hayotiy faolligi ortadi va yosh koʻrinishini saqlab qoladi.

Buni Baliqchi tumanidagi “Jasorat” mahallasida yashovchi, 80 yoshdan oshgan Nodiraxon Imomova hayot tarzi misolida yaqqol koʻrish mumkin. Nodiraxon ona istiqomat qiladigan ushbu hudud bejizga “Velosipedchilar mahallasi”, deb atalmaydi. Sababi, bu yerda velosipedda yurish koʻplab xotin-qizlar uchun oddiy kundalik odatga, hatto hayot tarzining ajralmas qismiga aylangan.

— Esimni tanigandan beri velosipedda yuraman, — deydi Nodiraxon ona. — Maktabga ham, ishga ham, qarindoshlarnikiga ham doim velosipedda boraman. Bizda xotin-qizlar uchun velosiped minish oddiy hol. Mahallada toʻy-maʼraka boʻlsa, darrov velosipedga savatimizni qoʻyib, “lip” etib yetib boramiz. Bozor-oʻcharmi, dala yumushlarimi — farqi yoʻq. Ham ish bitadi, ham sport bilan shugʻullanamiz.

Nodiraxon ona boshqalardan farqli ravishda velosipedda yurishni shunchaki harakat sifatida emas, balki muntazam sport mashgʻuloti deb biladi. Shu bois bu ishga juda masʼuliyat bilan yondashadi. Har tong mahalladagi yigirmadan ortiq xotin-qizlar bir joyga toʻplanib, belgilangan masofani velosipedda bosib oʻtishni odat qilgan. Ular uchun yil fasli yoki ob-havo oʻzgarishi toʻsiq emas. Qishning sovugʻi yoki yozning issigʻiga qaramay, sogʻlom turmush tarziga boʻlgan intilish ularni birlashtirib turadi. Guruh aʼzolari orasida 30 yoshli ayollar ham, 80 yoshni qarshilagan onaxonlar ham borligi esa bu mashgʻulotning har qanday yoshda foydali ekanidan dalolat beradi.

— Jismoniy harakat eng arzon, eng oson va eng samarali davo hisoblanadi, — deydi oliy toifali shifokor Jamoliddin Karimov. — Ayniqsa, velosiped minish yurak-qon tomir tizimini mustahkamlab, qon bosimini meʼyorda ushlab turadi, xolesterin miqdorini kamaytiradi. Ortiqcha vaznga qarshi kurashda ham juda samarali. Shu bilan birga, suyak va boʻgʻimlarni mustahkamlab, ogʻriqlarni kamaytiradi. Eng muhimi, muntazam harakat insonning ruhiy holatiga ijobiy taʼsir koʻrsatib, xotirjamlikni taʼminlaydi, stressni pasaytiradi va uyqu sifatini yaxshilaydi.

Mutaxassislar taʼkidlashicha, kuniga kamida 4–5 kilometr masofani velosipedda bosib oʻtgan inson sogʻligʻidan kam shikoyat qiladi. Chunki bunday jismoniy faollik qon aylanishini yaxshilab, organizmni kislorod bilan toʻyintiradi, jismoniy va ruhiy kuch-quvvat bagʻishlaydi.

Bugun velosipedda yurish oddiy harakat vositasi emas, balki sogʻlom hayot sari qaratilgan ongli tanlovga aylanmoqda. Ayniqsa, “Velosipedchilar mahallasi”dek mahallalar koʻpayotgani jamiyatda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Zero, harakat — hayot, velosiped esa sogʻlom va mazmunli hayotga eltuvchi eng ishonchli vositadir.

Saminjon HUSANOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?