Vazifalar — zalvarli, ijro ishtiyoqi — baland
Surxon vohasi — mamlakatimizning serquyosh hududlaridan biri boʻlib, iqtisodiy salohiyati, tabiiy boyliklari bilan mamlakatimiz taraqqiyotida muhim oʻrin tutadi. Bugun viloyat ahlining kayfiyati yuqori, ertangi kunga ishonchi baland, har bir kunidan rozi, davlatimizdan, Prezidentimizdan minnatdor.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlar, amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari hamda avval berilgan topshiriqlar ijrosi bilan tanishish va istiqboldagi rejalarni belgilab olish maqsadida 1-2-iyun kunlari Surxondaryo viloyatida boʻldi.
Davlatimiz rahbarining vohaga bu galgi tashrifi nafaqat viloyat ahliga, balki butun yurtdoshlarimizga cheksiz gʻurur-iftixor bagʻishladi. Chunki ikki kunlik safar davomida viloyatni kompleks rivojlantirish, «mahallabay» ishlash asosida aholi muammolarini hal etish va hayotini yaxshilash boʻyicha sakkizta yoʻnalishdan iborat aniq vazifalar belgilab berildi.
“Oʻsish nuqtalari” belgilab berildi
Termiz shahrida mahalliy kengash deputatlari, tadbirkor va fermerlar, nuroniylar, yoshlar, jamoatchilik faollari ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda viloyatni kompleks rivojlantirish, «mahallabay» tizimda aholi hayotini yaxshilash boʻyicha ustuvor vazifalar koʻrsatib oʻtildi.
Mamlakatimiz rahbari tomorqadan oqilona foydalanish masalasiga alohida eʼtibor qaratar ekan, Surxondaryo misolida xonadon egasi – tayyorlovchi, korxona – qayta ishlovchi va eksportyorlarni bogʻlovchi, yangi yaxlit tizim yaratilishini taʼkidladi. Bu borada unumdorligi past, gʻalladan boʻshaydigan maydonlardan tomorqa yer egalariga sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirishga oʻrtacha 15-20 sotixdan 10 yil muddatgacha ijaraga yer berishning huquqiy asoslari ishlab chiqilishi, ochigʻi, tarixda boʻlmagan.
Binobarin, agar har bir oila oʻz tomorqa xoʻjaligidan samarali foydalansa, ekin ekish bilan birga uy hayvonlarini ham parvarishlasa, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari bilan oʻzini-oʻzi taʼminlaydi. Eng muhimi, tomorqada sifatli mahsulotlar yetishtirish, koʻplab yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini beradi.
Shu sababli davlatimiz rahbari aholini tomorqadan samarali foydalanishga oʻrgatish boʻyicha Surxondaryo viloyati hokimi hamda Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi oldiga aniq vazifalar qoʻydi. Endilikda berilgan topshiriqlardan kelib chiqib, joriy yilning 1-dekabriga qadar “Bir mahalla – bir mahsulot” tamoyili asosida 86 ming xonadonga sabzavot va koʻkatlar, 72 ming xonadonga kartoshkaning serhosil navlarini klaster usulida ektirish, 36 ming xonadonda uzum koʻchatlarini ekish, “Sherobod tajribasi”ni qoʻllagan holda viloyat boʻyicha 43 mingta xonadonda anor yetishtirish choralarini koʻramiz.
Sir emaski, davlatimiz rahbari gʻoyasi asosida soʻnggi yillarda qishloq xoʻjaligida mahsulot yetishtirish va uni qayta ishlashning zanjirli usuliga asoslangan klaster tizimi paydo boʻldi. Maqsad bitta — shahar, tuman va viloyat ichida joylashgan bir xil soha korxonalarini hamda ular bilan yagona texnologik zanjirda boʻlgan taʼlim, ilmiy, muhandislik, konsalting, standartlashtirish, sertifikatlashtirish va boshqa xizmatlarni uygʻunlashtirishdir. Zero, shu asosda innovatsion ishlab chiqarish tashkil etiladi va raqobatbardosh tovarlar yaratishning yaxlit platformasi yuzaga keladi.
Prezidentimiz tomonidan Sherobod tumanidagi “Sherobod Gardens” MCHJ negizida anorchilik klasteri, Bandixon tumanidagi “Best garden tomorqa xizmati» MCHJ, Muzrabot tumanidagi “Muzrabot tomorqa xizmati” MCHJ, Sariosiyo tumanida “Sariosiyo fayz tomorqa xizmati” MCHJlar faoliyatini klaster usulida tashkil etish vazifasi qoʻyildiki, bu aholining bandlik darajasini taʼminlashda katta ahamiyat kasb etishi qatori turmush darajasini ham oshirishga xizmat qiladi.
50 ming nafar kishining bandligi taʼminlanadi
Bugun kichik biznes va xususiy tadbirkorlik davlat va jamiyat hayotining barcha sohalariga chuqur kirib bordi. U iqtisodiy taraqqiyotimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Hozir tadbirkorlar davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlanib, ularga zarur sharoitlar yaratib berilayotgani tufayli, joylarda tadbirkorlar soni koʻpaymoqda, aholi bandligi taʼminlanyapti.
Shu nuqtayi nazardan viloyatda tadbirkorlik va oʻzini oʻzi band qilishni kengaytirish uchun oilaviy tadbirkorlik hamda xizmat koʻrsatishni rivojlantirish dasturlari doirasida 727 milliard soʻm kredit ajratilishi mutlaqo toʻgʻri va nihoyatda oqilona qarordir. Bularning bari viloyat iqtisodiy qudratini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yana-da yuksaltirishga xizmat qilishi muqarrar.
Bular hali hammasi emas. Viloyatning Bandixon, Qiziriq, Muzrabot va Sherobod tumanlari rivojiga turtki berish maqsadida ushbu tumanlarda yangidan tashkil etiladigan tadbirkorlik subyektlarini 2024-yil 1-yanvarga qadar yer, mol-mulk, kichik korxona aylanmasidan olinadigan soliqlar, yakka tartibdagi tadbirkorlarning qatʼiy miqdordagi daromad soligʻidan ozod etilishi biznes vakillari uchun katta imkoniyat va ragʻbat boʻldi.
2021-2022-yillarda viloyatda umumiy qiymati 16 trillion 800 milliard soʻm boʻlgan 1 ming 177 ta hududiy investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi esa butun vohaliklarni hayratga soldi. Negaki, ushbu loyihalarning hayotga tatbiq etilishi natijasida 25 mingta yangi ish oʻrni yaratiladi, shuncha odam doimiy ish joyiga, daromad manbaiga ega boʻladi, qora qozoni qaynaydi.
Bandlikka koʻmaklashish va Jamoat ishlari jamgʻarmalaridan 32 milliard soʻm ajratilishi hisobiga joriy yilda jamoat ishlari, kooperativ va tomorqa xoʻjaligida 50 ming nafar ishsizning bandligini taʼminlanishi Prezidentimizning har bir fuqaro uchun qanchalik qaygʻurishini, jon kuydirishini, odamlarni hayotdan rozi qilish yoʻlida hamma narsaga tayyor ekanligini amalda yaqqol namoyon etdi.
483 ta qishloq va mahalla obodonlashtiriladi
Obodlik, ozodalik bor joyda fayzu baraka boʻladi, odamlarning turmush darajasi yana-da oshadi. Hozir vohada amalga oshirilayotgan obodonlashtirish, ulkan bunyodkorlik ishlari yangi koʻrinishga ega boʻlayotgan xonadon egalariga olam-olam quvonch ulashmoqda. Uy-joyiga eʼtiborli boʻlish, obod va ozoda goʻsha zavqini tuyib yashash hissini yana-da kuchaytirmoqda.
Joriy yilda bu boradagi ishlar koʻlami yana-da kengayib, Surxondaryo koʻz oʻngimizda katta qurilishlar, yangilanishlar, bunyodkorliklar maydoniga aylanadi. Sababi bu yil viloyatda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturi doirasida 483 ta qishloq va mahallada obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Buning uchun 1,6 trillion soʻm mablagʻ ajratilgan.
Vohada aholi va xalq xoʻjalik tarmoqlarini ichimlik suvi bilan taʼminlash hayotiy masalalardan biri. Yaqin 2-3 yilda viloyatda 1,5 million aholining ichimlik suvi muammolarini toʻliq hal qilish, buning uchun «Toʻpalang» suv omboridan 400 kilometr magistral tarmoqlar tortish boʻyicha loyiha ishlab chiqilishi Surxondaryo ahlining ayni dilidagi gap boʻldi. Bu mamlakatimiz rahbarining oddiy fuqarolar hayoti, yashash sharoiti haqida nechogʻlik qaygʻurayotganidan dalolat emasmi!?
Xulosa oʻrnida aytganda, davlatimiz rahbarining Surxondaryo viloyatiga tashrifi tom maʼnoda tarixiy voqea boʻldi, desak hech qanday mubolagʻa boʻlmaydi. Zero, mazkur tashrif odamlarning kayfiyatini koʻtardi, har bir fuqaroga beqiyos kuch-quvvat bagʻishladi. Belgilab berilgan aniq vazifalar ijrosini oʻz vaqtida taʼminlash esa OʻzLiDeP va uning parlamentdagi fraksiyasi aʼzolaridan yakdillik va faollik talab etadi.
Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik
palatasi Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga kirish narxlari eʼlon qilindi
- Yaqin Sharqdagi keskinlikning narxi: AQSH, Isroil hamda Eron urush uchun qancha sarflayapti?
- “Barselona” qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi
- Ayollar Osiyo chempionati musobaqasining 3-tur oʻyinlari davom ettirildi
- Tramp Erondagi harbiy operatsiya “deyarli yakunlanganini” maʼlum qildi
- Bugun Eronga juda qattiq zarba berilishi mumkin – Tramp
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring