Vatandan yaralgan Vatandan ketmas...

10:53 25 Mart 2021 Madaniyat
1097 0

Foto: O'zA

Bugun taniqli ijodkor Saʼdulla Hakim tavallud topgan kun. Ustoz jurnalist 1951-yil 25-martda Jizzax viloyati, Forish tumanidagi Garasha qishlogʻida tugʻilgan. 1977-yilda ToshDUning jurnalistika fakultetini tugatgan. 2002-yilda Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi unvoniga sazovor boʻlgan.

Saʼdulla Hakimning “Hamal tonglari” (1981), “Sen kutgan bahor” (1986), “Yoz oqshomi” (1996), “Ona soʻz” (2000), “Saylanma” (2001), “Koʻngil yuzi” (2006) kabi sheʼriy toʻplamlari, “Esimda qolgan kunlar”, “Atom qaʼriga sayohat” kabi publitsistik asarlari nashr etilgan. Shoir Pushkin, Lermontov, Yesenin, Gyote kabi shoirlarning asarlarini oʻzbek tiliga tarjima qilgan.

Sa'dulla Hakim 2020-yil 11-oktyabrda Toshkent shahrida vafot etgan.

VATANGA MANSUBLIK

Banogoh choʻqqidan qulasa bir tosh

Togʻ poyiga tushar, togʻni tark etmas.

Et bilan tirnokdek bir jonu bir tan

Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Quyoshga intilgan havoyi bugʻlar

Baland parvozlarni qilsa ham havas

Bir kun qaytib kelar oʻkirib-yigʻlab,

Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Shashmaqom — ming yillik navo muattar,

Ochsam koʻkayimni yangrar qadim sas.

Avlodlar tugʻilar, ajdodlar oʻtar,

Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Ulugʻlar yuksalar yer ostida ham,

Haykal boʻlib oʻsar, eli unutmas.

Shahidlar bogʻidan kuylab oʻtaman:

Vatandan yaralgan Vatandan ketmas.

Toshdan uchgan uchqun yalt etib oʻchar,

Oʻchgan choʻgʻ qayta oʻz holiga kelmas.

Choponing silkisang gʻubori koʻchar,

Vatandan toʻqilgan Vatandan emas!

EY, KOʻNGIL

Nopisand bosma xazon yaprogʻini,

Boshing uzra esla soya chogʻini.

Tanfi hukmiga azal bir chora yoʻq,

Bandasi bilmas kelib-ketmogʻini.

Istasa bergay shifo bemoriga,

Dard berib solgʻay sinovga sogʻini.

Umr oʻtar daryo kabi qalqib-oqib,

Aylagil taqdir nasib qirgʻogʻini.

Rabbano qodir oʻzi, gʻofir oʻzi,

Har nafas tortib turar qarmogʻini.

Boq, quyoshni qon etib har roʻzi shom

Na uchun koʻz-koʻz etar oʻrogʻini?

Bilmasa meʼyorini oftob ham

Quvratar bogʻi chaman har yogʻini.

Ey koʻngil, bu hodisot ibrat senga,

El aro fasona et kelmogʻini.

Olmoq ersang, bir gʻarib koʻnglini ol,

Ayro etsang, ayro et dil dogʻini.

Saʼdi olloga yetar qirmochi ham,

Yori jonga tuhfa qil qaymogʻini.

Shon desa, yoʻl oldi deb Toshkanni ayt,

Shaʼn desa, koʻrsat Nurota togʻini!

IZLAR

Ikki cheti orasta,

Yolgʻizoyoq chambil yoʻl.

Ketib boraman asta,

Har yonda giyohlar moʻl.

Qurib qoraygan yantoq,

Choʻkir shuvoq. Koʻk barra.

Uzoqda kungura togʻ,

Osmonga tortar arra.

Shu birgina soʻqmoqda

Ot izi, qulon izi.

Eshak izi, it izi,

Qush izi, ilon izi.

Shu birgina soʻqmoqda

Don izi, bugʻdoy izi.

Yuzib oʻtar ohista

Quyosh izi, oy izi.

Balki bunda bir chogʻlar

Ozod qoʻyib chavkarin,

Yelib oʻtgan quyunday

Amir Temur navkari.

Balki… Mashrab soʻzona

Navolar qilib oʻtgan.

Tushgancha yoʻl uzala

Oyoqlarini oʻpgan.

Shu yoʻlda bobom izi,

Otam izlari poydor.

Qor oʻtgan, yomgʻir oʻtgan,

Shamol oʻtgan necha bor.

Shu soʻqmoqda mening ham

Izim qolar ekilib.

Bugʻdoy donasi kabi

Soʻzim qolar toʻkilib.

…Qay bir zamon, begona

Yoʻlovchi qoʻysa qadam,

Maʼyus bir sogʻinch ila

Eslarmikan meni ham?

NAY

— Ohanglaring munglar nahrimi,

Nay, bunchalar maʼyussan nega?

— Aytolmagan hasratlarini

Soʻzlashadi odamlar menga!

OʻRMONCHILAR

Oʻrmonchilar haqida hangomaga bu bir gap,

Koʻrgan-eshitgan hayron: oʻrmonchilar netdilar?

Egri-bugri qayragʻoch soyasida soyalab,

Toʻgʻri oʻsgan terakni shartta kesib ketdilar…

ALDARKOʻSA

— Aldarkoʻsa, nega aldaysan?

— Aldamasam yashay olmayman.

— Aldarkoʻsa, nega oʻlmaysan?

— Yashamasam alday olmayman…

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер