Vatan himoyachilari sharaflandi

16:28 14 Yanvar 2026 Jamiyat
357 0

Navoiy viloyatida ham Respublikamiz Qurolli kuchlari tashkil etilganligining 34-yilligi munosabati bilan “Vatanparvarlik oyligi” dasturi doirasida viloyatdagi mehnat jamoalari, taʼlim muassasalari, mahallalarda uchrashuvlar oʻtkazilib, mamlakatimiz va xalqimiz tinchlik-osoyishtaligini himoya qilayotgan harbiy xizmatchilarga yuksak ehtirom koʻrsatildi. Chunonchi, harbiy-vatanparvarlik festivali, oʻlkashunoslik muzeylarida koʻrgazmalar, harbiy qismlardagi “ochiq eshiklar”, yoshlar tomonidan tashkil etilgan turli intellektual oʻyinlarning Vatanimiz himoyasi yoʻlida jon fido etganlar jasoratiga bagʻishlanganligi ishtirokchilarda katta qiziqish uygʻotdi. Shuningdek, mazkur oylik doirasida marafon oʻtkazilib, bugun oʻz muqaddas burchini oʻtayotgan harbiylar jangovar tayyorgarligini namoyish etdilar.

Bayramning asosiy tantanalari keng jamoatchilik va harbiylarning viloyatdagi “Motamsaro ona” haykali poyiga gulu gulchambarlar qoʻyish bilan boshlandi.

— Vatan, xalq va armiya bir-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekani barchamizga har qachongidan ham teran ayon boʻlmoqda, — dedi viloyat hokimi Normat Tursunov bayram tabrigida. — Ushbu mushtarak maqsad tufayli “Armiya va xalq — bir tanu bir jon!” degan olijanob gʻoya va ezgu tamoyil asosida ulkan ishlar amalga oshirilayotgani, xalqimiz armiyaning har tomonlama yordami va koʻmagini jamiyatimizning barcha sohalarida amalda his etayotgani ayni haqiqat desak, mubolagʻa boʻlmaydi.

Bayram tantanalari “Farhod” Madaniyat saroyida davom ettirilib, jangovar va siyosiy tayyorgarlikda yutuqlarni qoʻlga kiritgan Vatan himoyachilari, oʻz hayotiy tajribasi bilan yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tayyorlashga munosib hissa qoʻshayotgan faxriy harbiylar viloyat hokimligining faxriy yorliq va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandilar.

— Vatan himoyasi nainki chegaralarimiz, balki maʼnaviy sarhadlarimiz himoyasi hamdir, — deydi isteʼfodagi mayor Mirzo Ashurov. — Shu jihatdan ushbu bayram bugungi kun voqeligida barcha yurtdoshlarimizga birdek muborak boʻlmogʻi lozim. Vatan himoyachisi degan ulugʻ nom avvalo insondan yuksak maʼnaviy tayyorgarlikni talab etadi.

Anjumanda katta bayram konsert dasturi namoyish etildi.

Vatanparvarlik oyligi tadbirlari viloyatda davom etmoqda.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер