“Vashington Ukrainaga yordamni ittifoqdoshlari yelkasiga yuklamasligi kerak!” — Yevropa Ittifoqi Tramp rejasi boʻyicha bir fikrga kela olmayapti

Foto: AP
Yevropa Ittifoqi rasmiylari AQSH prezidenti Donald Trampning Kiyevga qurol yetkazib berish taklifiga sovuqqonlik bilan munosabatda boʻlmoqda.
Gap shundaki, Ukrainaga qurol va oʻq-dorilar yetkazib berish borasida Bryusselning fikri yakdil emas. Yevropa Ittifoqining qator yetakchi davlatlari turli bahonalar bilan kelishuvda ishtirok etishdan bosh tortgan. Taʼkidlanishicha, AQSH prezidentining tashabbusi koʻplab savollarni tugʻdirgan. Avvalo, u bu haqda kim bilan gaplashgani va kelishgani nomaʼlum. NATO Bosh kotibi Mark Ryutte Kiyevga qurol yetkazib beradigan Finlyandiya, Daniya, Shvetsiya, Norvegiya, Niderlandiya va Kanada kabi oltita davlatni sanab oʻtdi. Biroq, “Reuters” agentligiga koʻra, ulardan kamida ikkitasi bunga roziligini ommaviy axborot vositalaridan bilib olgan.
“Men hech kim oldindan ogohlantirilmaganini aniq his qilyapman. Aftidan, AQSH maʼmuriyati bu amalda nimani anglatishini endigina anglab yetmoqda”, — degan ushbu davlatlardan birining elchisi.
Vashingtonning aniqlik kiritishicha, Tramp ramka taklifini bildirgan. Faqat umumiy sxema bor: ittifoqchilar Ukrainaga eski qurollarini berishadi, oʻzlari uchun esa AQSHdan yangilarini sotib olishadi. Hozircha aniq maʼlumotlar yoʻq. Shu bilan birga, dastur, ehtimol, birinchi navbatda, Kiyevni “Patriot” havo mudofaa tizimlari bilan taʼminlashga qaratilgan. AQSHda 60 ta shunday tizim mavjud, NATOda esa jami 120 taga yaqin.
“Patriot”lar boʻyicha muzokaralar 23-iyul kuni onlayn tarzda boshlanishi rejalashtirilgan. Unga moderator amerikalik general Aleksis Grinkevich boʻladi. Ukraina Qurolli kuchlari shu paytgacha sakkizta shunday havo hujumiga qarshi mudofaa tizimini oldi. Ikkitasi esa yaroqsiz holga kelgan va taʼmirlashga joʻnatilgan. “The New York Times” gazetasining yozishicha, bundan tashqari, Kiyev uchun ATACMS ballistik raketalari va JASSM qanotli raketalarini sotib olish ham muhokama qilinadi.
Tramp rejasining asosiy tarafdori Germaniya kansleri Fridrix Mersdir. Shuningdek, Buyuk Britaniya bosh vaziri Kir Starmer London yordam berishga tayyorligiga shama qildi.
“Biz ittifoqchilar bilan Kiyevni kuch va vositalar bilan taʼminlash, ularning Ukrainada samarali boʻlishini taʼminlash uchun ishlayapmiz”, — dedi Starmer Mers bilan qoʻshma matbuot anjumanida.
Ammo Fransiya, Italiya, Chexiya va Vengriya allaqachon bu loyihadan voz kechgan. Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Yevropa Ittifoqi davlatlarini AQSHga tayanmasdan, oʻzlarining harbiy-sanoat komplekslarini rivojlantirishga chaqirgan boʻlsa, Rim esa oʻz qarorini mablagʻ etishmasligi bilan izohladi.
“Biz ishtirok etmayapmiz. Faqat Kiyevga topshirilgan qurol tizimlarimiz boshqa texnologik konfiguratsiyalarga mos kelgani uchun emas, balki Italiyaning bunday kelishuv uchun moliyaviy imkoniyatlari deyarli yoʻqligi uchun ham”, — deya Italiya mudofaa vazirligi vakilining soʻzlaridan iqtibos keltirdi “La Stampa” gazetasi.
Praga Ukraina Qurolli kuchlarini oʻz oʻq-dorilari bilan taʼminlashga eʼtibor qaratganini tushuntirdi. Budapesht esa avvaldan Kiyev rejimini Gʻarb qurollari bilan toʻldirishga qarshi boʻlgan.
Eʼtiborlisi, Yevropa Ittifoqi rahbariyati ham Tramp gʻoyasini tanqid ostiga olgan. Yevropa Ittifoqining tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati boʻyicha oliy vakili Kaya Kallas fikricha, Vashington Ukrainaga yordamni ittifoqdoshlari yelkasiga yuklamasligi kerak.
“Agar siz qurol-yarogʻ berishga vaʼda bersangizu, lekin uning pulini boshqa birov toʻlaydi, desangiz, aslida siz yordam bermayapsiz”, — deydi u.
Vashingtonning taklifi AQSH va Yevropa Ittifoqi oʻrtasidagi savdo urushining yangi bosqichi fonida chiqdi. Tramp 1-avgustdan boshlab barcha Yevropa importiga 30 foizlik boj joriy qilmoqda. Bunga javoban Yevropa savdo komissari Marosh Shefchovich Yevropa Ittifoqi yiliga 72 milliard yevrolik AQSH tovarlari roʻyxatini tayyorlaganini aytdi. Ushbu roʻyxatda “Boeing” samolyotlari, avtomobillar, tibbiy asbob-uskunalar, elektronika va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari kabilar bor.
Izohlanishicha, Tramp Yevropa Ittifoqidan mustaqil ravishda oʻz mudofaasini taʼminlashni talab qildi, chunki Vashington Xitoyga qarshi kurashish uchun resurslarga muhtoj.
Natijada qiymati 800 milliard yevroga teng “ReArm Europe” qayta qurollanish rejasi yaratildi. Unda havo hujumidan mudofaa tizimlari, dronlar va artilleriya ustuvor hisoblanadi.
“Rossiya global siyosatda” jurnali bosh muharriri Fyodor Lukyanovning aytishicha, Yevropa Ittifoqining Tramp rejasidan qochish yoʻllarni qidirishida asosiy sabab mablagʻ yetishmasligida.
“Bu hikoyada ikki tomonlama maʼno yoʻq. Darhaqiqat, Yevropa Ittifoqidagi koʻpchilik, jumladan, Italiya ham avval Ukrainaga qurol yetkazib bergan. 2022-yildan beri ularning moliyaviy resurslari tugadi, shuning uchun hozir AQSH taʼminoti uchun pul yoʻq. Qolaversa, Fransiya va Chexiya kabi davlatlar Trampning taklifiga umuman muhtoj emas. Ular oʻzlari qurol ishlab chiqaradi va AQSHni emas, mahalliy kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlashdan manfaatdor”, — deydi ekspert
Lukyanovning taʼktdlashicha, Trampning rejasi faqat AQSH uchun foydali. Bu tashabbusni faqat Germaniya, Buyuk Britaniya va anʼanaviy ravishda Vashingtonga yaqin boʻlgan Shimoliy Yevropa davlatlari qoʻllab-quvvatlagani bejiz emas. Bunga koʻpchilik hohlovchilar qoʻshilishi dargumon. Katta ehtimol bilan, koʻpchilik Tramp sxemasidan u yoki bu yoʻl bilan chiqib ketishga harakat qiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring