“Vaqti keldi” — Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy qilishi mumkin

Foto: Reuters
AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etish niyatida ekanligini maʼlum qildi. Bu haqda AQSH senatori va cheklovlarni kuchaytirish tashabbusi muallifi Lindsi Grem xabar berdi.
Gremning hozirda 84 qonun chiqaruvchi tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgan qonun loyihasi Ukrainani qoʻllab-quvvatlamaydigan va Rossiyadan tabiiy resurslarni sotib oluvchi mamlakatlardan import qilinadigan tovarlarga 500 foizlik tarif joriy etishni nazarda tutadi. “The Washington Post” gazetasining fikricha, agar u qabul qilinsa, AQSH shu tariqa dunyoning qolgan qismi bilan savdo urushini boshlaydi.
Tramp Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalar joriy etilishi haqida gapirar ekan, bu qonun loyihasiga ruxsat berish kerakligini aytgan. Bu haqda AQSH senatori va tegishli tashabbus muallifi Lindsi Grem ABC telekanaliga bergan intervyusida maʼlum qildi.
“Kecha, birinchi marta, biz golf oʻynaganimizda, prezident menga qonun loyihasini oldinga siljitish vaqti kelganini aytdi”, — degan siyosatchi.
Gremning soʻzlariga koʻra, tashabbusning mohiyati quyidagicha: agar biror davlat Rossiyadan mahsulot sotib olib, Ukrainaga yordam bermasa, u holda uning AQSHga yetkazib berilayotgan tovarlariga 500 foizlik boj joriy etiladi. Ushbu cheklovlardan taʼsir koʻrishi mumkin boʻlganlar orasida senator Hindiston va Xitoyni ham aytib oʻtdi. Chunki bu davlatlar Moskvadan uglevodorodlarni sotib oladi.
Siyosatchining aytishicha, hozirgi bosqichda qonun loyihasini 84 qonun chiqaruvchi qoʻllab-quvvatlamoqda. Uni koʻrib chiqish iyul oyida boshlanadi. Agar tashabbus maʼqullansa, Tramp Rossiya va Ukraina oʻrtasidagi ziddiyat kontekstida “vosita” oladi.
Sanksiyalar AQSHga koʻproq zarar keltiradi
“The Washington Post” gazetasi Grem qonun loyihasini Ukraina mojarosida vosita emas, balki AQSH va butun dunyo oʻrtasida savdo urushini boshlash kaliti deb atadi.
“Grem qonun loyihasi ... Rossiya Federatsiyasida ishlab chiqarilgan neft, uran, tabiiy gaz, neft mahsulotlari yoki neft-kimyo mahsulotlarini bila turib sotadigan, yetkazib beradigan, oʻtkazadigan yoki sotib oladigan har qanday mamlakatga 500 foizlik boj qoʻyadi. 500 foizlik boj AQSHning ushbu mamlakatlarning har qaysi bilan savdosini toʻxtatadi ”, — deyiladi gazeta maqolasida.
Taʼkidlanishicha, Rossiyaning xom neftini Xitoy, Turkiya va Yevropa Ittifoqi, koʻmirni Janubiy Koreya va Tayvan, suyultirilgan gazni esa Janubiy Koreya va Yaponiya sotib oladi. Braziliya, shuningdek, Rossiya neft mahsulotlarining uchinchi yirik xaridoridir.
“Grem qonun loyihasining qabul qilinishi AQSHning deyarli har bir yirik savdo hamkoriga 500 foizlik bojlar joriy etish bilan barobar boʻladi. Amerikaliklar bu yil butun dunyo bilan qisqa muddatli bir savdo urushidan omon qolishdi — boshqasiga aralashishga alohida istak yoʻq”, — deya qoʻshimcha qiladi maqola muallifi Jim Geragti.
Jurnalist, shuningdek, AQSHning oʻzi Rossiyadan foydali qazilmalar, jumladan, uran sotib olishini taʼkidlab, “AQSH hukumati bu holatda oʻziga 500 foizlik boj joriy qiladimi?”, degan savolni oʻrtaga tashlaydi.
Rossiya bunga qanday munosabatda?
Rossiya rasmiylari Gʻarb tomonidan kiritilgan sanksiyalarni bir necha bor qoralab, tanqid qilgan. Xususan, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov iyun oyida Gʻarb davlatlari iqtisodiy oʻsishning yangi markazlari bilan solishtirganda raqobatdoshligini yoʻqotganini aytgandi.
“Gʻarb diktatura usullariga, uning talablariga boʻysunmaganlarni jazolash usullariga oʻtganida, toʻgʻridan-toʻgʻri, oʻzgalarning mol-mulkini oʻgʻirlash, bir tomonlama sanksiya usullariga murojaat qila boshlaganida, albatta, bularning barchasi jahon iqtisodiyotining toʻlaqonli ishlashiga yordam bermaydi”, — degandi oʻshanda Lavrov.
Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov Moskvani bosim va kuch bilan muzokaraga undab boʻlmasligini taʼkidladi. Uning fikricha, buni faqat mantiq va dalillar bilan amalga oshirish mumkin. U, shuningdek, cheklovlar qoʻyayotgan davlatlar koʻpincha ulardan oʻzi aziyat chekayotganini taʼkidladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring