Uzoq kutilgan kelishuv: Putin urushni toʻxtatishga rozi boʻldi (+video)

22:45 13 Mart 2025 Dunyo
390 0

Rossiya prezidenti Vladimir Putin AQSHning Ukrainada vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish taklifiga rozi boʻldi, deb xabar bermoqda “NBC News” nashri.

Nashrning maʼlum qilishicha, bugun, 13-mart kuni Rossiya rahbari hamda Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko oʻrtasida qoʻshma matbuot anjumani oʻtkazilgan. Unda Rossiya yetakchisi “Rossiya-Ukraina oʻrtasida vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish” toʻgʻrisidagi taklifni qoʻllab quvvatlashi haqida soʻz ochgan.

“Biz jangovar harakatlarni toʻxtatish boʻyicha takliflarga rozimiz, biroq har qanday sulh uzoq muddatli tinchlik va mojaroga sabab boʻlgan omillarning bartaraf etilishiga olib kelishi lozim”,  —  degan Putin.

Shuningdek, Rossiya prezidenti bitim kuchga kirgach Ukraina harbiy safarbarlik oʻtkazmasligi, qurol xarid qilmasligi hamda bu kelishuv uzoq muddatli tinchlikka sabab boʻlishi uchun kafolatlar xohlashini qoʻshimcha qildi.

Bundan tashqari, Vladimir Putin bitim masalasini Amerika rahbari Donald Tramp bilan ham muhokama qilishi kerakligini inkor etmagan.

“Vaqtinchalik oʻt ochishni toʻxtatish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaymiz. Ammo muhokama qilishimiz kerak boʻlgan masalalar mavjud. Bu borada Amerika rahbari bilan muzokaralar oʻtkazishimiz shart. Uzoq yillik bu mojaroni tinch yoʻl bilan hal qilish taklifi Rossiya tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlanadi”,  —  degan Putin oʻz nutqida.

Eslatib oʻtamiz, avvalroq, AQSH prezidenti Donald Tramp Rossiya hamda Ukraina oʻrtasida tinchlik sulhi tuzish boʻyicha Rossiya yetakchisi Vladimir Putin bilan shu haftaning oʻzidayoq muzokara oʻtkazishi mumkinligi haqida gapirgan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?