Uzbekistan Airways masʼullari Buxoroda sayyor qabul oʻtkazdi

12:43 19 Dekabr 2025 Jamiyat
236 0

Xizmat koʻrsatish sohasini havo yoʻllarisiz tasavvur etib boʻlmaydi. Uning xususan, turizm va tadbirkorlik ravnaqida alohida oʻrni bor. Uzogʻimizni yaqin qiladigan bu tizim rivoji esa koʻp jihatdan shu soha xizmatidan foydalanib kelayotgan yoki foydalanish niyatidagi fuqarolarning, fikr- mulohazalari, takliflarini oʻrganishga bogʻliq. Ana shuni inobatga olgan Uzbekistan Airways masʼullari tomonidan Buxoro shahridagi “ishga marhamat” monomarkazida koʻchma sayyor qabul oʻtkazildi.

Ochiq muloqot shaklida kechgan tadbirda viloyat Savdo – sanoat palatasi, turizm boshqarmasi vakillari, jismoniy va yuridik shaxslar, aviachipta sotuvi agentlari, shuningdek, sayyohlik kompaniyalari xodimlari ishtirok etdi.

Taʼkidlanganidek, Uzbekistan Airways tomonidan xalqaro va ichki parvozlar geografiyasini kengaytirish, aviapark imkoniyatlaridan oqilona foydalanish,xizmat koʻrsatish sifatini oshirish borasida muayyan ishlar amalga oshirilmoqda. Muloqotda soʻz olganlar shularni alohida qayd etgan holda mahsulotni havo yoʻllari orqali eksport qilish borasida qanday imtiyozlar borligi, yoʻlovchilarga qoʻshimcha qulayliklar yaratish, chipta narxlarini arzonlashtirish kabi masalalar yuzasidan masʼullarga murojaat qilishdi. Buxoroda yangi zamonaviy xalqaro aeroportning qurilayotgani ham Uzbekistan Airways imkoniyatlarini yanada kengaytirishi taʼkidlandi.U soatiga 1200 yoʻlovchiga sifatli xizmat koʻrsatish imkoniyatiga ega boʻladi. Binodan toʻgʻridan toʻgʻri havo kemasiga oʻtish yoʻlagi barpo etish ham koʻzda tutilgan.

Sayyor uchrashuvda koʻpchilikni qiziqtirgan qator masalalarga shu yerning oʻzida yechim topildi. Bir qator takliflar esa soha masʼullari tomonidan oʻrganib chiqilishi aytildi. Muloqot marketing ishlarini olib borish, xizmat sifatini oshirish, parvozlar geografiyasini qamrovini kengaytirish nuqtayi nazaridan foydali boʻldi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?