Ustozni eʼzozlamoq — millatni eʼzozlamoqdir

10:24 25 Sentyabr 2025 Jamiyat
119 0

Har qanday taraqqiyot ildizi ilmda, maʼrifatda va tarbiyada mujassam boʻladi. Yuksak tafakkurli, vatanparvar, bilimdon va axloqli avlodni shakllantirish davlatning ertangi kunini kafolatlaydigan eng muhim omillardan biridir. Bu masʼuliyat esa, avvalo, fidoyi ustozlar va murabbiylar zimmasiga yuklangan.

Yurtimizda taʼlim sohasi, xususan, oʻqituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan davlat darajasidagi eʼtiborning mohiyatida mamlakat taraqqiyotini va jamiyat maʼnaviyatini yuksaltirish, intellektual salohiyatni oshirishga qaratilgan ulkan saʼy-harakatlar yotgani barchamizga ayon. Davlatimiz rahbarining doimiy eʼtibori va amaliy qoʻllab-quvvatlashi tufayli bugun ustozlik faxrli, masʼuliyatli va sharafli kasb sifatida yanada yuksak maqom kasb etmoqda.

Yangi avlod — yangi davr sohiblari

Buning yorqin misoli sifatida Prezidentimizning Toshkent viloyati Boʻstonliq tumaniga tashrifi va u yerda oʻqituvchi hamda murabbiylar bilan boʻlib oʻtgan ochiq, mazmunli uchrashuvini keltirish mumkin.

Ushbu uchrashuv nafaqat rasmiy tadbir, balki taʼlim tizimiga boʻlgan yuksak eʼtibor, ustoz shaxsiga nisbatan chuqur hurmat va eʼtirofning amaliy ifodasi boʻldi. Prezidentimiz sohaning ilgʻor va fidoyi mutaxassislarini davlat mukofotlari bilan taqdirlar ekan, bu orqali sohaning barcha vakillariga yuksak hurmatini izhor qildi. Tarixiy uchrashuvda taʼlim sifatini oshirish, oʻqituvchi va murabbiylarni qoʻllab-quvvatlash, ular uchun munosib sharoitlar yaratish masalalari atroflicha muhokama etildi. Bu esa soha nafaqat moddiy, balki maʼnaviy jihatdan ham qoʻllab-quvvatlanayotganidan dalolat beradi.

Samimiy muloqot davomida davlat rahbari mazkur yoʻnalishda amalga oshirilayotgan islohotlarning muhim tomonlaridan biri — maktabgacha taʼlim tizimini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilayotganini taʼkidladi. Aytish joizki, islohotlarning ilk bosqichidayoq bu tizimga oid jiddiy ishlar amalga oshirila boshlandi. Bogʻchadagi tarbiyachilarning maoshi maktab oʻqituvchilariga tenglashtirilishi bu soha xodimlariga boʻlgan ijtimoiy himoya kuchaytirilganligidan dalolat beradi.

Prezidentimiz tomonidan tashkil etilayotgan har bir viloyatdagi “Yangi avlod” bogʻchalari taʼlim sohasida yangi davrning boshlanishi, ilgʻor pedagogik texnologiyalarni joriy etish va tarbiyachilarni zamonaviy bilimlar bilan boyitish uchun beqiyos imkoniyatdir. Haqiqatan ham, Prezident maktablari qanday katta natijalarga erishsa, “Yangi avlod” bogʻchalari ham sifatli oʻzgarishlarning asosiy omili boʻlishi uchun barcha imkoniyat mavjud.

Chuqur va strategik yondashuv

Tarixiy uchrashuvda davlatimiz rahbari taʼlim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar yanada chuqurlashtirilishiga qaratilgan muhim yangiliklarni ham eʼlon qildi.

Jumladan, shulardan biri — yangi oʻquv yilidan boshlab 9 va 11-sinf oʻquvchilari uchun yagona davlat imtihonlarining joriy etilishidir. Bu tizim oʻquvchilarni qobiliyatiga qarab kasb yoki oliy taʼlimga yoʻnaltirishni taʼminlaydi. Yaʼni har bir yosh oʻz salohiyatiga mos ravishda bilim olishi uchun keng imkoniyatga ega boʻladi.

Shu bilan birga, maktabdagi yakuniy imtihon natijalariga qarab yoshlarga oliygohga kirish uchun fanlar tanlovi asosida chuqurlashtirilgan taʼlim olish imkoniyati yaratiladi. Bu, oʻz navbatida, fanlarga boʻlgan qiziqishni oshirish va malakali mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qiladi. Ushbu tashabbus tizimdagi islohotlarni yanada zamonaviylashtirish, yoshlarimizning bilim va kasb tanlash erkinligini taʼminlashda muhim omil boʻlishi, shubhasiz. Bu faqatgina yangi tizimlarni joriy qilish emas, balki xalqimiz kelajagini barpo etishga qaratilgan chuqur va strategik yondashuvdir.

Hozirgi kunda jahon iqtisodiyoti tez surʼatlarda oʻzgarmoqda, innovatsiyalar hayotimizning barcha sohalariga kirib kelmoqda. Shunday sharoitda yoshlarimizning ana shu rivojlanish bilan hamnafas boʻlishi, ularning yetakchisiga aylanishi davlat siyosatining eng muhim maqsadlaridan biridir. Shu bois davlatimiz rahbari taʼlim tizimini takomillashtirish, oʻquvchilarga kasbiy yoʻnalishlarni toʻgʻri tanlash imkoniyatini berish, ularni yangi kasblar va fanlar bilan tanishtirish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri ekanini alohida taʼkidladi.

Prezidentimiz ilgari surgan ushbu yangiliklar, albatta, mamlakatimiz kasbiy taʼlim tizimida sifat jihatdan yangi bos­qichga qadam qoʻyilganini anglatadi. Ayniqsa, yaqin bir yil ichida 100 ta texnikumda Germaniya, Shveysariya, Xitoy, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya kabi rivojlangan davlatlarning eng ilgʻor dasturlari joriy etilishi nafaqat kasbiy taʼlim sifatini oshiradi, balki yoshlarimizning xalqaro maydonda raqobatbardosh mutaxassislarga aylanishiga zamin yaratadi.

Bundan tashqari, sanoat sohasida 45 mlrd. dollarlik 456 ta yirik loyihaning boshlanishi mamlakatimiz iqtisodiyotidagi jadal rivojlanishni koʻrsatadi. “Investor — tarmoq — texnikum” zanjiri orqali dual taʼlim tizimining joriy qilinishi esa nazariy bilim va amaliy koʻnikmalarni mukammal uygʻunlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Davlatimiz rahbari bu yangilanishlar yosh avlodga keng imkoniyatlar yoʻlini ochishini, ularni jahon maydonida raqobatbardosh kadrlar qilib tayyorlashini alohida taʼkidladi. Har bir yosh oʻz qobiliyati va istaklariga mos ravishda kasb tanlash orqali nafaqat oʻzini rivojlantirishi, balki mamlakat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishi mumkin. Yoshlarning kasbiy bilim va malakalari ularning hayotida farovonlikka olib keladi, oilalar iqtisodiy jihatdan mustahkamlanadi, mahallalarda ijtimoiy muvozanat saqlanadi. Shu bilan birga, bu tashabbus milliy iqtisodiyotimizning barqaror rivojlanishi uchun zamin yaratadi.

Davlatimiz rahbari uchrashuvda oliy taʼlim tizimiga oid fikrlari bilan ham oʻrtoqlashdi. Soʻnggi sakkiz yilda oliygohlar soni 77 tadan 202 taga koʻpayib, talabalar soni 250 mingdan 1,5 millionga yetgani sohadagi tizimli islohotlarning yaqqol isboti ekanligi aytildi. Taʼkidlanganidek, professor-oʻqituvchilar maoshining salmoqli darajada oshirilishi oliygohlar tizimidagi ijodiy va ilmiy salohiyatni yanada ragʻbatlantirishga xizmat qilmoqda. Bu qadam nafaqat bilim sifati va pedagoglarning kasbiy masʼuliyatini oshiradi, balki yoshlarni ilmiy faoliyatga qiziqtirishda ham muhim ahamiyatga ega. Ayni chogʻda bunday davlat siyosati oliygohlardagi oʻquv jarayonining sifatli va samarali boʻlishi, talabalarning kasbiy tayyorgarligi hamda raqobatbardoshligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Uchrashuvda taʼlim va ilmiy rivojlanishning mustahkam uy­gʻunligi orqali yangi Oʻzbekiston barpo etilishi mamnuniyat bilan aytildi. Ayniqsa, “ToshTech”, Bauman universiteti filiali va Olmaliq davlat texnika institutining ochilishi, shuningdek, Xorazmda Al-Xorazmiy universitetiga tamal toshi qoʻyilishi bu yoʻnalishdagi yangi bosqichning boshlanishi ekani eʼtirof qilindi.

Davlat rahbari mamlakatimizdagi ulkan mineral resurslar salohiyatiga alohida toʻxtaldi. Yer osti boyliklari, shu jumladan, neft-gaz qidiruv ishlarining chuqurlashtirilishi va yangi zaxiralar kashf etilishi sanoat rivojida keng imkoniyatlar ochmoqda. Ayniqsa, “Toʻrtinchi sanoat inqilobi” davrida tellur, litiy, selen, grafit, molibden kabi texnologik minerallarga talab jadal oshib bormoqda va bu resurslarni oddiy xomashyo sifatida emas, innovatsion mahsulotga aylantirish bugungi kunning dolzarb vazifasiga aylanganiga alohida eʼtibor qaratildi. Shu jihatdan, Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “Ushbu ulkan resurslarni yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotga aylantirish uchun bizga eng avvalo ilm, bilim va innovatsiya kerak”.

Aniq va qatʼiy qadam

Bugungi global texnologik poygada Oʻzbekistonning raqobatbardosh boʻlishi — faqatgina ilm-fanni oʻzlashtirgan, zamonaviy tafakkur va kasbiy salohiyatga ega kadrlar orqali taʼminlanadi. Bu esa taʼlimning barcha boʻgʻinlarida — maktabdan to texnikum va oliygohgacha kuchli islohotlar hamda aniq maqsadli yondashuvlarni talab etadi.

Shu bois davlatimiz rahbari mamlakatimiz taraqqiyotining poydevorini yaratayotgan fidoyi ustoz va murabbiylarga katta ishonch bildirib, “Bugun Yangi Oʻzbekistonda Uchinchi Renessans poydevorini qurish degan bagʻoyat ulugʻ va sharafli ishni boshlagan ekanmiz, eng avvalo, siz — aziz ustozlar hamda isteʼdodli shogirdlaringizga tayanamiz. Ishonchim komil, sizlar bilan birga chin dildan harakat qilsak, Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot moʻjizasini albatta yarata olamiz. Oldimizga qoʻygan yuksak marralarga sizlar bilan, el-yurtimiz bilan birga albatta yetamiz!” deya taʼkidladi.

Prezidentimiz tomonidan taʼlim sohasi va unda faoliyat yuritayotgan fidoyi ustoz hamda murabbiylarga nisbatan bildirilgan yuksak ehtirom, eʼtirof va ishonch bugungi kunda yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan maʼnaviy taraqqiyot siyosatining yorqin ifodasidir. Bunday yuksak eʼtibor va ishonch, shubhasiz, har bir ustoz va murabbiyni yanada masʼuliyat bilan, yanada sidqidildan mehnat qilishga, yosh avlodni bilimli, vatanparvar hamda har tomonlama yetuk insonlar qilib tarbiyalashga ruhlantiradi.

Davlatimiz rahbarining taʼlim sohasi xodimlariga, ustoz va murabbiylarga koʻrsatayotgan eʼtibori — bu faqat bir sohani emas, balki butun millat kelajagini qoʻllab-quvvatlash, maʼrifat hamda taraqqiyot yoʻlida aniq va qatʼiy qadamlar qoʻyilayotganining yorqin namunasidir.

Bahodir MAʼMUROV,

Buxoro davlat pedagogika instituti rektori,

xalq deputatlari Buxoro shahar Kengashi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер