Urganchdan Rimga ilk bor to’g’ridan-to’g’ri muntazam reyslar yo’lga qo’yildi

11:49 03 Aprel 2018 Iqtisodiyot
2060 0

“O’zbekiston havo yo’llari” MAK tomonidan ilk bor Urganchdan Rim (Italiya)ga to’g’ridan-to’g’ri muntazam reyslar yo’lga qo’yildi. 

Shu munosabat bilan Italiya poytaxtidagi Leonardo da Vinchi nomidagi xalqaro aeroportda ushbu davlatdagi “O’zbekiston havo yo’llari”ning vakolatxonasi, mamlakatimiz elchixonasi hamda aeroport ma’muriyati tomonidan tantanali ochilish marosimi o’tkazildi. 

Tadbirda turistik sektor va ushbu sohaga ixtisoslashgan italiyalik jurnalistlar, yangi parvozning ilk yo’lovchilari qatnashdi.

Unda O’zbekiston rahbariyati tomonidan sayyohlik jabhasini rivojlantirish, xususan, viza va ro’yxatdan o’tish tizimini soddalashtirish, mehmondo’stlik infratuzilmasini takomillashtirish, yangi xizmat va AKT texnologiyalarini joriy etish, turistik zonalar yaratish bo’yicha ulkan islohotlar amalga oshirilayotgani sharofati bilan Apennin yarim orolida ham diyorimizga kelish, uning boy madaniy-tarixiy merosi bilan tanishishga bo’lgan qiziqish ortib borayotgani e’tirof etildi, deb yozadi “Jahon” AA.

“TTG Italia” va “Trasporti-Italia” kabi taniqli nashrlarda ushbu tadbir haqida chop etilgan maqolalarda yangi reyslar O’zbekistonga maksimal qulaylik bilan tashrif buyurishni xohlovchilar uchun ekanligi ta’kidlandi.

Grafik bo’yicha samolyot har seshanba kuni Rimdan soat 20:45da havoga ko’tarilsa, keyingi kun tongida soat 05:45da Urganchga qo’nadi. Ortga amalga oshiriladigan reys Toshkentdan soat 15:20da yo’lga chiqib, mahalliy vaqt bo’yicha soat 07:15da Rimga etib keladi.  

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?