Urganchda yangi tibbiy klinikalar ish boshladi

17:17 17 Fevral 2025 Jamiyat
247 0

Odilbek ODAMBOYEV/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan “Tibbiyot – inson qadri uchun” konsepsiyasi doirasida xususiy tibbiyot muassasalarini rivojlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Misol tariqasida aytadigan boʻlsak, bugungi kunda Xorazm viloyatida 500 dan ortiq xususiy klinikalar aholiga tibbiy xizmat koʻrsatmoqda. Yaqinda ular safiga yana ikkita tibbiyot muassasasi qoʻshildi.

Statistik maʼlumotlar boʻyicha viloyatda yiliga 16 ming nikoh va 43 mingdan ziyod tugʻruq qayd qilinar ekan. Afsuski, bugungi kunda yangi qurilgan oilalarning ayrimlari bepushtlik muammosidan aziyat chekadi. Bepushtlikni anʼanaviy usullar bilan davolash imkoniyati boʻlmagan holatlarda, zamonaviy texnologiyalar, jumladan, EKU amaliyoti orqali tez fursatlarda ijobiy natijaga erishish mumkin. 2019-yilda mamlakatimizda “Fuqarolarning reproduktiv salomatligini saqlash toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi yordamchi reproduktiv texnologiyalar, yaʼni EKU yoʻnalishini amaliyotga tatbiq etish uchun yangi imkoniyatlarni yaratib berdi. Urganch shahrida ish boshlagan “IVF-Medline” EKU markazi ham ushbu yoʻnalishda aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi.

— Qozogʻistonning 30-yillik tajribaga ega Reproduktiv tibbiyot instituti (IRM) va Oʻzbekistondagi “Doktor D” klinikalari bilan hamkorlikda oʻz faoliyatini boshlayotgan ushbu klinika nafaqat Xorazm viloyati, balki qoʻshni davlatlar va viloyatlar fuqarolari uchun ham xizmat qiladi, — deydi klinika rahbari Qudrat Jumaniyozov. — Shu bilan bir qatorda klinikamiz viloyatda tibbiy turizmning rivojlanishiga, oilaviy ajrimlarning oldini olishga ham katta hissa qoʻshadi. Ayni kunda klinikada 20 nafar tibbiy xodimlar ish bilan taʼminlangan boʻlib, kelgusida ish oʻrinlarini yanada koʻpaytirish koʻzda tutilgan.

Urganch shahrida yana bir tibbiy muassasa — “Grand Kardio Pro” xususiy klinikasi ham ish boshladi. Mazkur klinika yurak-qon tomir kasalliklarini erta aniqlash va davolashga ixtisoslashgan boʻlib, AQSH, Rossiya, Xitoy, Germaniya, Janubiy Koreyada ishlab chiqarilgan 74 turdagi tibbiy asbob-anjomlar bilan jihozlangan. Klinikaning kardiologiya, kardiojarrohlik, reanimatsiya boʻlimlarida 44 ta statsionar shifo oʻrinlari mavjud, shuningdek, konsultativ poliklinika, funksional diagnostika va laboratoriya, angiografiya amaliyoti xonasi faoliyat koʻrsatadi.

Klinikada oʻz sohasining yetuk, tajribali mutaxassislari tomonidan 24/7 rejimida tunu kun nafaqat Xorazm viloyati, balki boshqa viloyatlardan keladigan bemorlarga ham yuqori malakali tibbiy xizmat koʻrsatiladi.

Yangi tibbiyot muassasalarining ochilishiga bagʻishlangan tadbirlarda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер