Universitetning bilim va tafakkur yoʻli

20:45 16 Yanvar 2026 Jamiyat
323 0

Bugun yoshlar parvoziga qanot berilayotgan, yosh avlodga har zamongidan-da koʻproq ragʻbat va eʼtibor koʻrsatilayotgan davrda yashayapmiz. Davlatimiz rahbarining ilm-u zakovatli, faol va intiluvchan yoshlarga nisbatan “Uchinchi Renessans bunyodkori”, “Islohotlarni harakatlantiruvchi kuch”, deya ishonch bildirgani har birimizni shu yurtning kelajagi sifatida ilm-maʼrifat kamoloti yoʻlida oʻzni namoyon qilishga ruhlantirmoqda.

Vatanim ishonchi, qoʻllab-quvvatlovini oʻz taqdirim misolida ham koʻrib, Yangi Oʻzbekiston bilan boʻyma-boʻy oʻsib borayotgan istiqlol tengdoshi, kelajagini maʼrifat yoʻlida koʻrayotgan yosh pedagoglardan biri ekanligimdan baxtiyorman. Qalbimda esa orzularimga keng yoʻl ochgan davlatimga, qolaversa, hayotimga ilm-maʼrifat nurini olib kirgan hamda ertangi kun istiqboli uchun katta imkoniyatlar yaratib bergan Fargʻona davlat universitetidan minnatdorlik hissi joʻsh uradi.

Taʼkidlash kerakki, Fargʻona davlat universiteti degan qutlugʻ va sharafli nom nafaqat respublika, balki Markaziy Osiyoda yetakchi oliy oʻquv yurtlaridan biri boʻlib tanilgan. Oʻnlab xalqaro reyting tashkilotlarining eʼtirofi, universitetning jahon taʼlim indikatorlari boʻyicha ilgarilab borayotgani buning isbotidir. Natijada qariyb bir asrlik tarixga ega, ayniqsa, soʻnggi yillardagi katta oʻzgarish va rivojlanishlarga yuz tutayotgan universitetimiz har yili yuzlab, minglab ilm sohiblarini kashf etmoqda.

Universitetda yosh tadqiqotchilarning ilmiy izlanishlariga keng sharoitlar yaratilayotgani, eng zamonaviy taʼlim muhiti yaratib berilganining oʻziyoq yosh olim va olimalar safining kengayishiga, ilmiy salohiyatning sezilarli darajada koʻtarilishiga zamin yaratyapti. Talabalik yillarimdan bugungi oʻqituvchilik faoliyatimgacha boʻlgan davrda universitet mening taqdirimga ham taqdirdosh, maqsadlarimda yoʻldosh boʻla oldi. Qadrdon dargoh yillar davomida tarbiyalab, bugungi kamolimga chin maʼnoda vobasta boʻldi.

Ishonch va imkoniyatlar sabab 2025-yil soʻnggida Alisher Navoiy asarlari tadqiqiga oid ilmiy ishimni muvaffaqiyatli himoya qilib, filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga ega boʻldim. Bu kabi yuksak orzularimning amalga oshishi, sharafli kasbim, ustozlar izidan yurish baxti sababchisi boʻlmish universitetimga, ustozlarimga hamisha taʼzimdaman.

Jonajon universitetning bugungi yuksalishi, oliy taʼlim tizimini tubdan rivojlantirishga qaratilgan islohotlarda faol ishtirok etayotgani barchamizni behad mamnun etadi. Zero, biz tanlagan yoʻl – ilm va maʼrifat yoʻli hisoblanadi. Yuksak bilim va tafakkurga ega barkamol avlod esa yurt kelajagini taʼminlovchi kuch-qudrat manbai hamda eng ishonchli investitsiyadir.

Gulruh TILLABOYEVA,

Fargʻona davlat universiteti oʻqituvchisi,

filologiya fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?