Uygʻonish faslining farzandlari

“Subhidam chogʻi uygʻonishda baraka bor”, deydi xalqimiz. Bu bejiz emas. Tongning sokin va sof tabiati kishi ruhini poklaydi, diqqatini jamlaydi. Osmon qopqasini yorita boshlagan quyoshning zarrin nurlari qalbning, ongu shuurning eng chuqur puchmoqlarini-da ziyoga chulgʻaydi.
Poklik, soflik, ruhiy tetiklik, xotirjamlik, diqqatni bir nuqtaga qarata olish, ochiq fikrlilik, teran tafakkur, fidoyilik esa inson uchun chinakam kuch-qudrat manbaidir.
Demak, hamma gap erta uygʻonishda! Bu odat qalb bedorligi bilan chambarchas. Yaʼni maʼnan uygʻoq insonning boshiga yumshoq bolish ham botadi. Chunki u nafaqat oʻz orzu-maqsadlari yoʻlida tirishqoq boʻladi, balki oʻzgalarning ham muammolarini xuddi oʻziniki kabi bilib, ularni hal etish ustida qaygʻuradi, tinmay bosh qotiradi. Bunyod qilish, yaratish, yashnatish maqsadida orom bilmaydi. Qisqacha aytganda, doim el-yurt gʻamida yashaydi, doʻstu yaqinlari, mahalladoshlari, oʻzi yashayotgan tuman, viloyat, butun mamlakat taqdiriga daxldorlik, masʼullik his etadi.
Maʼnan uygʻoqlik — faqat ogohlik, har bir voqelikka tiyrak nazar bilan umr oʻtkazish emas, hayotni teran tushunish, olam va odam sir-sinoatlarini anglash, oʻzgalarga yaxshilik qilish, bu dunyoda oʻzidan ezgu nom qoldirishga intilishdir. Shu maʼnoda, qalb koʻzi ochiq inson havoyi orzu-istaklarga berilmaydi, nafsini jilovlay biladi. Qonunbuzarlikka, adolatsizlikka yoʻl qoʻymaydi. Insonni qadrlaydi, millat dardini aritishga, Vatan shaʼnini ulugʻlashga bel bogʻlaydi.
Maʼnaviy bedorlik kasb, yosh va jinsga, diniy eʼtiqodga bogʻliq emas. Maktabdagi muallimlar ham, shifoxonadagi oq xalatli najotkorlar ham, yoki deylik, ishlab chiqarish vakillari, tadbirkoru hunarmandlar, daladan baraka undirayotgan fermeru dehqonlar ham ana shu tolega musharraf boʻlsa, oʻz ishini sidqidildan, gʻoyat mohirlik bilan qiladi. Bu orqali mamlakat taraqqiyotiga, jamiyatdagi barqarorlikka, farovonlikka hissa qoʻshadi.
Shu bilan birga, katta hayotga endi qadam qoʻygan yosh yigit-qizlar oʻz taqdiri shu Vatan taqdiri bilan chambarchas ekanini chuqur tushunib, uning ertasi bugunidan-da obod boʻlishi yoʻlida butun borligʻini bagʻishlashi mumkin. Koʻpni koʻrgan, yoshi ulugʻ inson umrning oʻtkinchiligini, mamlakat fidoyilik, qatʼiyat va kurashuvchanliksiz rivojlana olmasligini anglagan holda bor bilim va tajribasini umummilliy taraqqiyotga safarbar etayotganiga koʻp-da guvoh boʻlamiz.
Yoki aksincha, yon-berimizda har daqiqasi oltinga teng vaqtdan, yoshlik quvvatidan samarali foydalanmay, umrining bahorini huda-behuda ishlarga sarf qilib yuborayotganlar ham, “men shuncha ishlab qoʻydim, endi hordiq chiqarib yursak ham boʻlaveradi” qabilida choyxonama-choyxona yurib, gap-gashtakdan boʻshamayotganlar ham uchraydi.
Koʻngil koʻzi ochiq boʻlsa...
Darhaqiqat, hayotda oq va qora, ezgulik va yovuzlik, kamtarlik va kibr, bunyodkorlik va vayronkorlik kabi tushunchalar doim yonma-yon boʻlganidek, maʼnaviy bedorlik bilan beparvolik, boqimandalik, loqaydlik, dangasalik, tanballik, boqibegʻamlik hamisha baqamti yuradi.
Tarixda millatparvar sultonlar, olimlar, mutafakkirlar, shoiru naqqoshlar, bogʻbonu sohibkorlar — umuman, kasb-koridan qatʼi nazar, fikri uygʻoq insonlar bashariyat taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshib, qator tamaddunlarni yuzaga keltirgan boʻlsa, qalb koʻzi basir kaslar ushbu sivilizatsiyalarning yemirilishiga, iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy tanazzulga, ezgu tushunchalar zavoliga sababchi boʻlgan.
Shu bois sohibqiron Amir Temur bobomiz oʻz tuzuklarida “Tajribamda koʻrilgankim, azmi qatʼiy, tadbirkor, hushyor, jang koʻrgan, mard, shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz, loqayd kishidan yaxshiroqdir”, deya ulugʻvor maqsadlar roʻyobi yoʻlida kimlarga tayanish mumkinu kimlardan uzoqroq boʻlish zarurligi haqida oʻgit beradi.
Inchunin, sobiq ittifoq davrida xalqimizning tadbirkor, boy, chinakam ilm-maʼrifatli boʻlishiga yoʻl qoʻyilmadi. Oʻzlikni anglashga, tarixni xolis va haqqoniy oʻrganishga, dunyoga chiqishga, jahon bilan integratsiyalashishga toʻsqinlik qilindi. Inson qadri, huquq va manfaatlari, milliy-maʼnaviy fazilatlari, gʻururi toptaldi. Odamlarning fikri, tafakkuri, dunyoqarashi, qadriyatlari mafkuraviy qoliplarga solindi. Xalqimizning turish-turmushi, erku ozodligi, istak-intilishlari sobiq markaz hukmiga boʻysundirildi.
Vatanimiz mustamlaka boʻlgan davrda xalqimizning ziyoli vakillari, istiqlol tarafdorlari, maʼrifatparvar, fikri uygʻoq insonlar turli ayblovlar bilan tinimsiz qatagʻon etib turilgani bejiz emas. Chunki hukmron kuchlarga mustaqil mulohaza yuritadigan, el-yurt ertasini oʻylaydigan, vatanparvar, millatsevar insonlar kerak emas edi. Jamiyatdagi koʻzboʻyamachiliklarni, qabihliklarni, zulm va zoʻravonlikni koʻngil koʻzi bilan koʻrib, qarshi turadiganlar ularga faqat xalal berardi.
Bundan tashqari, xususiy mulkning yoʻqotilishi, hammani teng qilishdek soxta mafkura sabab alaloqibat odamlarda tashabbuskorlik, gʻayrat-shijoat soʻndi. Jamiyatda boqimandalik kayfiyati keng yoyildi, loqaydlik, suiisteʼmolchilik, hafsalasizlik ildiz otdi.
Taassufki, bu illatlar milliy zehniyatimizga, feʼlu sajiyamizga shu qadar chuqur singib ketgan ekanki, xalqimiz oʻz mustaqilligini qoʻlga kiritganidan keyin ham ayrim yurtdoshlarimiz oʻtmish asoratlaridan hali ham toʻla qutula olgani yoʻq. Ular uzzukun qorin gʻamida, umrim rohat-farogʻatda, aysh-ishratda oʻtsa boʻldi, degan tushunchada. Bunday kimsalarga biror davlat idorasida mansab tegib qolsa bormi, xalq mulkini talashdan, choʻntagini qappaytirishdan, qay yoʻl bilan boʻlmasin, yetti pushtiga yetadigan boylik toʻplashdan boshqasini bilmaydi. Oʻziga yuklatilgan vazifalarni sidqidildan bajarish, xalqqa xizmat qilishni unutadi. Oqibatda tezda odamlarning gʻazabiga, nafratiga uchraydi. Bu bilan kishilarda nafaqat oʻzi ishlayotgan idoraga, balki davlatga, olib borilayotgan islohotlarga nisbatan ham ishonchsizlik uygʻotadi.
Yangilanishlar ibtidosi
Prezident Shavkat Mirziyoyev davlat rahbari sifatida faoliyat boshlagan ilk kunlardanoq mamlakatimizda iqtisodiy-ijtimoiy, maʼnaviy-maʼrifiy hayotni, xalqning turmush tarzini yangilash bilan birga, odamlarning tafakkurini oʻzgartirishga, dunyoqarashini isloh etishga alohida eʼtibor qaratib kelyapti. Binobarin, inson oʻzgarmas, uning fikr va qarashlari isloh qilinmas ekan, jamiyatda biror yangilanish yuz berishi mushkul. Islohotlar ijrosi ongli tarzda bajarilsagina koʻzlangan maqsadlarga nisbatan oson va mukammal erishiladi.
Davlatimiz rahbarining butun jamiyatni yangilash, odamlarning dunyoqarashini oʻzgartirish, xalqimizning ruhini uygʻotish, butun kuch-qudratini roʻyobga chiqarishga qaratilgan ulugʻvor maqsadlari Yangi Oʻzbekistonni bunyod etish hamda uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyalarida mujassam topdi.
Shavkat Mirziyoyev “Yangi Oʻzbekiston strategiyasi” asarida taʼkidlaganidek, “Yangi Oʻzbekistonni barpo etish — bu shunchaki xohish-istak, subyektiv hodisa emas, balki tub tarixiy asoslarga ega boʻlgan, mamlakatimizdagi mavjud siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, maʼnaviy-maʼrifiy vaziyatning oʻzi taqozo etayotgan, xalqimizning asriy orzu-intilishlariga mos, uning milliy manfaatlariga toʻla javob beradigan obyektiv zaruratdir.
Biz bu yoʻlda islohotlarimizning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan jamiyatimiz aʼzolarining bor bilim va salohiyati, kuch va imkoniyatlarini, butun azmu shijoatimizni ishga solishimiz zarur. Shundagina Yangi Oʻzbekiston jahon maydonida kuchli salohiyat, munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan, har tomonlama obod va farovon mamlakatga aylanadi”.
Prezidentimiz bu ezgu maqsad yoʻlida toʻqqiz yildan buyon qanday olamshumul ishlarni amalga oshirayotganini, ularning hayotbaxsh samaralarini bugun barchamiz koʻrib, bilib turibmiz. Bu oʻzgarishlar tinch-totuv, farovon hayotimizda, orzu-istaklarimiz roʻyobida oʻzining ifodasini topmoqda. Oʻzbekistonda yangi uygʻonish fasli boshlanganini dunyo ahli ham, xalqaro ekspert va mutaxassislar ham birdek eʼtirof etmoqda.
Darhaqiqat, Oʻzbekiston uygʻonish fasliga qadam qoʻydi. Bu shunday faslki, unda atrof-muhit jonlanib, shaharu qishloqlarimizning koʻrku jamoli yangilanmoqda, hayotimizda sifat oʻzgarishlari yuz bermoqda, insonlar ongi, dunyoqarashi, millat ruhi ham uygʻonmoqda.
Chinakam ozodlik, erkinlik, hurlik nafasi odamlarimiz uzoq yillar orziqib kutgan baxtni — emin-erkin yashash, adolatli jamiyat qurish, mustaqil harakatlanish, hech narsadan choʻchimay soʻz aytish, xohish-istaklarini boshqalarga bildirish, xuddi ozod qush kabi koʻkda parvoz qilishdek saodatni tuhfa etmoqda.
Jamiyatda ochiqlik, oshkoralik, demokratik tamoyillar mustahkamlanib boryapti. Prezidentimizning qatʼiy siyosiy irodasi bois davlat organlari xalqqa xizmat qiladigan idoralarga aylandi. Bir vaqtlar oddiy insonlarga hatto soyasini ham koʻrsatmaydigan turli idoralar rahbarlari, hokimlarni bugun hamma taniy boshladi. Ular oʻz faoliyati boʻyicha oddiy xalqqa, ularning parlament va hududiy kengashlarga saylab qoʻygan vakillariga hisob berishga majbur boʻlmoqda.
Kishilar oʻz haq-huquqini talab qilishni oʻrgandi. Xalq bilan muloqotning samarali mexanizmi yaratilgani tufayli yurtdoshlarimizga oʻz fikr-mulohazalarini, taklif va tashabbuslarini, muammolarini mutasaddilarga ovoragarchiliklarsiz yetkazish imkoniyati paydo boʻldi.
Xalq qabulxonalari, Prezidentning virtual qabulxonasiga kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda maʼlum boʻldiki, odamlar taʼlim, sogʻliqni saqlash, iqtisodiyot yoʻnalishlarida aniq-aniq masalalarni koʻtarib, ular boʻyicha tizimli yechimlarni ham taklif etmoqda. Aholi maktab, bogʻcha va shifoxonalarning koʻpaytirilishini, taʼlim va tibbiyot sifati oshirilishini, mahallada yoʻl, suv, elektr, transport muammolarining hal qilinishini, ish oʻrinlari yaratilishini, tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar berilishini, adolat taʼminlanishini, byurokratiya va korrupsiyaning yoʻq qilinishini talab etmoqda.
Davlatimiz rahbari esa bu masalalarning hech biriga befarq emas. Turli yigʻilishlarda, oʻz chiqishlarida bu kabi muammolarni hech kim chetdan kelib, hech qachon hal qilib bermasligini, insonlarning dardu tashvishlarini aritish odamiylikning eng oliy mezoni ekanini taʼkidlamoqda. Mutasaddilardan ularning ijrosini qatʼiy talab etmoqda. Odamlarimizning tashabbusi, shijoati va salohiyatini ishga solish uchun barcha sharoitni yaratib berishga harakat qilmoqda.
Rahbarlik — Vatan oldidagi masʼuliyat
Haqiqatan ham, maʼnaviy uygʻonishda — islohotlarni hamjihatlikda, yuksak salohiyat va qunt bilan roʻyobga chiqarishda yangi tafakkurga ega fidoyi insonlar va masʼuliyatli rahbarlar hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Bugun yurtimizda qadriyatlar, mezonlar, oʻlchovlar oʻzgargan. Ilgari kishining obroʻ-eʼtiborini, qadr-qimmatini uning lavozimi, mavqei belgilagan boʻlsa, bugungi kunda fidoyilik va mehnat asosiy mezonga aylandi.
Endi rahbarlik — bu imtiyoz emas, Vatan oldidagi masʼuliyat, sinov va xizmat maktabi.
Zotan, haqiqiy uygʻonish ana shu fidoyi mehnatdan boshlanadi. Kechagi davrda katta amal deganda hashamat, nutq va koʻrgazmali yigʻilishlar tushunilardi. Ammo bugungi zamonda rahbar — xalq bilan, xalq orasida boʻlishi kerak. Shiddatli oʻzgarishlar davri rahbardan faqat boshqaruv emas, balki bunyodkorlik, mehnatsevarlik va vijdon talab etadi. Kim xalqqa xizmat qilsa — oʻsha chinakam yetakchi. Masʼuliyatdan qochgan esa amaldan ham ayriladi.
Sobiq ittifoqdan qolgan “har viloyatning rahbari oʻzidan boʻlsin” degan qarash ancha yil yashadi. Ammo bugungi hayot isbotladiki, salohiyat, bilim va fidoyilik hech qanday geografik chegarani tan olmaydi.
Prezidentimiz izidan borib, bu insondan oʻrnak, ibrat olib, butun Oʻzbekistonning har qarich yeri mening Vatanim deya yashayotgan, uning obodligi uchun bor bilim va iqtidorini safarbar etayotgan jonkuyar rahbarlar oramizda koʻp.
Masalan, Samarqand viloyatida tugʻilib Navoiy, Surxondaryo va Samarqandda faoliyat koʻrsatgan, hozir esa Sirdaryoda quvonarli natijalarga erishayotgan rahbarning tajribasi — haqiqiy yetakchilik qudrati tugʻilgan joyda emas, vijdon va sadoqatda ekanini namoyon etadi.
Yoki soʻnggi yillarda Toshkent viloyatining islohotlar markaziga aylangani ham bu hududning rahbari qanday inson ekanining barometridir. Bu kishi jonkuyar, tashabbuskor, mehnatsevar, vatanparvar boʻlmasa, davlat rahbari qoʻyayotgan talablarni sidqidildan bajarmasa, hududning koʻrki, iqtisodiyoti, ijtimoiy hayotidagi bugungi misli koʻrilmagan yangilanishlar qayoqda edi?!
Yaqinda ushbu viloyatda boʻlib oʻtgan bir tadbirda ishtirok etgan yoshi ulugʻ inson Abdusamat Nosirov shunday dedi:
“Prezidentimiz hamma sohada — iqtisodiyotda, ijtimoiy hayotda, kadrlar siyosatida yangi davrni boshlab berdi. Viloyatimiz misolida bu yaqqol koʻrinadi. 40-yil muhokama qilingan masala — viloyat markazini Nurafshonga koʻchirish amalga oshdi. Endi 22 tumanda ham katta oʻzgarishlar koʻzga tashlanmoqda”.
Bu soʻzlar xalqning qalbidan chiqqan samimiy baho. Viloyatning qiyofasi oʻzgardi, yangi korxonalar, yangi infratuzilmalar paydo boʻldi.
Bunday natija tasodif emas — bu Prezidentimizning qatʼiyati, fidoyi rahbarlarning mehnati samarasidir.
Gʻayrat va himmat mevasi
Oʻzbekiston zamini — Yaratganning nazari tushgan, muqaddas zamin. Bu tuproqda ne-ne allomalar kamolga yetgan, jahon tamadduniga ulkan hissa qoʻshilgan. Ammo qariyb bir asr davomida bu yurt mustamlakachilik ostida yashadi, milliy gʻurur va ozodlik hissi bosimga olindi.
Endi esa istiqlol shabadasi va yangi tafakkur uni qayta tiriltirdi. Millat oʻz kuch-qudratini angladi, oʻzligini taniy boshladi. Bu ulugʻ dargʻalarimiz — jadidlar orzu qilgan kunlarning roʻyobi.
Mehnat, fidoyilik va sadoqat — bu uygʻonishning asosiy ustunlaridir. Fidoyilik faqat soʻz emas, balki hayot falsafasi. Inson kindik qoni tomgan tuproqni sevsa, uning har hovuchini muqaddas bilsa, ana oʻsha muhabbat uni yaratishga undaydi.
Bu haqda Navoiy hazratlari besh asr avval yozgan satrlar hanuz dolzarb:
“Tuxm yerga kirib chechak boʻldi,
Qurt jondin kechib ipak boʻldi.
Lola tuxmicha gʻayrating yoʻqmu?
Pilla qurticha himmating yoʻqmu?”
Ha, bugun har bir insondan ana shunday gʻayrat, shunday himmat talab qilinadi.
Fidoyilik — mehnatga sadoqat, vijdonga suyangan xizmatdir.
Yoshi ulugʻ otaxon Atamurod Davletmuratov shunday yodga oladi:
“Avvallari koʻplab rahbarlar faqat mansab uchun ishlardi. Ular ketgach, xalq orasida yaxshi gap eshitilmasdi. Ammo halol va pok insonlar ham bor edi. Bugun shunday rahbarlar koʻpaymoqda”.
Nuroniy otaxon soʻzini davom ettirib oʻz kuzatuvini shunday izohlaydi:
“Ilgarigi siyosatda rahbarlik ishi vaqtincha deb qaralardi. Endi esa Prezidentimiz rahbarlikni fidoyilik asosiga qurdi. Shu sabab yurtimizda haqiqiy oʻzgarishlar yuz bermoqda”.
Bu fikrlar — xalq ongidagi ijtimoiy burilish namunasi. Yangilanish ruhi endi har tumanda, har shaharda sezilmoqda. Bugun rahbarlar ham, xalq ham uygʻonmoqda. Ular yurtini oldingidan ham koʻproq sevmoqda.
Inson yurtiga muhabbat qoʻysa, vijdon bilan xizmat qilsa, ana shu odam — haqiqiy uygʻonish faslining farzandi. Bunday insonlar koʻp boʻlsa, yurtning kelajagi yorugʻ boʻladi.
Ana shunday mehr-muhabbat bilan yashagan inson — eng baxtiyor va eng yuksak insondir.
Toʻgʻri, bugun mamlakatimizda hali hal qilinishi lozim boʻlgan masalalar bisyor. Eng muhimi, ular tan olinib, yechimi qidirilmoqda. Muammolarni bartaraf etish oʻz qoʻlimizda ekanini anglab turibmiz.
Hozirgi kunda xalqaro ekspertlar tomonidan Yangi Oʻzbekistonga “Uygʻonayotgan arslon”, deya taʼrif berilayotgani bejiz emas. Yurtimiz oʻzining beqiyos kuch-qudratini namoyon etib, jahonda oʻz soʻzi, oʻz ovoziga ega boʻlib bormoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yaqinda boʻlib oʻtgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida, Turkiy davlatlar tashkiloti sammitida, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi Davlat rahbarlari kengashi majlisida bildirgan taklif va tashabbuslari xalqaro jamoatchilik tomonidan katta qiziqish bilan kutib olingani soʻzimizning isbotidir.
Xalqimiz oʻzligini, qanday buyuk ajdodlarning vorisi ekanini anglab, nurafshon manzillar sari dadil odimlayotgani — odamlarimizning tafakkuridagi uygʻoqlik, fikr-mulohazalaridagi nekbinlik yorugʻ istiqbolimizdan darak. Bular — Prezidentimiz ilgari surgan uchinchi Renessans poydevorini yaratish gʻoyasi roʻyobining qutlugʻ nishonalaridir.
Shubhasiz, uygʻonish faslining farzandlari — ertamizning ishonchi, kelajagimiz bunyodkorlaridir. Bugun islohotlarga kamarbasta boʻlayotgan, zamon talabini anglagan va ularga javob berishga intilayotgan, qalbi bedor bu insonlar har birimizda faxr-iftixor uygʻotadi. Quvonch va hayajon yuraklarni toʻlqinlantirib, qoʻlga qalam tutadi:
Fasllar ichida fasl koʻp aʼlo,
Bir fasl bor bunda ammoki tanho,
Umidu ishonchi koʻngillarga jo,
U bilan hamnafas boʻling doimo,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Havas uygʻotadi shijoatingiz,
Isteʼdod, bilimu mahoratingiz,
Dunyoni lol qilsin jasoratingiz,
Soʻnmasin sira qalb haroratingiz,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Mehnatu zahmatda yashab erta kech,
Koʻrmadim bir lahza tinganingiz hech,
Siz mudom intilish, ishtiyoqqa esh,
Ehtimol, shundadir har ishingiz besh,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Xizmatim shu Vatan, el uchun deysiz,
Nurafshon va porloq yoʻl uchun deysiz,
Baland koʻtarilgan qoʻl uchun deysiz,
Yurak uchun deysiz, dil uchun deysiz,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Axir mudraganning ertasi yoʻq-ku,
Na boshi, oxiri, oʻrtasi yoʻq-ku,
Yurt shonin ilarga yelkasi yoʻq-ku,
Siz esa oʻktamsiz, dil toʻla choʻgʻ-ku,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Oʻzga yurt boyligi — koʻrinmas bir chang,
Koʻzingni aldaydi koʻnglingga solsang,
Deyman, shu Vatanda yashangiz, tolmang,
Bittangiz ham aslo qatordan qolmang,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Oʻzlikning ruhi bor kentu vohada,
Siz javlon urasiz barcha jabhada,
Ilgʻor va abjirsiz har bir sohada,
Kim qolmoq istaydi sizdan orqada?!
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Ajdodlar uygʻonmoq yoʻrigʻin bilgan,
Sizga uning ilmin chin meros qilgan,
Turgʻazing, kimki bor bunda qoqilgan,
Zamon bugun sizday mardni sogʻingan,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Dunyo minbarida yurtim ovozi,
Chorlaydi dillarga tinchlik havosin,
Ortadir jahonning ishonch, havasi,
Unga baxsh etasiz ilhom nafasin,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Olgʻa yuring doim shahd bilan birga,
Sergak turing doim ahd bilan birga,
Yashnang, kuling doim baxt bilan birga,
Yuksaling zamonu vaqt bilan birga,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Bu zamin, bu tuproq etu tirnoqdir,
Ne-ne zahmatlarga asl guvohdir,
Uni sizga siylab berdi bu taqdir,
Ishingiz dillashmoq va birlashmoqdir,
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Yorugʻ kunda erta nishonasi bor,
Kelajak umidi qalblarda poydor,
Biringiz burgutsiz, biringiz-chi sor,
Men esa degayman takror va takror:
Istiqlol nurining dilbandlarisiz,
Uygʻonish faslining farzandlarisiz!
Oʻtkir RAHMAT.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring