Uychi tumanining bogʻ qator oralariga toʻqsonbosti ekinlar ekish boʻyicha tajribasi oʻrganildi

16:53 19 Noyabr 2025 Jamiyat
147 0

Namangan viloyatining Uychi tumanida yerlar samaradorligini oshirish, jumladan, bogʻ va tokzor qator oralaridan oqilona foydalanish boʻyicha yetarli tajriba toʻplangan. Tuman fermerlari bundan tashqari adirliklarda dehqonchilik qilish imkoniyatlarini ham toʻla –toʻkis ishga solishmoqda. Bu yerda oraliq (toʻqsonbosti) ekinlar ekish va ular agrotexnikasini toʻgʻri amalga oshirish orqali qishloq xoʻjalik mahsulotlari yetishtirishni koʻpaytirish boʻyicha respublika mintaqaviy seminari oʻtkazildi. “Komiljon Nabiyev” nomli bogʻdorchilik fermer xoʻjaligida tashkil etilgan mazkur tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Fermerlar kengashi raisi A.Hayitov rahbarligida Andijon, Fargʻona, Namangan viloyatlari mutasaddilari, soha mutaxassislari, fermerlar ishtirok etdilar.

Amaliy ravishda oʻtkazilgan seminarda ishtirokchilarga mazkur xoʻjalikning 5 gektarlik maydonida toʻqsonbosti ekinlari ekish va ular parvarishini toʻgʻri tashkil etish boʻyicha amalga oshirilgan ishlar koʻrsatildi. Xoʻjalikning bir gektar maydonida 400 tup bodom, 2 gektar bogʻida 550 tup olxoʻri mavjud. Bogʻ qator oralarida sabzavot ekinlari ekib, parvarishlanadi. Ayni vaqtda 3 gektar maydondagi bogʻ qator oralarida piyoz baravj rivojlanmoqda.Umuman olganda, Uychi tumanidagi mavjud 72 ta bogʻ va uzumchilik yoʻnalishidagi fermer xoʻjaliklarida 875 gektar maydon boʻlib, hozirda ularning 510 gektariga toʻqsonbosti ekinlar joylashtirilgan va parvarish qizgʻin davom ettirilmoqda.

-Biz ham bogʻ va tokchilikka ixtisoslashgan 170 ta fermer xoʻjaligida qator oralari dehqonchiligini yoʻlga qoʻyganmiz, -deydi seminar ishtirokchisi, Andijon viloyatidagi Boʻston tuman fermerlar kengashi raisi oʻrinbosari Noibjon Toʻychiyev. – Ularda ekiladigan toʻqsonbosti ekinlarning gektaridan 15-20 tonnagacha hosil olamiz. Bugun Uychida adir yerlarda piyoz yetishtirish boʻyicha toʻplangan tajribani ham oʻrganib, uni oʻzimizda keng qoʻllashni niyat qildik.

Oʻzaro muloqot shaklida oʻtkazilgan tadbirda har bir qarich yerdan samarali foydalanish bozordagi narx-navo barqarorligi, oziq-ovqat xavfsizligi va aholi bandligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Seminarda Prezidentning agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Shuhrat Gʻaniyev ishtirok etdi va muhim vazifalarni belgilab berdi.

Qudratilla NAJMIDDINOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?