Uchquduqda feruza toshlari oʻzlashtirilmoqda
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Uchquduqda xorijlik sarmoyador ishtirokida feruza toshlarini qazib olish va qayta ishlashga qaratilgan loyihaga start berildi.
Tafsilotlarga toʻxtalishdan oldin feruza toshlari haqida qisqacha maʼlumot bersak, ushbu noyob tosh zargarlik sanoati va sanʼatida juda qadim zamonlardan qadrlanadi. Ayniqsa, ayollarning turli taqinchoqlariga mazkur tosh yordamida zeb berilishi uning qiymatini bir necha oʻn baravarga oshirib, eng yaxshi sovgʻaga aylantirgan.

Qadimda hukmdorlarning tojlariga ham feruza toshlari qadalib, Yevropa mamlakatlarida saltanatning ulugʻvorlik, Sharqda esa balo-qazolardan asrovchi tumor sifatida qadrlangan.
— Feruza toshlari bugungi kunda ham oʻz qadrini yoʻqotmagan, — deya taʼkidlaydi Oʻzbekiston amaliy sanʼat va hunarmandchilik tarixi davlat muzeyi bosh mutaxassisi Mirsaidxon Mirsadillayev. — Tibetliklar uni alohida qudratga ega deb eʼzozlashsa, musulmon olami poklik, begʻuborlik va oilaviy baxt tilsimi ramzi, hind tabobati esa tomoq va qalqonsimon kasalliklar davosida samarali vosita sifatida koʻrishadi.

Shimoliy Qizilqumda feruza toshlarining ulkan zaxiralari topilishi hamda mamlakatimiz investitsiyaviy jozibadorligining oshishi xorijiy sarmoyadorlar eʼtiborini tortmoqda. Xususan, tayvanlik investor Rey Xung tomonidan “JU SHI XING CHENG” MCHJ xorijiy korxonasiga asos solinib, uni sanoat yoʻli bilan oʻzlashtirishga kirishildi.
Konda ekskavatorlar dastlabki rudani yerdan uzib olish tantanalarida tayvanlik investor va Uchquduq tumani hokimi Uchqun Yelmurotov ishtirok etib, 5 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya hisobiga 2025–2026-yillarda amalga oshiriladigan ushbu loyiha feruza toshini qazib olish, ularni qayta ishlash orqali yangi ish oʻrinlarini yaratishi, tuman iqtisodiyotiga katta hissa qoʻshishini taʼkidladilar.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring