Uchkoʻprikdagi ekologik tashabbus

14:33 20 Noyabr 2025 Jamiyat
157 0

Uchkoʻprik tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi bugungi kunda oddiy koʻchat ekish tadbiri emas, balki boshqaruv, parvarish, nazorat va jamoat ishtirokini birlashtirgan bir butun ekologik tizim sifatida shakllanmoqda. Kuzgi mavsumda qariyb 600 ming tup koʻchat ekish rejasi belgilangan. Bu ishlar samarali boʻlishi uchun joriy yildan boshlab tumanda yer tanlashdan tortib koʻchat parvarishi, sugʻorish tizimi, oʻgʻit bilan taʼminlashgacha boʻlgan jarayonlar yagona tizimga birlashtirildi. Bunday yondashuv avval kuzatilgan “son uchun ekish” amaliyotidan voz kechib, sifatli va oʻsib qolish darajasi yuqori boʻlgan yashil muhit barpo etishga xizmat qilmoqda. Shu bilan birga, mahalliy iqlim sharoitiga mos mevali va manzarali daraxt turlarini tanlashda ham aniq ilmiy asoslangan yondashuv qoʻllanilmoqda.

Uchkoʻprik tumani markaziy koʻchalarida noyob manzarali kashtan koʻchatlarini ekish ishlari boshlab yuborildi. Kuzgi mavsum uchun belgilangan 600 mingdan ziyod koʻchatning salmoqli qismi Quva tumanidan yetkazilmoqda. Mahalliy fermerlar esa 35 mingdan ortiq tut niholini tayyorlagan. “Qorayantoq” va “Navroʻz” mahallalari aholisining terak koʻchatchiligi boʻyicha tajribasi esa endilikda Markaziy Fargʻona hududidagi mahallalarga ham tatbiq etilmoqda.

– Tumandagi 51 ta mahallada 487 ta koʻcha va 50 mingdan ziyod xonadon mavjud, – deydi Oʻzbekiston mahallalari uyushmasi Uchkoʻprik tuman boʻlimi boshligʻi Sattorxoʻja Akbarov. – Ayni paytda har bir xonadonda, har bir koʻchada daraxt ekish ishlari ommaviy tus olmoqda. “Katta Qashqar” mahallasining oʻz bogʻi tashkil etilgani, yaqin kunlarda yana oʻndan ortiq mahallada yangi bogʻlar barpo etilishi, loyihaning haqiqiy jamoaviy jarayonga aylanganini koʻrsatadi. Bu nafaqat koʻkalamzorlashtirish, balki aholida ekologik madaniyat va oʻz hududiga masʼuliyatni ham kuchaytiradi.

Oʻtgan yili “Bogʻu boʻston” mahallasining 20 sotix maydonida “Mening bogʻim” loyihasi doirasida aholi hordiq chiqarishi uchun qulay yashil hudud barpo etilgandi. Qoʻqon oʻrmon xoʻjaligi mutaxassislari bu yerdagi nihollarning muntazam parvarishini taʼminlab kelmoqda. Mahallada “Yashil jamoat parki”ning tashkil etilgani jamoaviy bogʻ barpo etish madaniyatini yangi bosqichga olib chiqdi. Kelgusi yili “Mehnatobod” mahallasini ham ana shunday loyihalar kutib turibdi.

– Bundan buyon har bir koʻchatni ekishdan oldin sugʻorish tizimi mavjudligi, uning parvarishi boʻyicha masʼullar biriktirilishiga jiddiy eʼtibor berilyapti, — deydi Uchkoʻprik tumani ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boʻlimi boshligʻi Davronbek Rahimov. — Shu tarzda ekilgan har bir daraxt “Yashil makon” elektron platformasiga kiritilib, uning keyingi taqdiri qatʼiy nazoratga olinishi taʼminlanyapti.

Uchkoʻprikdagi ekologik tashabbus faqat davlat va mahallaning emas, balki xususiy sektor hamda faol ziyolilarning hamkorligida amalga oshmoqda. “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasidagi uchta korxona atrofida “Yashil belbogʻ”lar yaratilgani buning yaqqol misolidir. Shu bilan birga, 1-umumtaʼlim maktabida “Ustozlar bogʻi” tashkil etilgani va oʻqituvchi-oʻquvchilarning unda faol ishtirok etishi ekologik tarbiya amalda yanada boyib borayotganini koʻrsatadi.

Botir MADIYOROV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?