Uchinchi Renessans poydevorini yaratish orzusini uygʻotgan zamin
Pokistonlik mashhur, yozuvchi va jurnalist Muhammad Abbos Xon “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asarida Prezident Shavkat Mirziyoyevning Amerika Qoʻshma Shtatlariga 2017-yildagi tashrifi BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqiga toʻxtalar ekan shunday taʼriflaydi.
“Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasidagi nutqi millionlab musulmonlarning qalbini cheksiz faxr-iftixorga toʻldirdi.
Mamlakat yetakchisi oʻz nutqida jahon hamjamiyatiga islom dinining asl insonparvarlik mohiyatini yetkazishni eng muhim vazifa, deb bilishini taʼkidladi: “Biz muqaddas dinimizni azaliy qadriyatlarimiz mujassamining ifodasi sifatida behad qadrlaymiz. Biz muqaddas dinimizni zoʻravonlik va qon toʻkish bilan bir qatorga qoʻyadiganlarni qatʼiy qoralaymiz va ular bilan hech qachon murosa qila olmaymiz”, — dedi u dunyo mamlakatlari rahbarlariga murojaat qilib.
Prezident Shavkat Mirziyoyev muqaddas dinimizning asl mohiyati — mehr-oqibat, tinchlik va haqiqatni yoqlab, uni jasorat va sharaf bilan himoya qildi. Men uni Islom olamining XXI asrdagi vijdon ovozi, deb bilaman” – deydi muallif oʻz asarida.
Shuningdek, muallif fikrini davom ettir ekan, “Uning soʻzlarini tinglar ekanman, menda beixtiyor shunday savol tugʻildi: qanday muqaddas va muborak zaminda bunday yetuk shaxs yetishib chiqdi? U bir vaqtning oʻzida millionlab odamlarning ongi va qalbiga yetib boruvchi chuqur maʼnaviy va intellektual kuchni qayerdan oldi ekan?
Shavkat Mirziyoyev jannatmakon diyor – Jizzax viloyatida joylashgan Zominda tugʻilib oʻsgan. Qadimgi Zomin haqida koʻplab kitoblar va ilmiy asarlar yozilgan. Bu maskanda koʻplab islom mutafakkirlari yashab ijod qilgan zamin boʻlib, balki yosh Shavkat Mirziyoyevning qalbiga ana shu zaminda yashagan buyuk donishmandlar ruhi ilhom bagʻishlab, unda Uchinchi Renessans poydevorini yaratish orzusini uygʻotgan boʻlsa ajab emas”, deb eʼtirof etiladi kitobda.
Shu bilan birga, asardagi gʻoyalar Oʻzbekiston va Pokiston kabi tarixiy va maʼnaviy ildizlari mushtarak boʻlgan davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik, ishonch va hamkorlik rishtalarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir. Pokistonlik yozuvchi va jurnalist tomonidan yaratilgan ushbu asar faqat ilmiy tahlil emas — balki qalbdan chiqqan ilhombaxsh daʼvatdir. Muallif Oʻzbekiston rahbarining insonparvarlikka asoslangan “Uchinchi Renessans” gʻoyasini jahon miqyosidagi maʼnaviy uygʻonish modeli sifatida talqin etadi.
Muhammad Abbos Xon tarixiy jarayonlarga murojaat qilib, men oʻquvchiga oʻz fikrlarimni majburlab singdirishga harakat qilmayman. Buning oʻrniga, “Temur tuzuklari” kitobidan bir nechta iqtibos keltiraman, toki mening olijanob oʻquvchim oʻzi xulosa chiqarsin.
“Hukmdor oʻziga nisbatan qattiqqoʻl, boshqalarga nisbatan esa odil boʻlmogʻi darkor. Haqiqiy hokimiyatning ildizi ana shunda”.
“Men hech qachon bajarib boʻlmas vaʼda bermadim. Bergan vaʼdalarimni toʻkis ado etdim, adolatsizligim bilan hech kimga ziyon- zarar yetkazmadim”.
“Temur tuzuklari” kitobi meni mutaassir etdi. Yaqin kelajakda mutafakkir daho Amir Temurning ushbu asarini ona tilim — urdu tiliga tarjima qilmoqchiman. Chunki bu buyuk sarkarda va davlat arbobining merosidan mening madaniyatimga mansub insonlar ham bahramand boʻlsa, deyman. Qayd etganimdek, Amir Temurning “Tuzuklari” nafaqat hukmdorlar uchun qoʻllanma, balki hokimiyat, adolat, sadoqat, tarbiya va jamiyat tuzilishi haqidagi chuqur falsafiy mushohadadir. Men uchun urdu tilida soʻzlashuvchi yosh avlod bu insonning hasb-u holidan — afsona-yu rivoyatlar orqali emas, balki uning oʻz soʻzlari, fikrlari va oʻgitlari orqali voqif boʻlmogʻi juda muhim.
Noshirlar tomonidan kitob muqovasiga ishlangan kompozitsiya ham oʻziga xos chuqur maʼno-mazmunni ifoda etadi. Undagi ramziy manzara xalqimizning ilmiy-maʼnaviy merosdan kuch olib, yanada yorqin kelajakka qadam qoʻyayotganini koʻrsatadi. Bu kompozitsiya oʻquvchini oʻtmish bilan kelajak oʻrtasidagi maʼnaviy koʻprikdan oʻtkazib, Yangi Oʻzbekistonda boshlanayotgan yangi davr — taraqqiyot, adolat va maʼrifat davri — ilhomli nafasi bilan kitobxon qalbiga chuqur kirib boradi.
Bugun esa Prezident Shavkat Mirziyoyev ana shu tarixiy anʼanalar — Ikkinchi Renessansning ilmiy-maʼrifiy ruhi va Amir Temurning davlatchilik tajribasiga tayanib, Islom sivilizatsiyasi markazi orqali Ikkinchi Renessans merosini mujassam etgan Uchinchi Renessans eshigini ochmoqda.
Muhammad Abbos Xonning “Oʻzbekiston: Uchinchi Renessans – taraqqiyot konsepti” asarining yana bir muhim jihati shundaki, u urdu tilida yozilgan. Bu esa Yangi Oʻzbekistonda olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarni oʻrganuvchilarning geografiyasini yanada kengaytirgan. Bugungi kunda urdu tili dunyoda eng koʻp soʻzlashiladigan tillar roʻyxatida 10-oʻrinni egallab, butun dunyoda 231 million kishi tomonidan qoʻllaniladi.
Xulosa qilib aytganda, bu asar nafaqat Oʻzbekistonning ijtimoiy-siyosiy va maʼnaviy taraqqiyotini oʻrganuvchilar uchun, balki barcha kitobxonlar uchun ilhom manbai boʻlib xizmat qiladi.
Elyorjon Saminov,
Barqaror rivojlanish markazi direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring