Uchinchi minora

20:23 10 Iyun 2024 Madaniyat
134 0

10-iyun — Oʻzbekiston Qahramoni va xalq

yozuvchisi Said Ahmad tavallud topgan kun

(hikoya)

Gap-gashtaklarda, toʻyu tomoshalarda Juman bobo hamisha bitta gapni takrorlaydi:

— Meni shoshirmanglar, nevara-chevaralarimni narigi ming yillikka oʻtqazib qoʻyay, ana undan keyin xaydamasanglar ham oʻzim ketaman. Men tengilar ketib boʻldi. Kunim sen mishiqilarga qolib oʻtiripti. Senlar nimani koʻribsanlar, boshlaringdan qandoq savdolar oʻtiptiki, men bilan gaplashasanlar. Bu yil kuzda, xudo xohlasa, toʻqson oltidan hatlab oʻtaman. Hisobchi boʻlsang, bir choʻtga urib koʻr. Har oʻttiz yilga bir yildan qoʻsh, ona qornidaligimga ham bitta tosh tashla. Qancha boʻpti? Barakalla, roppa-rosa yuz boʻpti.

Davrada oʻtirgan vetvrach Kozimboy yonidagi kishiga, barmogʻini chakkasiga tirab, parmaga oʻxshatib burab koʻrsatdi. Juman bobo buni payqab qoldi.

Kozimboy gapni chalgʻitmoqchi boʻldi.

— Oʻn toʻqqizinchi asrning toʻrt yilini koʻripsiz, yigirmanchi asrning toʻqson ikki yilini koʻryapsiz. Bo, yana yigirma birinchi asrni ham koʻrmoqchimisiz? Ibi, insof qane.

— Koʻraman, — dedi Juman bobo. — Ammo sen koʻrmaysan. Mollar orasida yurib molfahm boʻlib ketgansan. Odam bolasining koʻnglida nima bor, bilmay oʻlib ketasan. Shu ichishing, shu chekishing boʻlsa yoshimning ikkidan biriga ham yetmolmaysan. Mard boʻlsang, tur oʻrningdan. Minorai Kalonga dam olmay chiqishga bahs boylashamiz.

— Buxoroga borib nima qilasizlar, ana, Vobkentning minorasi koʻrinib turipti. Shunga chiqa qolinglar, — deyishdi davradagilar kulishib.

Juman bobo gaart oʻrnidan turdi. Uni kalaka qilmoqchi boʻlgan Kozimboy turmadi. Hazillagadim, hazil qildim, deb qoʻlini koʻksiga qoʻyib, uzr soʻragan boʻldi.

Chol qaytib oʻtirmadi. Eshik tomon yurarkan, orqasiga oʻgirildi. Voyenkom bilan qoʻlga tushib qolgan kelin ayangga hazil qil, ahmoq, dediyu, chiqib ketdi.

Uning dili ogʻrigan edi. Shunday paytlarda dilini yoradigan bittagina Mutavakkil degan joʻrasi boʻlar edi. U ham ketdi. Endi qayoqqa boradi. Kimga dardini toʻkib soladi.

U jimjit koʻchadan borarkan, qadami sekinlashdi. Ilgari bunaqa imillab yurmasdi. Doʻstining oʻlimidan keyin choʻkib qoldi. Yurganda astarsiz choponining etagi ikki yonida qanotga oʻxshab pirpirardi. Soqoli toʻzgʻib, goh oʻng, gox chap yelkasini siypalardi.

Juman bobo bitta-bitta qadam tashlab borarkan, koʻp narsalarni oʻyladi. U yashagan umridan xijolatlik emasdi. Ammo boyagi gap yurak-bagʻrini oʻrtab yubordi. Odamlarga malol kelmasidan bu dunyodan tezroq ketish kerakka oʻxshaydi, degan gap xayolidan oʻtdi. Qandoq qilsin, dunyoga qachon kelishing, qachon ketishing ixtiyoringda emas ekan.

Juman boboni Buxoroning uchinchi minorasi deb atashardi. Birinchisi ming yil umr koʻrgan Minorai Kalon, ikkinchisi, undan salgina yosh Vobkent minorasi, uchinchisi shofirkonlik shu Juman bobo edi.

U ostona hatlab hovliga kirishi bilan ilgarigidek baland ovoz bilan emas, shikasta bir tovushda, Istamboy, deb xotinini chaqirdi.

Qoʻlida elak bilan Moʻmina momo chiqdi. U yelkasiga tushib qolgan roʻmolini shoshib, boshiga tashladi.

— Joy kilib ber, yotaman, — dedi Juman bobo.

— Zavol paytiga-ya, bo sizga nima boʻldi, Istamboy, tobingiz qochdimi?

Er-xotin bir-birlarini toʻngʻich oʻgʻillarining nomi bilan chaqirishardi. Istamboy oʻn toʻrt sshida olamdan oʻtgan. Ammo nomi ota-ona xotirasida bir umr qolib ketgandi.

Moʻmina momo elakni qoziqqa ilib uyga kirdi. Eriga, ovqat iysizmi, dedi. Chol javob qilmagandai keyin, chirokni oʻchirib, chiqib ketdi.

Juman boboni xayol xali u yoqqa, xali bu yoqqa boshlardi. Alla-pallagacha toʻlgʻonib, uxlolmadi. Narigi ayvonda multfilm koʻrayotgan nevaralarning ovozlariga qulok solib stdi.

Moʻmina momo derazadan qaradi.

— Istamboy, turmaysizmi, shom boʻldi. Obdastaga ob tahorat quyib qoʻydim.

Chol oʻrnidan turib, tashqariga chiqib keldi. Joynamoz poyiga choʻkkaladi. Uzoq namoz oʻqidi. Oʻqib boʻlib xam oʻrnidan turmadi. Xotini Moʻminaga, yetti oʻgʻliga, kudalariga, nevaralariga xudodan umr tiladi. Oʻrnidan turib hovli aylandi. Oʻgʻillariga atab qurilgan peshayvonli uylar oldida bir-bir toʻxtadi. Nevaralarining shovqiniga quloq tutdi. Chexrasi yorishgandek boʻldi. Qoʻyxonaga kirib chiroqni yoqdi. Besh kun odin tugʻilgan ikki qoʻzichoqnn koʻtarib erkalatdi. Sovliq bezovtalanib pishqirdi. Chol uni xam siladi. Ularga suv berdi, xatpak tatiladi. Uyga kirib yechinib yotdi. Zum oʻtmay, koʻzp uyquga ketdi.

Tushiga otasi kirshggi. Ariq boʻiida turib unn imlab chaqirarmish. Orqasida turgan onasi, kelma, kelma deb, ishora qilarmish. Tush aylanib, boya otasi turgan joyda Mutavakkil paydo boʻpti. U xam imlab chaqirarmish. Ana undan keyin Istamboy paydo boʻpti. Ota, sizni sogʻindim, qachon kelasiz, deb soʻrarmish. Juman bobo, yaqinda boraman, demoqchi boʻlib ogʻiz juftlarmish, ammo ovozi chiqmasmish. Bir nima daranglab, uygʻotib yubordi. Ochiq qolgan derazadan kirgan mushuk patnisni tushib yuborgan ekan.

Tong yorishib kelardi. Soʻfining bomdod namoziga chakirib, ollohu akbar, ollohu akbar, degan tovushi eshitildi.

Juman bobo koʻngil xiralik bilan tahorat olib masjidga chiqib ketdi. Hech kim bilan gaplashmadi. Namozni oʻqib orkasiga qaytdi. “Nima boʻldi, otam chakiryapti, Mutavakkil ham, Istamboy xam chaqiryaiti. Oʻlganlar kuni bitgan kishini chaqiradi. Nima, kunim bitdimikin?”

Nonushtada er-xotin bir-biriga gapirmay, jimgina shirchoy ichishardi.

Juman bobo boʻshagan kosalarni olib ketayotgan Moʻminaga oʻtir, Istamboy, gapim bor, deb qayta oʻtqazdi.

— Menga qara, xotin, bu dunyoda ishim bitganga oʻxshaydi. Tadorigingni koʻrib qoʻysang boʻlarmidi. Nimang bor, nimang yoʻq, qarab qoʻy.

Moʻmina momo eridan biror marta bunaqa gap eshitmagandi. Chol oʻlimdan ogʻiz ochmasdi. Nima boʻldi?

— Esingizni yeb koʻyibsiz, Istamboy, nafasingizni issiq qiling, yaxshi gapga ham, yomon gapga ham farishta omin, deydi.

Chol salmoqlab gap boshladi:

— E, xotin, oʻlmaydigan odam bormi? Xudoning inoyati bilan shuncha yil yashadim. Gapimni boʻlma! Yaxshi-yomon gapirgan boʻlsam, koʻnglingdan chiqarib yubor. Toʻqqiz bacha tugʻib berding, ming rahmat. Bir marta chertmadim. Ogʻzimdan nojoʻya gap chiqmadi. Nimayiki orzu qilgan boʻlsam, hammasiga yetdim. Birovni dilini ogʻritmadim, birovni mahramiga koʻz tashlamadim. Xudoning dargohiga pok imon bilan boraman.

Kampir oʻylanib qoldi. Nimadir demoqchi boʻlib, bir-ikki marta ogʻiz juftladi. Aytolmadi. Chol buni sezib turardi.

— Kandoq gap aytmoqchisan? Tortinma, ayt. Gunohim boʻlsa, tavba qilay…

Moʻmina momo eriga uzoq qarab turdi. Keyin jurʼatsizlik bilan gap boshladi:

— Ayt, dedingiz, aytay. Gunohingiz bor, Istamboy. Xudo kechirmaydigan gunohingiz bor.

Chol qoshlarini kerib unga qaradi. Manglay ajinlari qavat-qavat boʻlib ketdi. “Nahot xudo kechirmaydigan gunoh qilgan boʻlsam. Bu kampir nima deb aljiyapti”. Shu oʻtirishida cholning xayoli dunyoii ikki aylanib keldi. Yashab oʻtqazgan toʻqson olti yilni bir-bir elakdan oʻtkazdi. Olti yoshidan suruv ketida chang yutib, choʻl kezdi. Kirchillagan qish chillasida, oftob olov purkagan saratonda qoʻylar bilan birga yotib, birga turdi. Otarida tugʻiladigan qoʻzilar orasida aqlni lol qoldiradigan “Antiqa”, “Sur”, “Sheroz” terilarini boshqa choʻnonlarga oʻxshab bekitmadi. Sovxozga topshirdi.

Kampir umrida birinchi marta erining koʻziga tik qaradi:

— Siz toʻqqiz bacha koʻrib… xudodan tilab-tilab olgan bittayi-bitta qizingiz bilan yuz koʻrmas boʻldingiz. Bu gunoh emasmi? Hasan-Husan nevaralaringiz bu yil sakkizga kiradi. Biron marta borib koʻrdingizmi? Bacha bechorlar Shofirkonda geroy bobomiz bor, deb maxtanib yurisharmish.

Moʻmina momo toʻqqiz yildirki, erini insofga keltirolmasdi. Hozir mavridi kelib ichidagi dardlarini toʻkib soldi:

— Qizingiz gʻar boʻlmapti, oʻgʻri boʻlmapti, Hamroboyiing duxtariga oʻxshab oʻqishdan qornini doʻppaytirib kelmapti…

Juman bobo ikki tizzasiga shapillatib urib, oʻrnidan turib ketdi.

Bundan toʻkkiz yil muqaddam Juman bobo toʻshakka yotib qolgan tengdosh doʻsti usta Mutavakkilni koʻrgani bordi. Uning ikki oyogʻi shol boʻlib, koʻchaga chiqolmay qolgandi. Kiyevda oʻqiydigan oʻgʻli pochtadan aravacha yuboripti. U borganda aravachada yurigani mashq qilayotgan ekan. Juman bobo aravachani tortib guzarga olib chikdi. Ikkovi choyni ermak qilib, oʻtgan-ketganlardan gaplashib oʻtirishdi. Tengdosh doʻstlarini eslashdi.

Birin-ketin hammasi ketib boʻlgan. Bu “odam toʻymas” dunyoda tengqurlardan ikkovigina shoʻppayib kolishipti.

— Jumanboy joʻram. — dedi Mutavakkil. — Sen bilan adashmasam sakson yetti ypldan bsri joʻrachilik qilaman. Oramizga biron marta boʻlsin sovuqchilik tushmadi. Ginaxonlik qiladigan biron gap aytishmadik. Bizku, ketamiz, ammo orqamizda qoladigan bachalarimiz bir-biridan uzoqlashib ketishmasmikin? Shundoq boʻlmasin desang, kel, qudachilik qilaylik. Qizing Istatnisoni kelin qilay. Oʻgʻlim Luqmonboy 6u yil oʻqishni tugatib keladi. Toʻy qilaylik.

Mutavakkilning oʻgʻli es-hushli yigit boʻlgandi. Kuyoving bormi, desang, bor degulik.

— E, doʻstim oʻnta qizim boʻlsa, oʻntasini ham qoʻlingga topshiraman. Istatniso taʼtilga kelsin, qoʻl-oyogʻini bogʻlab ostonangga tashlab ketganim boʻlsin.

Ikki quda obdon ezilib ganlashishdi. Toʻy rejasini ham tuzib qoʻyishdi. Kechga tomon Juman bobo arava tortib Mutavakkilni uyiga eltib koʻydi.

Mutavakkil shu koʻchaga chiqqancha qaytib chiqmadi. Yotib qoldi. Doʻxtirlar Buxoro shifoxonasiga olib ketishdi. Ikki oyogʻi qorason boʻlgan ekan, kesmasa, aynigan qon tananing boshqa tomonlariga xam oʻtib ketishi mumkin ekan, kesishdi. Toʻrt kundan keyin oldiga odam qoʻypshdi. Juman bobo borganda u koʻkka bokib qimirlamay yotardi. Koʻzini arang ochib uiga karadi. Nimadir demoqchi boʻldi, aytolmadi. Labi sal-pal qimirlagandek boʻldi.

Oradan bir hafta oʻtib uni tuprokka qoʻyishdi.

Mutavakkil u bilan birga uzok yoʻl bosgan joʻralarining eng soʻnggisi edi. Eidi bu yorugʻ jahonda Juman boboning bir oʻzi koldi.

Bu orada qizi Istatniso doʻxtirlik oʻqishini tugatib, qaytib kelmadi. Birga oʻqigan toshkentlik yigit bilan don olishib qopti. Ota-onalarini, aka-ukalarini yangalarini toʻyga aytib telegramma yuboripti. Juman bobo hech kimni toʻyga yubormadi. Bunday qizim yoʻq. Uni tanimayman, dedi. Moʻmina momo yigʻladi, yalinib yolvordi, boʻlmadi.

Chol esa erta sahardan chiqib ketganicha Jilvon choʻllarida tentirab kunini ksch kilardi. Baʼzan Vardonze qalʼasiga borib vayronalar ustida kun botishga karab oʻtirardi. Choʻgʻdek qizarib botayotgan quyosh uning dardlarini ham olovli barkashiga solib botayotgandek boʻlardi.

Buxoroi sharifga tengdosh bu qalʼani Vardon xudotlar davlati tiklagan. Bunda kimlar boʻlmadi, nimalar boʻlmadi? U Qutaybani ham, elakchi Torobiyni ham, jomakor safidlar yetakchisi Muqannani ham, moʻrmalahdek yopirilgan Chingizxon lashkarlarini ham, toʻp, zambaraklar sudrab kelgan shafqatsiz Frunzeni ham va nihoyat qishloqma-qishloq yurib odam otgan Kuybishevni xam koʻrgan.

Chol har gal Vardonzega kelganda shashtidan tushar, 6u qalʼa oldida inson umri bir oniy ekaniga iqror boʻlar, tani sovib, fikri tiniqlashib uyiga qaytardi.

Mutavakkilning tashlab ketganiga, Istatnisoning Toshkentda qolib ketganiga ham toʻqqiz yil boʻldi. Dunyoning toʻxtatib boʻlmas tanshishlariyu yangidan yangi jumboqlari eskisining ustiga kul tortadi. Asta-sekin xiralashib, xotira deb atalmish goʻshaning bir puchmogʻida koʻmilib ketadi. Ammo Juman bobo Mutavakkilni unutolmasdi. Har juma namozdan keyin qabristonga borib, goʻri tepasida qurʼon tilovat qilar, vaʼdasida turolmagan doʻstingni kechir, deb pichirlardi.

Bugun negadir hammayoq jimjit. Har kuni ertalab otasiga salom berib ishga ketadigan oʻgʻillari kun peshindan ogʻdiki, koʻrinishmaydi. Kelinlar burchak-burchakda pichirlashadi. Moʻmipa bugun sigirni ham sogʻmayapti. Maʼrab, hovliii boshiga koʻtaraman deydi. Tovuqlar donsiz qolgan. Pima boʻldi? Tinchlikmi?

Koʻcha yoʻlagidan hassaga tayanib uchta oqsoqol kirdi. Moʻmina ularni ichkariga boshladi. Juman bobo poygakda tiz choʻkib, ularning ogʻziga tikildi. Chollar gapni nimadan boshlashlarini bilmay, sen ayt, sen ayt, degandek bir-birlariga qarashardi. Ular avval ob-havodan, keyin 6u yil kuzning yaxshi kelganidan, hukumat SJKni taʼqiqlab, zap ish qilganidan gapirishdi.

Juman boboning toqati toq:

— Chaynalmasdan ganiraveringlar, nima boʻldi? — dedi tashvishli bir ohangda.

Chollardan biri unga emas, joʻmragidan hovur chiqayotgan choynakka qarab gap boshladi:

— Sizga xudo sabr-toqat bersin. Qandoq qilasiz. Dunyoning ishlari shu ekan. Bir kelmoqning bir ketmogʻi ham bor, deydilar. Istatniso omonatini topshiripti.

Juman boboning boshi egildi, beli bukilib, bukilib, oxiri soqollari tizzasini qordek bosdi.

Butun olam birdan sukutda kolgandek, jimjit. Shunday jimlik choʻkdiki, bandidan uzilgan bargshshg yerga qoʻngani xam eshitildi. Juman boboning badanidagi xar bir moʻy ogʻir zanjir boʻlib uni pastga tortardi...

Bundan bir yil oldin Istatniso bilan Rahmonjonni xarbiy komissariat chaqirib, doʻxtirlar yetishmayapti, deb ularni Afgʻonistonga joʻnatgan edi. Bu gapdan faqat Juman boboning toʻngʻich oʻgʻligina xabardor edi.

Buni na onasiga, na otasiga bildirgan. U oyda bir marta Toshkentga borib, jiyanlaridan xabar olib turardi.

Bugun ertalab Toshkentga ikkita tunuka tobut keldi. Birida Istatnisoning, yana birida Raxmonjonning jasadi bor edi. Juman boboshshg ikki oʻgʻli shitob bilan Toshkentga joʻnab ketishdi. Qudalar maslaxat bilan ikkoviga yonma-yon goʻr qazitmoqchi boʻlib turishgan ekan. Istatnisoning akalari bunga koʻnishmadi. Singlimizni tugʻilgan yurtiga dafn qilamiz, dedilar. Maslahat bilan Raxmonjon Toshkentda, Istatniso Shofirkonda dafn qilinadigan boʻldi. Bugun peshin namozida Raxmonjonga janoza oʻqildi. Duoi fotixadan keyin Istatnisoning tobuti solingan avtobus Buxoro tomonga yoʻl oldi…

…Chollar yuzlariga fotiha tortib, oʻrinlaridan turishdi. Juman bobo xarchand urinsa xam oʻrnidan turolmadi. Ikki kishi qoʻltigʻidan olib turgʻazib koʻydi.

Koʻp yashagan, koʻpni koʻrgan, baxtu baxtsizliklarni, toʻyu azalarni koʻrgan Juman bobo shu topda oʻzini eplolmay muvozanatini yoʻqotgan edi.

Hovli odamga toʻlib ketgan. Quda-kudagʻaylar, qarindosh-urugʻlar, xamqishloklar koʻcha eshigi oldida jimgina yer chizib oʻtirishardi. Ichkaridan xotin-xalajning aytib yigʻlashi eshitildi. Oqsokollardan biri hovliga kirib, xoy, tobut eshikdan chiqmay, yigʻlab boʻlmaydi, deb ularni tinchitib chikdi. Baribir Moʻmina belini boylab hovlining u boshidan bu boshiga yurib yigʻlardi.

Avtobus kechasi oʻn birlarda keldi.

Allakaydan paydo boʻlgan voyenkom tobutni ochishga ruxsat bermadi.

— Tobuti bilan koʻmiladi. Kim ochsa javobgarlikka tortiladi.

Ruxsat boʻlganda ham ochib boʻlmasdi. Ruxlangan qalin tunukani fakat elektr payvand apparatida kesish mumkin edi.

— Voy, musofirlikda oʻqqa uchgan bolam. Temir kafan kiygan bolam.

Moʻminaning bu faryodi odamlarning yurak-bagʻrini oʻrtab yubordi. Hamma baravar uv tortdi.

Istatnisoning Hasan-Husan oʻgʻillari hech qachon kelmagan hovlida, hsch qachon koʻrmagan odamlar orasida hayron qarab turardilar. Ular goʻdak edi. Bir kunda ham otasidan, xam onasidan ajralganini, endi yetim boʻlib qolganlarini hali bilmasdilar. Ularning bolalik ongida ertami, kechmi ular qaytib keladigandek edi. Endi bir umr ota bilan onani qoʻmsab yashashlari-ni, pyudlik va alamli damlarda eng yaqin xamdard kishilari boʻlmasligini idrok qilmasdilar.

Tobutni ichkari uyga olishdi. Moʻmina tobutni quchoqlab faryod urardi.

— Bolaginam, toʻqqiz yil diydoringdai benasib boʻlganim yetmasmidi. Chiq, chiq, bu temir kafandan. Jamalak sochlaringni bir silay. Jonsiz tanangni bagʻrimga bosay.

Kelinlar uni suyab tashqariga olib chiqipdi. U ostonada bel bogʻlab turgan norasta ikki nevarasini bagʻriga bosib faryod urdi.

Juman bobo ayvop daxanida koʻksini xassaga berib qimirlamay oʻtirardi. Uiing oʻgʻillari tobutni buzib ochamiz, deb bolta koʻtarib kelishdi. Voyenkom bilan ikki soldat yoʻllarini toʻsib, boltani olib qoʻydi. Bu oqshom xonadonda hech kim uxlamadi. Juman bobo ikki yetim nevarasini toʻniga oʻrab, koʻzlarini yumgancha qimirlamay oʻtirardi, hadeb oʻzini oʻzi qargʻardi.

Yigʻi-sigʻi, dod-faryod bilan Shofirkon tongi yorishdi. Oftobning olovli koʻli Vobkent minorasi peshtoqini sham qilib yoqdi.

Koʻcha eshigi oldiga qoʻyilgan kursilarda keksalar oʻtirishardi. Yosh-yalang qoʻl qovushtirib tik turipti. Kimdir yuvilmagan, kafanlanmagan murdaga janoza lozimmi, deb soʻrab qoldi. Masjid mutavalisi javob qildi:

— Muhorabada qurbon boʻlganlar shahid ketadilar. Ularning jasadlari havo bilan, oftob bilan yuviladi. Buni tayammum deydilar. Istatniso toʻppa-toʻgʻri bihishtga tushadi. Hur-gʻulmonlarga qoʻshilib ketadi.

Qabristondan qaytayotganlar orasida Juman bobo koʻrinmasdi. Har kimning oʻz gunohi oʻzi bilan. Balki Juman bobo qizini kechirganda, kel, deb eshigini ochganda bunday boʻlmasmidi. Endi Moʻminaning betiga qanday qaraydi? Axir u nimaga bunday boʻlganini biladi-ku! Undan qayoqqa qochib qutuladi?

U qalʼa tomon ogʻir yuk orqalagandek bukchayib borardi. Necha yuz yillar oldin qulab kstgan ming yillik daraxtlarning toshga aylangan ildizlariga tirmashib xarobalar tepasiga chikdi. Bu joydan butun voxa kaftda turgandek koʻrinardi.

Oftob oʻchyapti. Koʻm-koʻk osmonda suzib yurgan paxtadek yumshoq bulutlar yonayotgandek lovullardi.

Juman bobo ikki qoʻlini baland koʻtarib, allohga nola qildi:

— E, xudo, muncha qahringga olasan? Nega meni oʻlmaydigan dardga mubtalo qilding?! Ilon-chayonlar chaksa ham oʻlmaydigan, boʻriyu shoqollar daf qilmaydigan, oʻtda yonmas, suvda choʻkmas qilib yaratding. Oʻz bolasini ostonadan quvgan gunohkor bandangman. Dargohingga sigʻinib keldim. Omonatingni ol! Dunyoga toʻymagan norastalar umrini nega menga yulib berasan? Axir men yoshimni yashab boʻldim. Yashayverib zerikib ketdim. Oʻzingdan tilab olgan yolgʻiz qizim u dunyoga mendan dili ogʻrib ketdi. Bunga qandoq chidayman? Tonglar mahsharda unga qandoq koʻrinaman? Endi ketay, bu yorugʻ jahonda boshqalarga joy boʻshatay.

Koʻm-koʻk osmon jim. Bulutlar jim. Uning iltijolariga na koʻk, na yer javob qilardi.

Olisda harir tuman ortida salkam ming yil yashagan Vobkent minorasi koʻrinib turardi. Goʻyo u:

— Yur, uzoq asrlarga yana birga ketaylik, — deb chorlayotganga oʻxshardi.

Chol qalʼadan horgʻin qaytib kelarkan, atrofni qorongʻulik pardasi oʻrab, nildek osmonda birin-ketin yulduzlar koʻz ocha boshlagan edi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер