Uch tomonlama sammit: hayotiy tashabbus va istiqbollar

Doimiy oʻzgarib borayotgan dunyoning murakkab sharoitida davlatlar oʻrtasidagi doʻstlik va ishonchga asoslangan barqaror hamkorlikni saqlab qolish xalqaro munosabatlarda kam uchraydigan hodisadir.
Hozirda Markaziy Osiyo mintaqasi mamlakatlari davlatlararo aloqalar rivojiga yangicha qarashni namoyish etmoqda. Oʻzbekiston tashabbusi bilan 2017-yilda boshlangan yaxshi qoʻshnichilik va ishonchga asoslangan jarayonlar nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasi doirasida rivojlanish, balki Janubiy Kavkaz bilan mintaqalararo hamkorlikni kengaytirish uchun yangi imkoniyat va istiqbollarni ochmoqda.
Turkmanistonning “Avaza” milliy turistik zonasida oʻtgan Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston davlat rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi doʻstlik, ishonch daxlsizligi va katta marralar sari qoʻshma qadamlarning tasdigʻidir. Markaziy Osiyo bugun yangi iqtisodiy imkoniyatlar ostonasida turibdi.
Shu oʻrinda Oʻzbekiston — Turkmaniston munosabatlari rivojlanishining barqaror dinamikasini, davlat rahbarlari oʻrtasidagi ishonchli munosabatlarni qayd etish lozim. Shuningdek, Oʻzbekiston tashabbusiga koʻra Janubiy Kavkaz mintaqasi bilan yangi istiqbollar ochilmoqda. Oʻzbekiston va Ozarbayjon oʻrtasidagi ikki tomonlama rishtalar vaqt sinovidan oʻtdi va 2024-yilda Ittifoqchilik munosabatlari toʻgʻrisidagi shartnomaning imzolanishi oʻzaro hamjihatlik tarixida yangi sahifalarni ochdi.
Uch davlatning qulay geografik joylashuvi, ular oʻrtasidagi vaqt sinovidan oʻtgan munosabatlar Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston rahbarlarining uch tomonlama uchrashuvi kun tartibini belgilab berdi. Bu, birinchi navbatda, uch davlatning tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish, shuningdek, Xitoyni Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropa bilan bogʻlaydigan barqaror va samarali transmintaqaviy yoʻnalishni shakllantirish zaruratidir.
Gap Transafgʻon yoʻli va Oʻrta yoʻlak, jumladan, Zangezur yoʻlagi haqida ketmoqda. Ayni chogʻda gap faqat yoʻlaklar haqida ham emas. Oʻzbekiston yetakchisi tomonidan yuklarni tashish boʻyicha tariflarni oʻzaro pasaytirish va uch mamlakatning tranzit salohiyatini roʻyobga chiqarishga yaxlit yondashuv boʻyicha ilgari surilgan tashabbuslar logistika infratuzilmasini rivojlantirishga salohiyatli donor-xalqaro tashkilotlarni jalb qilish imkonini beradi. “Avaza” milliy turistik zonasida boʻlib oʻtgan “Oʻzbekiston — Turkmaniston — Ozarbayjon” formatidagi birinchi uch tomonlama sammitda savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, energetika va gumanitar sohalarda koʻp tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama etildi.
Bu sammitdan ilgari, avgust oyining boshida dengizga chiqish imkoniyati boʻlmagan rivojlanayotgan mamlakatlarga bagʻishlangan BMTning III konferensiyasi maydonida Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon yangi mintaqaviy alyansning tugʻilishini eʼlon qildi. Turkman xalqining milliy yetakchisi, Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov tomonidan ilgari surilgan ushbu tashabbus 22-23-avgust kunlari oʻz rivojini topdi — Ozarbayjon va Oʻzbekiston rahbarlari yana Turkmanistonga tashrif buyurdi. Ushbu uchrashuvning maqsadi aloqa va hamkorlik istiqbollarini keng koʻlamli yoʻnalishlarda batafsil muhokama qilish edi.
Tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish zarurati nimada?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev koʻp tomonlama hamkorlikni kengaytirish boʻyicha qator aniq takliflarni bildirdi. Uch davlatning katta tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish muhimligi aytildi. Shuningdek, tovar ayirboshlash va sanoat kooperatsiyasi koʻlamini tubdan oshirish ustuvor yoʻnalishlardan biri etib belgilandi.
Taʼkidlanganidek, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston bilan Turkmaniston va Ozarbayjon oʻrtasidagi oʻzaro tovar ayirboshlash hajmi ikki barobar oshdi. Bunda sanoat tovarlarining ulushi 40 foizga yetdi. Barqaror savdo va logistika tarmoqlarini rivojlantirish, ulgurji tarqatish markazlarini yaratish va yirik chakana savdo tarmoqlariga kirish, fitosanitariya va karantin talablarini birlashtirish, mahsulotlarni raqamli markalashni joriy etish, qoʻshma elektron platformalarni ishga tushirish va birja kooperatsiyasini kengaytirishni nazarda tutuvchi kompleks chora-tadbirlar rejasini birgalikda tayyorlash taklif qilindi.
Oʻzbekiston yetakchisining deyarli barcha xorijiy tashriflarining asosiy kun tartibi doimo iqtisodiy masalalar, yaʼni savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, oʻzaro ilmiy-texnikaviy va turistik almashinuvlarni yoʻlga qoʻyishni oʻz ichiga oladi. Bu safar ham shunday boʻldi. Transport-kommunikatsiya, energetika, dengiz kommunikatsiyalari va boshqa sohalarda oʻzaro hamkorlikni faollashtirish uchun yuqori salohiyat mavjud, buni Prezident Shavkat Mirziyoyev oʻz nutqida alohida taʼkidladi.
Aytish joizki, mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida konstruktiv tashqi siyosat olib borilmoqda. Koʻp jihatdan Oʻzbekiston yetakchisining saʼy-harakatlari, kuchli siyosiy irodasi tufayli Markaziy Osiyoda ishonch inqirozi yengib oʻtildi va mustahkamlanish jarayoni boshlandi. Mintaqa xavfsizlik, barqaror rivojlanish va yangi imkoniyatlar hududiga aylandi.
Oʻzbekiston, aslida, Markaziy Osiyoda koʻplab integratsiya jarayonlarining tashabbuskori hisoblanadi. Respublikaning tranzit salohiyatidan samarali foydalangan holda transport-logistika tizimini rivojlantirish iqtisodiy siyosatning asosiy ustuvor yoʻnalishlaridan biri boʻlib qolmoqda.
Oʻzbekiston tomoni “Oʻzbekiston — Qirgʻiziston — Xitoy”, Transafgʻon transport yoʻlagi, “Shimol — Janub”, “Oʻzbekiston — Turkmaniston — Eron — Oʻmon” va boshqa qator yirik transport loyihalarini amalga oshirishda ishtirok etmoqda. Ayni paytda Toshkent Turkmaniston va Ozarbayjon orqali Yevropaga yangi transport yoʻnalishini ochmoqda. Oʻzbekiston Prezidentining Avazada boʻlib oʻtgan uch tomonlama sammitda qatnashishi qitʼa transport tizimini takomillashtirishga xizmat qiluvchi mazkur loyihaning amaliy ijrosi boshlanganidan dalolat beradi. Ushbu transport koridori Xitoy, Janubiy Osiyo, Yaqin Sharq va Yevropani bogʻlash uchun moʻljallangan.
Integratsiya bosqichlarining asosiy qismi
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Turkmaniston va Ozarbayjon bilan juda ishonchli munosabatlar oʻrnatdi. Boku va Ashxobod Oʻzbekistonning strategik hamkorlari hisoblanadi. Shu munosabat bilan Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekiston rahbarlari oʻrtasida Avazada erishilgan kelishuvlar savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, shuningdek, energetika va transport-kommunikatsiya sohalarida sheriklikni chuqurlashtirishga xizmat qiladi.
Oʻzbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjon rahbarlarining Ashxoboddagi uch tomonlama uchrashuvi bir necha muhim sabablarga koʻra oʻtkazildi.
Birinchidan, uch mamlakat oʻrtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarni kuchaytirish, oʻzaro ishonchni mustahkamlash.
Ikkinchidan, transport yoʻlaklarini rivojlantirish. “Sharq — Gʻarb” transport yoʻlagi kabi mintaqaviy transport loyihalarini rivojlantirish va bu orqali Yevropa hamda Osiyo oʻrtasidagi savdoni osonlashtirish. Bu yoʻlakning muhim qismi uch mamlakat hududidan oʻtadi.
Uchinchidan, energetika sohasida hamkorlik. Turkmanistonning gaz zaxiralarini Ozarbayjon orqali Yevropaga yetkazib berish imkoniyatlarini muhokama qilish. Bu Yevropaning energiya xavfsizligini taʼminlashda muhim ahamiyatga ega.
Toʻrtinchidan, iqtisodiy aloqalarni kengaytirish. Savdo-sotiq hajmini oshirish, qoʻshma investitsiya loyihalarini amalga oshirish, sanoat va qishloq xoʻjaligi sohalarida hamkorlikni rivojlantirish.
Beshinchidan, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash. Terrorizm, ekstremizm va narkotrafikka qarshi birgalikda kurashish, chegaralarni mustahkamlash va mintaqada tinchlik va barqarorlikni saqlash.
Oltinchidan, siyosiy muloqotni davom ettirish. Mintaqaviy va xalqaro masalalar boʻyicha fikr almashish, mushtarak pozitsiyalarni ishlab chiqish va xalqaro tashkilotlarda bir-birini qoʻllab-quvvatlash.
Yettinchidan, yangi hamkorlik formatlarini yaratish. Uch tomonlama sheriklikning yangi yoʻnalishlarini aniqlash va kelgusi loyihalarni rejalashtirish.
Umuman, bu uchrashuv mintaqaviy integratsiya jarayonlarining muhim qismi boʻlib, uch mamlakatning iqtisodiy va siyosiy manfaatlarini amalga oshirishga qaratilgan. Uchrashuvda Oʻrta yoʻlakning transport oʻtkazuvchanlik qobiliyatini kengaytirish, shu jumladan, Turkmanboshi va Boku portlarida zamonaviy logistika infratuzilmasini yaratish, kelishilgan tarif siyosatini yuritish, tartib-taomillarni raqamlashtirish va yuklar nazoratini taʼminlash masalalari ustuvor boʻldi.
Shunday qilib uch tomonlama uchrashuv natijalari nafaqat Ozarbayjon, Turkmaniston va Oʻzbekiston, balki butun Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz mintaqasi uchun yangi integratsiya imkoniyatlarini ochadi. Bu hamkorlik ikkala mintaqada ham barqarorlik va tinchlikni mustahkamlash uchun sharoit yaratadi, mintaqaviy iqtisodiyotlarning global bozorlarga chiqishini osonlashtiradi, shuningdek, Yevroosiyo makonida barqaror rivojlanishni taʼminlaydi.
Imzolangan hujjatlar siyosiy jihatdan muhim ahamiyatga ega, jumladan, mamlakatlarning xalqaro tashkilotlar, eng avvalo, BMT doirasidagi tashabbuslarini birgalikda qoʻllab-quvvatlashga imkon beradi. Bu tashabbus uchala mamlakatning xalqaro pozitsiyalarini mustahkamlaydi. Turkmaniston, Ozarbayjon va Oʻzbekistonning birgalikdagi qadamlari mintaqa mamlakatlarining birligini kuchaytiradi va Yevroosiyoning geoiqtisodiy xaritasida yangi hamkorlik formatini shakllantirish uchun zamin yaratadi.
Ozarbayjon — mamlakatimizning Janubiy Kavkazdagi strategik hamkori va qardosh davlat hisoblanadi. Oʻzbekiston va Ozarbayjon qadimiy va yangi tarixda hamisha yaqin hamkorlik olib borgan boʻlib, doʻstona munosabatlarni saqlab kelmoqda. Oʻzbekistonning xalqaro hamkorlari orasida Ozarbayjonning alohida oʻrni bor.
“Oʻrta yoʻlak” loyihasi — amalda
Mamlakatlarimiz oʻrtasidagi transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirishga oid kelishuvlar, jumladan, “Oʻrta yoʻlak” loyihasi doirasida yuk tashish hajmi 25 foizga oshdi. Bu nafaqat ikki davlat, balki Xitoy, Gruziya va Turkiyani ham qamrab olgan keng mintaqaviy hamkorlik tizmasiga asos solish, demakdir.
Markaziy Osiyo davlatlari avvalgi transport aloqalari oʻzgarib, dunyodagi asosiy kuch markazlari oʻrtasidagi qarama-qarshilik kuchaygan sharoitda tashqi bozorlarga chiqishni saqlab qolish yoʻllarini izlamoqda. Shunday yoʻllardan biri — Xitoy — Markaziy Osiyo — Kaspiy dengizi — Janubiy Kavkaz — Yevropa yoʻnalishidagi Transkaspiy yoʻlagi yoki Oʻrta koridorni rivojlantirish.
Yana bir muhim masala. Yaqin toʻrt-besh yildan keyin Oʻzbekiston va Qozogʻiston Ozarbayjon orqali Yevropaga “yashil” elektr energiyasini eksport qilishni rejalashtirgan. Bu nafaqat iqtisodiy, balki ekologik xavfsizlik nuqtayi nazaridan ham muhim. Bugun dunyo “yashil” iqtisodiyot sari intilayotgan paytda Oʻzbekiston va Ozarbayjonning bu sohadagi hamkorligi barqaror energetika kelajagini shakllantirishi mumkin.
Eng muhimi, mamlakatimiz uchun uch tomonlama platformada ishtirok etish Markaziy Osiyo va Janubiy Kavkaz oʻrtasidagi koʻprik rolini mustahkamlashni anglatadi. Uch tomonlama format savdo-transport yoʻnalishlarini diversifikatsiya qilish, jumladan, Kaspiy dengizi orqali va Yevropagacha boʻlgan imkoniyatlarni yaratadi. Bu yoʻnalish Oʻzbekistonning Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi faol ishlarini organik tarzda toʻldiradi, shuningdek, yaxlit Turkiy-Kaspiy iqtisodiy va siyosiy makonining shakllanishiga yordam beradi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Turkmanistonga tashrifi Oʻzbekistonning tashqi siyosat kursi uchun strategik ahamiyatga ega. U mamlakatning Yevroosiyo bogʻlamlarining muhim markazi sifatidagi qarashlarini mustahkamlaydi, Ozarbayjon va Turkmaniston bilan iqtisodiy, energetika va madaniy aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi. Uch tomonlama uchrashuv Kaspiy — Markaziy Osiyo hamkorlik yoʻlagiga asos soldi va Oʻzbekistonning mintaqaning shakllanayotgan geosiyosiy landshaftidagi muhim davlat sifatidagi mavqeini mustahkamladi.
Sadriddin TUROBJONOV,
Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat
texnika universiteti rektori, akademik.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring