U bizdan najot kutmoqda
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Yurtimizning chekka qishloqlarida istiqomat qilayotgan aholi suv yetishmasligidan aziyat chekadi. Yomgʻirli kunlarda idishlarni suvga toʻldirib, ehtiyoji uchun saqlab qoʻyadi. Poliz ekinlariga quduqlardan foydalanishadi. Shu sabab shaharga nisbatan qishloqlarda suvning bir tomchisini ham isrof qilishmaydi.
Keksalarimiz “Dengiz oldida yashasang ham suvni teja”, deyishadi. Tasavvur qiling, bir kun suv boʻlmasa, hatto kir yuvish mashinasidan ham foydalana olmaymiz. Ayniqsa, shaharda kuz-qish mavsumida suv quvurlarini taʼmirlash uchun bir kun uzib qoʻysa, odamlar nima qilishini bilmay qoladi. Suv berilgach, koʻpchilik suvni tejashni unutadi. Baʼzan ichimlik suvida tomorqasini sugʻorayotgan, mashina, gilam yuvayotganlar yonidan eʼtiborsiz oʻtib ketamiz. Kafe-restoranlarga borganimizda, qoʻl yuvish uchun joʻmrakni boricha ochamiz. Holbuki, biz isrof qilayotgan suv qaysidir xonadonga yetmay qoladi. Ularni suvsizlikdan aziyat chekayotganiga oʻzimizni zigʻircha ham aybdor sezmaymiz.

Bugun dunyoda suv tanqisligi tufayli rivojlangan koʻpgina davlatlarda ekinlarni allaqachon tomchilatib sugʻorish yoʻlga qoʻyilgan. Hatto ekinzorlar “Aqlli qishloq xoʻjaligi” texnologiyasi asosida boshqariladi. Qachon yer suvsizlansa qurilmaga xabar keladi. Fermer masofadan turib sugʻoradi. Bizda ham paxta, bugʻdoy va boshqa ekin maydonlari suvni ariqlarda oqizib emas, yangi usulda sugʻorilsa, natija kutilganidan ham ziyod boʻlardi.
Yana bir mulohaza. Shahar yoki qishloqlardan oqib oʻtadigan anhor yoqalarida joylashgan “moyka”lardan chiqadigan iflos suvlar qayerga ketadi? Odatda “moyka”da faol kimyoviy vositalar ishlatiladi. Bu nafaqat inson salomatligi, balki qushlar, oʻsimliklar dunyosiga ham jiddiy zarar keltiradi. Afsuski, bunday “moyka”lar hozir qishloqlarda ham koʻpayib bormoqda. Har kuni ariqlarga tonna-tonna zaharli oqava oqiziladi. Xoʻsh, zilol suvlarimizni kim himoyalaydi? Biz “moyka”larga qarshi emasmiz, ammo undan chiqadigan zaharli oqovalar ketadigan aniq suv quvurlari bormi?

Shu yaqin orada onkologik kasalliklar shifoxonasiga yoʻlingiz tushdimi? Kimningdir ota-onasi yoki farzandi shu kasallik bilan butun umr kurashib yotibdi. Buni asosiy manbai maishiy kimyoviy vositalar emasmi? Oddiy idish yuvadigan kimyoviy moddaning sogʻliqqa qancha ziyoni bor. “Moyka” oqavalari ham baribir aylanib-aylanib ichimlik suviga qoʻshiladi. Bugʻlanib havoga singadi. Uning tarkibidagi zararli modda tuproqqa va inson tanasida qoladi. Maishiy kimyoviy vositalarni tartibga solish haqida qonunchiligimizda jiddiy oʻzgarishlar kiritilsa, aholida obu hayotga nisbatan javobgarlik hissi uygʻonadi.
Suv – tabiat inʼomi. Daraxtlar, oʻsimliklar ham. Ilgari shahar, qishloq koʻchalarida daraxtlar gurkirab oʻsardi. Shu mahalladan oʻtganda soyasida salqinlagan kishi daraxt ekkanning otasiga rahmat aytardi. Bolalar mevasidan bahramand boʻlardi. Nega hozir odamlar hovlisi, mahallasiga daraxt ekishni xohlamaydi? Kuzda daraxt bargini supurish bunga bahona boʻlolmasa kerak!

Toʻgʻri, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida millionlab koʻchat ekyapmiz. Parvarishiga kelganda yana oʻziboʻlarchilikka yoʻl qoʻyilmoqda. Qimmat narxga sotib olingan nihollar qarovsizlikdan nobud boʻlmoqda. Axir, buning ham uvoli bor.
Samarqand viloyat ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi boshqarmasi davlat inspektorlari tomonidan joriy yilning iyun-iyul oylarida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan koʻchatlarni parvarish qilish boʻyicha olib borilgan ishlar nazorat qilingan. Eʼtiborsizlik oqibatida oʻzlariga tegishli hududlarda ekilgan koʻchatlarni parvarishlash choralarini koʻrmagan 62 nafar mansabdorlar 221 million soʻm miqdorida jarimaga tortilgan. Shunday boʻlsa-da, joylarda hamon ahvol oʻzgarmayapti.

Shaharni-ku, mayli, har kuni obodonlashtirish xodimlari chiqindidan tozalaydi. Dam olish uchun togʻli hududlarga borsangiz, taʼbingiz xira boʻladi. Har bir archaning tagiga chiqindi tashlangan. Odamlar oʻzlari bilan toqqa olib chiqqan yeguliklarining qoldigʻini maxsus joyga keltirib tashlamaydi. Shu sababli togʻli hududlar ham chiqindilarga toʻlib ketgan. Shu achinarli manzarani faqat rasmga olib, ijtimoiy tarmoqlarga joylash bilan cheklanib qolyapmiz. Bunga oʻzimizni masʼul bilib, baklajka yoki sellofan paketlarni yigʻishtirib oʻrnak koʻrsatsak boʻlmadimi?

Eng achinarlisi, hozir qishloqlarda ham chiqindi koʻpayib ketdi. Yoshligimizda qishloqdagi xonadonlardan chiqindi chiqmasdi. Poʻchoqlarni mollarga, ovqat qoldiqlarini uy hayvonlari, parrandalariga berilardi. Ulardan ortgani tandir, oʻchoqqa yoqilardi. Hatto molxonadan chiqqan chiqit tomorqaga solinardi. Ammo hozir qishloqlarda ham bunday tutumli roʻzgʻorlar kamaygan. Shu sabab chiqindi mashinalariga ehtiyoj sezilmoqda.
Tabiatga bunday shafqatsiz munosabatda boʻlmaylik. Har birimiz ishxonada, uyda suvni tejasak, chiqindilarni belgilangan joyga tashlasak, bizdan farzandlarimiz oʻrnak oladi. Shuni unutmaylik!
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Bashakshehir” Turkiyaning grand klubi bilan durang oʻynadi
- Sakkizta gol urilgan oʻyinda “Barselona” gʻalaba qozondi
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- Germaniyada oʻquvchilar harbiy chaqiruvga qarshi namoyishga chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring