“Tuzkondagi beʼmanilik” nomli maqolaga “Oʻzatom” agentligi javob berdi

11:45 16 Avgust 2019 Jamiyat
1358 0

Dunyoda neft va gaz zaxiralarining kamayib borayotgani va energiya isteʼmoli ortib borayotgani natijasida energiya resurslari bozorida yuzaga kelgan raqobat sharoitida Oʻzbekiston uchun muhim muammolardan biri davlatning energiya xavfsizligini taʼminlashdir.

Barqaror iqtisodga ega, shuning bilan birga yonilgʻi-energetika resurslari taqchilligini boshdan oʻtkazayotgan mamlakatlar uchun iqtisodiy mustaqillikni taʼminlash maqsadida atom energetikasini rivojlantirish strategik ahamiyatga egadir. Shu boisdan, respublikamizda AES qurish masalasi allaqachonlar paydo boʻlgan edi.

Hozirgi vaqtda jamoatchilik, OAV vakillariga Oʻzbekiston Respublikasi hududida AES qurish loyihasini amalga oshirish jarayoni haqida maʼlumot berishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Bu borada olib borilayotgan ishlar bilan Oʻzbekiston aholisini tanishtirib borish maqsadida “Oʻzatom” agentligi tomonidan OAV, deputatlar, NNT va boshqalar uchun domiy tarzda turli tadbirlar tashkil etib kelinmoqda. Ana shunday tadbirlardan biri joriy yilning 7-iyul kuni Jizzax viloyatining Forish tumanidagi AES qurilishi uchun tanlab olingan uchastkada oʻtkazildi. Tadbirda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Oʻzbekiston Ekologiya partiyasi va Ekologiya harakati mutaxassislari, Oʻzbekiston milliy OAV hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi vakillari ishtirok etdilar.

Uchastkaga uyushtirilgan tashrif yakunlari haqida OAVda bu borada amalga oshirilayotgan ishlar haqida OAVda koʻplab maʼlumotlar berildi. Shuning bilan birga, nuz.uz axborot portalida eʼlon qilingan “Tuzkondagi beʼmanilik” sarlavhali maqolaga ham javob berildi. Shuningdek, tahririyatning yuborilgan savollarga javob berish haqidagi iltimosiga koʻra, “Oʻzatom” agentligi quyidagilarni maʼlum qiladi.

AES qurish uchun tanlangan hudud xavfsizlikning eng qatʼiy va eng zamonaviy talablariga javob berishini asoslash uchun biz tomonimizdan amalga oshirilgan keng koʻlamli muhandislik izlanishlari va ekologik tadqiqotlar batafsil yoritilgan, bunga odamlarning ishonishi daʼvat etilgan keng koʻlamdagi tizimli maqolasi uchun biz muallifdan minnatdormiz. Maqola muallifi amalga oshirilayotgan yoki boshlanish arafasida turgan oʻtkazilishi lozim boʻlgan barcha izlanishlar, ekologik tadqiqotlarni deyarli barchasini sanab oʻtgan. Yana qaysi soha oʻz obyekti uchun xuddi shu tartibda sinchkovlik va ilmiy asoslarga tayanib hudud tanlaydi?

Biroz tarix haqida. 2017-yil 29-dekabrda Toshkent shahrida Oʻzbekiston Respublikasi hukumati va Rossiya Federatsiyasi hukumati oʻrtasida tinch maqsadda atom energiyasidan foydalanish toʻgʻrisida Kelishuv imzolangandan soʻng respublikada AES qurish uchun ehtimoliy hudud qidirish ishlari boshlab yuborildi.

AES qurilishining texnik jihatlari boʻyicha tashkil etilgan ishchi guruhi Yadro fizikasi instituti, Fanlar akademiyasining seysmologiya instituti, Davlat geologiya qoʻmitasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Suv xoʻjaligi vazirligi, FFV, “Oʻzbekenergo” AJ, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ vakillaridan iborat tarkibda shakllantirilib, Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan ishchi guruh oldiga AES qurish uchun mumkin qadar xavfsiz, iqtisodiy samarali va himoyalangan hududni aniqlash vazifasi qoʻyildi. 2018-yil aprel oyida ishchi guruh tomonidan Samarqand, Jizzax va Navoiy viloyatlaridagi ehtimoliy 10 ta hudud taqdim etildi.

Ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan materiallar sinchkovlik bilan oʻrganib chiqilgandan soʻng, 3 ta potensial punkt (har bir punktda bir qancha ehtimoliy hududlar koʻzda tutilgan) – Toʻdakoʻl suv ombori yaqinidagi 1 ta va Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi yaqinidagi 2 ta hudud tanlab olindi.

Mutaxassislar tomonidan toʻplangan materiallarga asoslanilgan holda taqdim etilgan hududlarning gidrogeologik, muhandis-geologik va geomorfolok sharoitlari, geografik joylashuvi, geologik tuzilishi, seysmik bardoshligi va atrof-muhitning boshqa jihatlari oʻrganib chiqildi.

Mutaxassislar tomonidan toʻplangan maʼlumotlarni tahlil etishga Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti “Energoproyekt” (Ukraina) mustaqil ekspert tashkiloti sifatida jalb etildi hamda tanlangan ehtimoliy hududda AES qurilishiga monelik qiluvchi omillar tahlil etildi.

Tahlil natijalari ehtimoliy hududda taqiqlovchi omillar mavjud emasligini koʻrsatdi.

AES qurilishi uchun joy tanlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi seysmologiya instituti, Davlat geologiya qoʻmitasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Avtomobil yoʻllari davlat qoʻmitasi, Suv xoʻjaligi, FFV hamda xorijlik maslahatchi - Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti “Energoproyekt” (Ukraina) vakillari bilan hamkorlikda “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari bilan kelishgan holda muhandislik tadqiqotlarining bosqichma-bosqich dasturi ishlab chiqildi va tasdiqlandi.

Tasdiqlangan muhandislik tadqiqotlari dasturiga koʻra, 2018-yilning avgust oyidan 2019-yilning mart oyigacha AES qurilishi rejalashtirilgan ehtimoliy hududlarda muhandislik-tadqiqot ishlarining birinchi kompleks bosqichi amalga oshirildi. Jumladan, Navoiy va Buxoro viloyatlaridagi, Toʻdakoʻl suv ombori yaqinidagi 4 ta maydoncha, Jizzax viloyatining Aydar-Arnasoy koʻllar tizimiga mansub Tuzkon koʻli yaqinidagi 3 ta maydonchalarda oʻrganish ishlari olib borildi.

Yuqorida koʻrsatilgan hududlarda oʻtkazilgan kompleks tadqiqot ishlarida Oʻzbekiston Respublikasining 20 ga yaqin vazirlik, idora va tashkilotlari, xususan, Sogʻliqni saqlash vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Suv xoʻjaligi vazirligi, Davlat geologiya qoʻmitasi, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Seysmologiya instituti, Fanlar akademiyasining botanika va yadro fizikasi institutlari, “UzLITIEngineering” QK MCHJ, “OʻzGASHKLITI” DUK, “Oʻzbekgidrogeologiya” DUK, “GIDROINGEO instituti” DK, “Oʻzgidromet” va boshqalar ishtirok etdi. Ekspert-maslahatchi sifatida “Atomenergoproyekt” (Rossiya) loyiha instituti jalb etildi.

Amalga oshirilgan ishlar MAGATEning taqiqlovchi omillar majud emasligini hisobga oluvchi xavfsizlik meʼyorlari (Asosiy xavfsizlik tamoyillarini belgilovchi SF-1, NS-R-3 rev.1 va SSG-35 yadro qurilmalarini oʻrnatish uchun joy tanlash) hamda Rossiya Federatsiyasining atom stansiyalarini qurish sohasidagi (NP-032-01, NP-31-01 va NP-064-17) meʼyoriy hujjatlariga amal qilingan holda oʻtkazildi.

Toʻdakoʻl va Aydarkoʻl punktlarida amalga oshirilgan muhandislik tadqiqot ishlarining birinchi bosqichi yakunlangach, “Atomenergoproyekt” AJ tomonidan AES qurilishi uchun munosib joy tanlangani haqida ijobiy xulosa tayyorlandi va taqdim etildi.

2019-yil 7-mayda Respublika ishchi komissiyasi va “Oʻzatom” agentligining ilmiy-texnikaviy va ekspert kengashining qoʻshma majlisi oʻtkazilib, unda masʼul tashkilotlarning muhandislik tadqiqot ishlarining birinchi bosqichini oʻtkazish boʻyicha hisobotlari tinglandi.

Masʼul tashkilotlar va Rossiyaning “Atomenergoproyekt” loyiha institutining muhandislik-qidiruv ishlarining birinchi bosqichi natijalari haqidagi hisobotlari har tomonlama muhokama qilinganidan soʻng atom elektr stansiyasi qurilishi uchun eng maqbul joy sifatida Aydar-Arnasoy koʻllar tizimidagi Tuzkon koʻli yaqinidagi hudud tanlab olindi.

Stansiyani joylashtirish ishlari Oʻzbekiston Respublikasining “Radiatsion xavfsizlik toʻgʻrisida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga, SanPiN RUz 0193-06, SanPiN RUz 0251-08 sanitariya meʼyor va qoidalariga, Rossiya Federatsiyasining (texnologiya taʼminotchisi) “Atom stansiyalarini joylashtirish. Xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha asosiy mezon va talablar” NP-032-01 va boshqa meʼyoriy hujjatlari, MAGATE rahbariyatining AES qurilishi uchun joy tanlashda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha (№ 50-C-S, № 50-SG-S1 (rev.1), № 50-CG-S5, № 50-SG-S7, № 50-SG-S9, № 50-SG-S11A, № 50-SG-S11B) tavsiyalariga amal qilgan holda olib boriladi.

Shu oʻrinda alohida qayd etish kerakki, yuqoridagi maqola muallifi Toʻdakoʻl hududida AES qurilishi loyihasini amalga oshirish tantanali boshlanganini taʼkidlaganki, bu haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. 2018-yil 19-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi prezidenti Sh.M. Mirziyoyev va Rossiya Federatsiyasi prezidenti V.V. Putin ramziy tugmani bosish orqali loyiha boshlanishiga start bergan edilar. Tadbir vaqtida Oʻzbekiston Respublikasi Energetika vaziri A.S.Sultonov, “Rosatom” davlat korporatsiyasi rahbari A.Ye. Lixachev, mahalliy hokimiyat vakillari va jamoatchilik hozir boʻlib turgan Jizzaxdagi maydoncha bilan telekoʻprik oʻrnatilgan edi. Ushbu tadbir barcha milliy va koʻplab xorijiy OAVlarda yoritilgan edi.

Maqola muallifi ustuvor maydonchaga yaqin joydagi Uch-Quloch konidan ruda va noruda jinslar qazib olib istiqbollarini muhokama qilgan. Qayd etish kerakki, konda ruda va noruda jinslarni qazib olish AES faoliyatiga hech qanday taʼsir koʻrsatmaydi. Taʼkidlash joizki, foydali qazilmalari borish qiyin boʻlgan hududlarda joylashgan dunyoning koʻplab mamlakatlari uchun atom energetikasi qazuvchi korxonalar uchun yagona elektr manbai hisoblanadi.

Maqola muallifining AES qurish uchun avvaliga Toʻdakoʻl suv omboriga yaqin hudud tanlab olingani, keyin bu maydondan voz kechilib, Tuzkon koʻli hududiga eʼtibor qaratilgani haqiqatga toʻgʻri kelmaydi. Maydoncha tanlanishi yadro regulyatori, bizda bu ish bilan Oʻzbekiston Respublikasi davlat sanoat xavfsizligi qoʻmitasining maxsus ruxsati bilan amalga oshiriladi. Ayni vaqtda esa, yuqorida taʼkidlab oʻtilganidek, Toʻdakoʻl va Aydarkoʻl hududlarida oʻtkazilgan birinchi bosqich muhandislik tadqiqotlaridan soʻng ustuvor maydoncha tanlab olingan. AES uchun yakuniy joy tanlash uchun Atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish baholovi (OVOS) tayyorlanib, u MAGATE qoidalari asosida ishlab chiqilgan va majburiy tartibda ekspertizadan oʻtkaziladi, shuningdek, jamoatchilik eshituvi uchun qoʻshni mamlakatlar taqdim etilgan.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda qayd etish joizki, OVOS nafaqat fond va arxiv materiallari asosida, balki AES uchun maydoncha tanlash maqsadida amalga oshirilgan muhandislik qidiruv ishlarining 1 va bosqich natijalari, AES qurilishining texnik loyihalari muhandislik tadqiqotlari asosida tayyorlandi. Bunda oxirgi uch yil davomidagi tadqiqotlar materiallariga ham murojaat qilingan boʻlib, ular belgilangan qoida va meʼyorlarga muvofiq AESning atrof-muhitga koʻrsatadigan taʼsirini kamaytirishga qaratilgan tahlil va tadbirlarni rejalashtirishga yetarlidir.

Maqola muallifining amalga oshirilgan tadqiqot ishlari “Oʻzatom” agentligi tomonidan toʻliq moliyalashtirilmagan, degan fikri ham haqiqatdan yiroq. “Oʻzatom” agentligi tomonidan pul mablagʻlari muhandislik tadqiqot ishlari boʻyicha bosh pudratchi “OʻzGASHKLITI” DUKga oʻz vaqtida toʻlab berilgan, shunga muvofiq tarzda, bosh pudratchi esa subpudrat tashkilotlariga oʻz vaqtida mablagʻlarni toʻlagan. Ushbu masalani oʻrganish maqsadida joriy yilning 4-avgust kuni “Oʻzatom” agentligi bosh direktorining birinchi oʻrinbosari va “Oʻzatom” agentligining AES qurish ishlari boʻyicha Direksiyasi direktori joyga chiqqan holda muhandislik tadqiqot ishlarining olib borilishi bilan tanishdilar. Maydonchada ishlayotgan shaxsiy tarkib va xodimlar bilan oʻtkazilgan muloqotda maʼlum boʻldiki, muhandislik-tadqiqot ishlarida ishtirok etayotgan barcha subpudrat tashkilotlarining ishchilariga oylik ish haqlari belgilangan jadvalga asosan oʻz vaqtida berilmoqda, hech qanday qarzdorlik holatiga yoʻl qoʻyilmagan. Qizigʻi shundaki, shunchalik uzoq yoʻlni bosib oʻtgan muallif shtabga kirib, rasmiy shaxslardan maʼlumot olishni oʻziga ep koʻrmapti. Shu oʻrinda tadqiqot ishlari va ularning xarajatlariga doir ehtimoliy savollarni inobatga olib aytish kerakki, istalgan mamlakatda bu kabi maʼlumotlarga faqat muayyan toifadagi mutaxassislar ega boʻladi va ularni tarqatishga cheklov oʻrnatiladi. Ochiq maʼlumotlarni esa biz jamoatchilikka har bir bosqich natijalari boʻyicha eʼlon qilib boramiz. Oʻz navbatida sarflanayotgan xarajatlar bir qancha vazirlik va idoralar tomonidan qatʼiy nazorat etilishini ham eslatib oʻtamiz.

Maqola muallifi AES chiqindilari masalasida mulohaza yuritishda ham yanglishgan. Gap shundaki, radioaktiv suvlar bironta texnik yoki texnologik yechimlarda va reglamentlarda tashqi muhitga chiqarib tashlash koʻrsatilmagan. Bu ehtimoldan uzoq va amalda mumkin ham emas. Birinchi konturdagi suv (anigʻi, suv emas, balki bor eritmasi) reaktorning mustahkam germetik birinchi konturida, quvurlarda va boshqa qurilmalarda saqlanib, chuqur tizimli uchinchi himoya qatlami bilan muhofazalangan. Bordiyu ushbu konturlarning, masalan, quvurlar liniyasi, zanglashiga yoʻl qoʻyilsa ham, loyihalash bosqichida muhandislar har bir bunday vaziyatni inobatga olib, loyihani tayyorlashda shunday ehtimoliy omillarni hisobga olganlar va muammoni bartaraf etishga doir xavfsizlik choralari ishlab chiqilgan.

Loyihachilarda hatto loyihalashtirilgan (yaʼni oldindan eʼtiborga olingan) halokat, degan termin mavjud. AES xavfsizlik tizimi esa xavfsizlik borasida muhim oʻrin tutuvchi quvurlardagi holatni har soniyada monitoring qilib boradi va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan salbiy holatlarni ishonchli tarzda avtomatik bartaraf eta oladi. Shunday ekan, “chiqindi suvlari” va “radioaktiv sizish” kabi gaplar nooʻrin fantaziyadan boshqa narsa emas.

Maqola muallifi shuningdek, 2008-yilda jahon jamoatchiligi Oʻzbekistonning murojaatini koʻrib chiqib, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi suv-botqoq hududlari boʻyicha xalqaro Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritilganiga urgʻu beradi.

Haqiqatan ham, 2008-yilda parrandalarni saqlashda muhim ahamiyatga ega boʻlgan Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi suv-botqoq hududlari boʻyicha xalqaro Ramsar konvensiyasi roʻyxatiga kiritilgan. Qayd etish kerak, Ramsar konvensiyasi qoidalariga binoan, hududning uning roʻyxatiga kiritilishi xoʻjalik faoliyatiga hech qanday cheklov oʻrnatmaydi. Faqat yagona sharti shundaki – suvboʻyi qushlari va ularning makonlarini himoya etish choralari amalga oshirilishi lozim. Oʻrni kelganda aytish kerakki, Aydar-Arnasoy koʻllar tizimi Oʻzbekiston suv havzalari orasidagi eng katta koʻllardan biridir. Migratsiya va qishlov davri qushlar uchun muhim ahamiyat kasb etadi. Biroq, tadqiqotlar shuni koʻrsatdiki, mazkur suv havzasida qushlar suv sathi doimo bir xil boʻlmagani, qirgʻoq oʻsimliklarining koʻpligi va gidrobiologik obyektlarning koʻchishi - oziq-ovqat taʼminoti sababli toʻxtash joyini doimiy tarzda oʻzgartirib turadi. Shunday qilib, AES qurilishi va ekspluatatsiyasi jarayonida Tuzkon koʻlining qirgʻoq chizigʻi va suv sathidan ekologik xavfsizlik talablariga muvofiq foydalanish Ramsar konvensiyasining qoidalarini buzmaydi. Shu bilan birga, Oʻzbekiston Respublikasi Toʻdakoʻl koʻli va Quyimozor suv ombori va Janubiy Orol mintaqasidagi bir qator koʻllarni Ramsar roʻyxatiga kiritish uchun hujjatlar toʻplami tayyorlaganini va ular konvensiya shartlariga toʻliq javob berishini ham inobatga olish kerak.

Maqola muallifining ishlatilgan yadro yoqilgʻisi va radiofal chiqindilar masalasida xavotir olayotganiga javoban shuni maʼlum qilamizki, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi oʻrtasidagi respublika hududida atom elektr stansiyasi qurish va ekspluatatsiya qilish toʻgʻrisidagi Hukumatlararo kelishuvga koʻra, foydalanilgan yadro yonilgʻisi va radioaktiv chiqindilar alohida kelishuv va shartnomalar boʻyicha muvofiqlashtiriladi. Bunda xorijiy tajriba inobatga olingan holda, radioaktiv chiqindilar ishlab chiqarilgan mamlakatida saqlanadi. “Oʻzatom” agentligi vakillari xorijdagi AESlarning bu boradagi faoliyatini Yaponiya, Vengriya, Rossiya, Ukraina va AQSH oʻz koʻzlari bilan koʻrib amin boʻldilar.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasi 1968-yil 1-iyuldagi yadro qurolini tarqatmaslik toʻgʻrisidagi Shartnoma, 1979-yil 26-oktyabrdagi Yadroviy materiallarni va yadroviy qurilmalarini jisman himoya qilish toʻgʻrisidagi Konvensiya, 1997-yil 5-sentyabrdagi Ishlatib boʻlingan yoqilgʻi bilan muomalada boʻlish xavfsizligi toʻgʻrisidagi va radioaktiv chiqindilar bilan muomalada boʻlish xavfsizligi toʻgʻrisidagi birlashgan Konvensiya aʼzosi hisoblanib, ishlatilgan yoqilgʻilarni qayta ishlash uchun Rossiya Federatsiyasiga tashish rejalashtirilgan.

Qayta ishlash jarayonida barcha qimmatbaho yadro materiallari olinadi, qolgan qismi bugʻlash va presslash yoʻli bilan mustahkamlanadi va keyinchalik Oʻzbekistonga qaytariladi. Rossiya qonunlariga koʻra, mamlakatga radioaktiv chiqindilarni olib kirish taqiqlanadi. Har bir mamlakat oʻz hududida radioaktiv chiqindilarni saqlashi lozim.

Shu boisdan “Oʻzatom” agentligi va “Rosatom” davlat korporatsiyasi mutaxassislari ushbu masala, yaʼni ishlatilgan yadro yoqilgʻisi va radioaktiv faol chiqindilar boʻyicha uzviy hamkorlikda ish olib bormoqdalar. Yaqin vaqt ichida bu borada xalqaro tajriba inobatga olingan holda yadro yoqilgʻisi va radioaktiv faol chiqindilarga doir Strategiya ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.

Joriy yilning 15-may kuni “Oʻzatom” agentligi binosida Atom texnologiyalari boʻyicha axborot markazi ochildi. Uning asosiy maqsadi hayotimizning barcha sohalarida qoʻllanilayotgan atom texnologiyalari xususida tashrif buyuruvchilarga toʻlaqonli maʼlumot berishdir. Bugungi kungacha Axborot markaziga 1000 dan ortiq kishi, shu jumladan, oʻquvchilar va talabalar, oʻqituvchi va olimlar, deputatlar, NNT hamda OAV vakillari va boshqalar tashrif buyurdilar. Shu oʻrinda qayd etish kerakki, “Oʻzatom” agentligi oʻz faoliyati boʻyicha doimo ochiqdir. AES qurilishi loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va yadro infrastrukturasini yaratishga doir barcha maʼlumotlar oʻz vaqtida hamda toʻliq hajmda taqdim etiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, maʼlum qilamizki, maqola muallifi, shuningdek barcha qiziqqan jurnalistlar istalgan vaqtda “Oʻzatom” agentligi vakillari bilan belgilangan tartibda aloqaga chiqishlari, shundan soʻng oʻzlarini tashvishga solgan savollarga javob olish uchun tegishli mutaxassislar bilan uchrashuv tashkil etilishi mumkin. Shu munosabat bilan, biz hech qanday maʼlumot berishga vakolati boʻlmagan qoʻriqchilar bilan aloqada boʻlishni maqsadga muvofiq emas, deb bilamiz. Shu oʻrinda eslatib oʻtamizki, Axborot markazi faoliyati doimo ochiq boʻlsada, undagi manba va maʼlumotlardan foydalanish uchun oldindan ogohlantirib qoʻyish lozim. Negaki, markazda oʻrnatilgan tizim va multimeda qurilmalarini ishga tushirish uchun muayyan vaqt talab etiladi. Oʻrni kelganda maqola muallifi “Oʻzatom” agentligiga kelgan vaqtga eʼtibor qaratib, u soat 18-00 dan soʻng, rasmiy ish vaqti tugaganidan soʻng kelganini taʼkidlab oʻtamiz. Shunga qaramasdan, agentlik boshqarmasi boshligʻi tomonidan tushuntirish berilganiga qaramasdan, muallif qoʻriqchining soʻzlaridan kelib chiqqan holda xulosa chiqargani, professional etikaga toʻgʻri kelmasligini ham bildiramiz.

“Oʻzatom” agentligi rahbariyati fuqarolarimizning barcha savollariga javob berishga, shuningdek ular qabul qilishni soʻrashsa, bunga ham doim tayyor ekanligini maʼlum qiladi. Shu boisdan, barchaga murojaat qilamizki, kimdadir qanday savollar boʻlsa, ularni bizning rasmiy manzilimizga yoki elektron pochtamizga yuborishlari, shuningdek telefon orqali maʼlum qilishlari mumkinligini bildiramiz.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?