Turkiyalik olim Aziz Sanjar Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻldi

12:41 14 Noyabr 2024 Madaniyat
544 0

Ajdodlarimiz umumbashariy madaniyat va sivilizatsiya taraqqiyotiga naqadar ulkan hissa qoʻshgani hammamizga yaxshi maʼlum. Ular orasida shunday bir ulugʻ zot borki, u oʻzining bebaho adabiy, ilmiy asarlari, ularda ilgari surgan sermazmun gʻoyalari bilan asrlar osha yashab, tafakkur va koʻngil bogʻlarini yashnatib kelmoqda. Bu, albatta, ulugʻ shoir, mutafakkir va davlat arbobi Alisher Navoiydir.

Uning avlodlarga qoldirgan mislsiz xazinasini oʻqib-oʻrganish, targʻib etish, nomini abadiylashtirish borasidagi xayrli ishlar bugun nafaqat yurtimizda, balki xorijda ham yakdillik bilan davom ettirilmoqda. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan bildirilayotgan fikrlar, hayotga tatbiq qilinayotgan tashabbuslarda ham bu oʻz aksini topmoqda.

Davlatimiz rahbari 2021-yil 31-mart kuni Turkiy tilli davlatlar hamkorlik Kengashi (hozirgi Turkiy davlatlar tashkiloti)ning videoanjuman shaklida oʻtgan norasmiy sammitida ishtirok etib, buyuk bobokalonimizning turkiy dunyo maʼnaviy-maʼrifiy hayotiga qoʻshgan beqiyos hissasini inobatga olgan holda fan, taʼlim, adabiyot, sanʼat, ijtimoiy sohalardagi yutuqlar hamda turkiy dunyo birligini mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarni ragʻbatlantirish maqsadida Turkiy kengash doirasida Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotni taʼsis qilishni taklif etgandi. Bu taklif sammit ishtirokchilari tomonidan toʻliq qoʻllab-quvvatlandi va oradan koʻp oʻtmay Turkiy davlatlar tashkilotining 2021-yil 12-noyabrda Istanbul shahrida oʻtkazilgan VIII sammitida ushbu nufuzli xalqaro mukofot taʼsis qilindi.

Mazkur mukofot butun turkiy dunyoda juda iliq kutib olindi. Zotan, buyuk oʻzbek shoiri va mutafakkiri nomi, bebaho merosi, benazir faoliyati jahon ahli, xususan, turkiy qardosh xalqlar uchun ham faxr-iftixor va ibrat timsolidir.

Yaqinda Qirgʻiz Respublikasining Bishkek shahrida boʻlib oʻtgan Turkiy davlatlar tashkiloti Tashqi ishlar vazirlari kengashi yigʻilishida turkiyalik mashhur kimyogar olim, Nobel mukofoti sovrindori Aziz Sanjar Alisher Navoiy nomidagi xalqaro mukofotga sazovor boʻldi.

Nufuzli mukofot sohibi oʻzining quvonch va faxr-iftixor tuygʻularini telefon orqali quyidagicha bayon etdi:

Qayd etish joizki, keyingi yillarda Aziz Sanjar Oʻzbekistonga bir necha bor keldi. U poytaxtimiz va viloyatlardagi qator oliygohlar hamda ilmiy muassasalarda talabalarga qiziqarli maʼruzalar oʻqib, oʻz bilim va mahoratini, tajribasini navqiron avlod vakillariga ulashib kelmoqda.

Atoqli olim intervyularining birida “Oʻzbekiston — mening ham Vatanim”, deya eʼtirof etgan edi. Shu maʼnoda, bu insonning erishayotgan muvaffaqiyatlari bugungi avlodlarning Alisher Navoiy kabi ulugʻ ajdodlarimizga munosib boʻlishga intilayotgani ifodasidir.

— Zamonamizning donishmand davlat arbobi, Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan taʼsis etilgan Alisher Navoiy mukofotiga munosib topilganimdan juda mamnunman. Dunyoning eng buyuk shoiri va mutafakkirining muborak nomi bilan atalgan mukofot men uchun Nobel mukofoti kabi aziz va qadrli. Shu bilan birga, bu yuksak eʼtirof zimmamga buyuk dahoga munosib boʻlishdek ulkan masʼuliyat yuklaydi.

Oʻzbekiston — dunyoda ikki bor Uygʻonish davrini boshidan oʻtkazgan, bebaho madaniy va maʼrifiy merosga ega zamin. Bu qadimiy va navqiron yurt bugun uchinchi Renessans poydevorini tiklamoqda. Bu yoʻlda siz, qardoshlarimga muvaffaqiyatlar tilayman hamda butun turkiy dunyo qatori men ham hamisha yoningizda ekanimni hamda mamlakatingizning dadil qadamlarini qoʻllab-quvvatlashimni bildiraman.

Ota yurtimiz — Oʻzbekiston gullab-yashnasin va doimo bor boʻlsin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер