Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasida turizm sohasida hamkorlik memorandumi imzolandi

15:59 28 Fevral 2025 Jamiyat
86 0

Turkiya Madaniyat va turizm vazir Mehmet Nuri Ersoy hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Muloqotda yakunida Turkiya Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi bilan Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi oʻrtasida turizm sohasidagi Kelishuv bayonnomasi va Harakatlar rejasini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi.

— Oʻzbekiston tarixiy va madaniy boyliklari bilan dunyoning eng muhim turizm yoʻnalishlaridan biridir, — deydi Mehmet Nuri Ersoy. — Samarqand, Buxoro va Xiva kabi betakror shaharlar nafaqat Markaziy Osiyo, balki butun dunyo madaniy merosida muhim oʻrin tutadi. Bundan tashqari, oʻzbek taomlari, anʼanaviy hunarmandchilik va sayyohlik sohasidagi noyob tajribalari Oʻzbekistonning turizm sohasidagi oʻrnini yanada mustahkamlamoqda.

Qayd etilishicha, ikki davlatda ham turizm sohasida hamkorlikni kengaytirish uchun koʻplab imkoniyatlar mavjud. Hozirda turizm va madaniy sohalardagi hamkorlik eng yuqori darajada davom etmoqda.

— Hamkorligimizni davom ettirish va yanada rivojlantirish mamlakatlarimizning maqsadlari qatoriga kiradi, — deydi Mehmet Nuri Ersoy. — Ana shu maqsadga xizmat qiladigan har qanday loyihaga oʻz hissamizni qoʻshishga tayyormiz. Soʻnggi yillarda ikki davlat oʻrtasida havo qatnovida jiddiy oʻsish kuzatdik. Kelajakda ikkala davlat hissasi bilan bu oʻsishning davom etishini taʼminlaymiz. Turli shaharlardan maqsadli yoʻnalishlarga parvozlar sonini oshiramiz va parvoz rejalariga yangi yoʻnalishlarni kiritamiz. Umid qilamanki, ushbu chora-tadbirlar turizm sohasidagi hamkorligimizni yanada mustahkamlashga turtki boʻladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Turkiya va Oʻzbekiston oʻrtasidagi qardoshlik aloqalari azaldan boʻlganini, turizm ikki davlatning mushtarak jihatlaridan biri ekanini taʼkidladi.

— Ushbu Kelishuv bayonnomasi va Harakatlar rejasi biz qoʻyadigan qadamlar nuqtayi nazaridan nihoyatda muhim, — deydi Aziz Abduhakimov. — Ushbu hujjatlarda turizm maskanlarini bogʻlaydigan aviaqatnovlarni koʻpaytirish, Oʻzbekistonda Turkiyaning va Turkiyada Oʻzbekistonning turizm salohiyatini yanada kengroq targʻib qilish, Moturidiy, Naqshbandiy va Buxoriy tariqatlari izdoshlarining Turkiya markaziy va sharqiy muzofotlarida istiqomat qiladigan yirik jamoalarini Oʻzbekistonga kengroq jalb etish, muzeylar oʻrtasida hamkorlikni kengaytirish, madaniy tadbirlarni koʻpaytirish, “Turk qardoshlar” dasturini amalga oshirish, davlatlarimiz tarixini oʻzaro chuqurroq oʻrganish, hamkorlikda kino asarlari yaratish, Oʻzbekistonda jadal rivojlanib borayotgan turizm yoʻnalishlari – ekoturizm, ekstremal turizm, ziyorat turizmiga bagʻishlangan tematik, foto koʻrgazmalar tashkil qilish, turkiyalik sayyohlarning Buxorodagi 7 ta Pir ziyoratgohlariga sayohatlarini yoʻlga qoʻyish, Turkiya muzeylarida Oʻzbekiston muzey eksponatlari burchaklarini yaratish, Turkiyaning yirik sanʼat dargohlari, park va bogʻlarida Oʻzbekiston tomonidan YUNESKO nomoddiy madaniy meros roʻyxatiga kiritilgan baxshichilik, maqom sanʼati va lazgi raqsi namoyishlari, madaniy festivallar va “open-air” tadbirlarini oʻtkazish, turkiyaliklar uchun, ularning talab va istaklariga mos turistik mahsulotlar yaratish maqsadida turoperatorlar, restoratorlar, turizm infrastrukturasiga sarmoya kiritadigan kompaniyalarni Oʻzbekistonga jalb qilish, aeroportlarda, mehmonxona, kafe va restoranlarda turk tilida koʻrsatkich belgilarini oʻrnatish, menyular yaratish, turk turistlariga moslashtirilgan marshrut, ekskursiya va turlar hamda davlatlar kulinariyasini birlashtirgan restoranlar tashkil qilish kabi ustuvor vazifalar oʻz ifodasini topgan.

Ayni paytda Oʻzbekistondan Turkiyaga 250 ming, Turkiyadan Oʻzbekistonga 150 ming nafardan ortiq sayyoh kelmoqda. Tomonlar ushbu raqamlarni bir million kishiga yetkazishni maqsad qilgan holda ish olib borishga kelishib oldi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер