Turizm – Farg‘onaning brendiga aylanadi

18:02 06 Aprel 2023 Welcome to uzbekistan
2335 0

Foto: Xalq so'zi

Prezidentimiz raisligida shu yilning 29 mart kuni mamlakatimiz turizm salohiyatini oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilishda soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar tahlil va tanqid ruhida o‘rganildi. Bu borada ertangi kun istiqbolini ta’minlash  maqsadida bir qator ustuvor vazifalar belgilandi. 

 Darhaqiqat, bugun dunyoda turizm mamlakat iqtisodiyotini jadal rivojlantirish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investisiyalar jalb qilish va jahon hamjamiyatida jozibadorligini oshirishda strategik tarmoq hisoblanadi. Shu bois Fransiya, Ispaniya, Germaniya, AQSH, Turkiya, Xitoy va Janubiy Koreya singari jahonning rivojlangan davlatlari iqtisodiyotida turizm infratuzilmasining xizmatlari beqiyos.

 Ayni paytda ushbu soha faoliyatini jahon andozalari darajasida rivojlantirish maqsadida Farg‘ona viloyatida keyingi yillarda ko‘zga tashlanayotgan yangilanish va o‘zgarishlar e’tiborga loyiq.

Bitta xorijiy sayyoh besh kunda 350 dollar xarajat qiladi

Farg‘ona viloyati hokimligi tashabbusi bilan o‘tkazilgan tahlil natijalariga ko‘ra, bugungi kunda viloyatga kelayotgan chet elliklarning aksariyati 50 va undan yuqori yoshdagi sayyohlardir. Xorijlik turistning ikki kunlik sarf-xarajati o‘rtacha 182 dollar. Shu sababli, birinchi navbatda turizm xizmatlari jozibadorligini oshirish hisobiga sayyohlar uchun besh kunlik dasturlar ishlab chiqish belgilandi. Hisob-kitoblarga qaraganda, bir nafar chet ellik sayyoh besh kunda viloyatda o‘rtacha 330-350 dollar xarajat qiladi.

Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi axborot xizmati ma’lum qilishicha, joriy yilda viloyatda umumiy qiymati 1 trln 117 mlrd 245 mln so‘mlik 66 ta loyihani amalga oshirish hisobiga turizm sohasida 1,5 mingdan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratish ko‘zda tutilmoqda. 2023 yili viloyatda turizm  va unga yondosh sohalarda 18 mingta doimiy ish o‘rni tashkil etish maqsadida shahar-tumanlar kesimida aniq reja ishlab chiqildi.

Shu tariqa viloyatda turistik ob’yektlar soni 370 taga yetkazilib, sayyohlarga 100 ga yaqin turoperatorlar xizmat ko‘rsatishi ta’minlanadi. Umuman olganda, joriy yilda turizm axborot markazlari, Wi-Fi zonalari, transport va gidlar faoliyatini kengaytirilishi hisobiga sohaning xizmat ko‘rsatish ko‘lamini kamida 30 foizga oshirish rejalashtirilmoqda.

2023 yili “O‘zbekiston bo‘ylab sayyohat qil!” dasturi doirasida 1 mln 500 ming, shu bilan birga 300 ming nafar xorijlik sayyohlarni Farg‘onaga jalb etish maqsad qilingan.

Sayyohlik har bir shahar-tumanda rivojlanishi kerak

 Ma’lum bo‘lishicha, bugungi kunda viloyatning Qo‘qon, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari, Rishton tumanida boshqa hududlarga qaraganda turizm yaxshi rivojlangan.

2022 yili viloyatda 15 ta turistik xizmatlar ko‘rsatilib, turizm eksporti hajmi 46,5 mln dollarni tashkil etdi. Mutaxassislar joriy yilda viloyatda qo‘shimcha xizmat turlarini kengaytirish orqali turizm eksporti hajmini 100 mln dollarga yetkazish mumkinligini hisob-kitob qilishdi.

- Bu yil viloyatda turizmni drayver sohalardan biriga aylantirish maqsadida har bir shahar-tuman kesimida alohida “yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi,-deydi Farg‘ona viloyati turizm va madaniy meros bosh boshqarmasi mutaxassisi Nodira Zokirova. – Xususan, Dang‘ara tumanida safari turizmi, Oltiariqda agroturizm va tibbiyot turizmi, Yozyovonda gastronomik va Beshariq tumanida ov turizmi bo‘yicha turistik marshrutlarni ko‘paytirish, xizmat sifati va salmog‘ini oshirish vazifasi belgilandi.

Qo‘qon – dunyoda “latif” maqomiga ega yagona shahar

Prezidentimizning “Turkiy davlatlar bilan turizm sohasidagi hamkorlikni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, Qo‘qon shahrida 12 ta moddiy-ma’naviy meros ob’yektlarni restavrasiya qilish va mukammal ta’mirlashga kirishildi. Latif shaharda tashkil etilgan yangi turizm ko‘chalari yoritish tizimini yaxshilashga 2 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi. Landshaft arxitekturasi bo‘yicha barpo etilayotgan so‘lim xiyobonlar bo‘ylab 500 ta dekorativ soyabonli o‘rindiqlar o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lib, bugungacha 100 dan ortiq o‘rindiqlar o‘rnatildi.

Jahon hunarmandlari shahri sifatida ham endilikda Qo‘qonning dovrug‘i yetti iqlimda mashhur bo‘lmoqda. Bu borada Turizm sohasida ekspert - O‘zbekistonning Buyuk Britaniyadagi turizm brendi elchisi Sofi Ibbatson bu qadimiy kentning ko‘hna qit’adagi “tashrif qog‘ozi” bo‘lib xizmat qilayotir. Xo‘qandi latifning turkiy davlatlar, Osiyo, Amerika qit’asi mamlakatlaridagi turizm elchilari ham shaharga butun dunyo sayyohlarini chorlash uchun astoydil harakat qilmoqdalar.

   Yaqinda Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki delegasiyasi Qo‘qonda bo‘lib, bu yerda amalga oshirilayotgan turizm loyihalarini qo‘llab-quvvatlashga katta qiziqish bildirdi. Delegasiya rahbari Piter Nizette va shahar hokimi Ma’rufjon Usmonov ishtirokida o‘tkazilgan muloqotda madaniy-tarixiy meros ob’yektlarini rekonstruksiya qilish, infratuzilma va transport sohasini rivojlantirish masalalari bo‘yicha bir qator kelishuvlarga erishildi.

   -Qo‘qon dunyoda “latif” maqomiga ega yagona shahar,-deydi Qo‘qon shahar hokimligi axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Norboyev. – Tarixiy manbalarda keltirilishicha, Qo‘qon adabiy muhiti o‘zbek mumtoz adabiyotiga 300 nafar ijodkorni tarbiyalab bergan. Madaniyat, san’at va hunarmandchilik kabi ko‘plab sohalarda o‘ziga xos maktablar yaratilgani tahsinga loyiq. Turizmni rivojlantirishda bu kabi o‘ziga xos jihatlardan samarali foydalanish zarur.

Farg‘onaning ertangi kun istiqboli

2023 yil fevral oyining dastlabki kunlari viloyatga tashrif buyurgan davlatimiz rahbari barcha sohalar rivoji yo‘lidagi dadil qadamlar, bevosita turizm ravnaqi yo‘lida hayotga tatbiq etilayotgan ezgu tashabbuslarni yuksak e’tirof etdi. Farg‘ona ahlini yangi-yangi yutuqlar sari rag‘batlantirdi.

Haqiqatdan ham jannatmakon diyorimiz marvaridi sifatida e’zozlanuvchi dilbar Farg‘ona bugun har jihatdan kengayib, muhtashamlik va ulug‘vorlik kasb etib bormoqda. Bu yil viloyatda eksport va xorijiy investisiyalar hajmini tarixda ilk bor bir milliard dollardan oshirish ko‘zda tutilayotgani ham yurt ravnaq-rivoji, elimiz farovonligi yo‘lidagi hayotbaxsh islohotlar yaqin istiqbolda naqadar ulkan samara berishidan dalolat beradi.

Shubhasiz, viloyatning ertangi kun istiqbolini ta’minlashda turizm asosiy drayverlardan biriga aylanajak!

Botir MADIYOROV, “Xalq so‘zi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер