Tojikiston-Afgʻoniston chegarasida qurolli toʻqnashuv. Qurbonlar bor
Foto: “Reuters”
2025-yil 24-dekabrga oʻtar kechasi Tojikiston va Afgʻoniston chegarasida qurolli toʻqnashuv yuz berdi. Bu haqda Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi xabar berdi.
Maʼlum qilinishicha, 23-dekabr kuni soat 23:30 da Afgʻoniston hududidan uch nafar terrorchi Tojikiston hududiga noqonuniy ravishda kirib kelgan. Ular Shamsiddin Shohin tumanida joylashgan 0341-sonli “Sarchashma” chegara otryadiga qarashli “Bogʻ” nomli 5-sonli chegara kuzatuv posti himoya hududini buzib oʻtgan.
Tezkor-qidiruv chora-tadbirlari natijasida 24-dekabr kuni soat 11:15 da terrorchilarning Tojikiston hududidagi joylashuv manzili aniqlangan. Ular chegarachilarning taslim boʻlish haqidagi talabiga boʻysunmasdan, qurolli qarshilik koʻrsatgan. Qayd qilinishicha, qurollangan shaxslar Davlat xavfsizlik qoʻmitasi Chegara qoʻshinlarining chegara postlaridan biriga hujum uyushtirishni rejalashtirgan.
Qurolli toʻqnashuv davomida uch nafar terrorchi ham yoʻq qilingan. Hodisa joyidan M-16 rusumli miltiq, Kalashnikov avtomati, 3 ta xorijda ishlab chiqarilgan tovush soʻndirgichli toʻpponcha, 10 ta qoʻl granatasi, tungi koʻrish qurilmasi, portlovchi moddalar va boshqa harbiy anjomlar musodara qilingan.
“Afsuski, terroristik hujumning oldini olish vaqtida Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qoʻmitasi Chegara qoʻshinlarining ikki nafar harbiy xizmatchisi — Navroʻzbekov Zirehbon Nagʻzibekovich va Qurbonov Ismatullo Gʻulomovich halok boʻldi”, deyiladi xabarda.
Taʼkidlanishicha, bu oxirgi bir oy ichida Afgʻoniston tomonidan Tojikiston hududiga noqonuniy kirish va qurolli hujum uyushtirish bilan bogʻliq uchinchi holatdir. Tojikiston Chegara qoʻshinlari mamlakat davlat chegarasi xavfsizligi toʻliq taʼminlanganini bildirib, vaziyat hozircha barqaror ekanini maʼlum qildi. Hodisa yuzasidan tergov ishlari davom etmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Shavkat Mirziyoyev Vashington shahrida Tinchlik kengashining dastlabki yigʻilishida ishtirok etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring