Toshloqlik yigit-qizlar uchun “Gʻoyalar fabrikasi”

13:59 20 Iyun 2025 Jamiyat
177 0

Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Ayni kunlarda Fargʻona viloyatining barcha hududlarida boʻlgani kabi Toshloq tumanida ham yangi IT-shaharcha qad rostladi. Davlatimiz rahbarining 2024-yil 15-may kuni qabul qilingan “Hududlarda yoshlarga raqamli texnologiyalar va xorijiy tillarni oʻrganish uchun qoʻshimcha sharoitlar yaratishga qaratilgan «IT-shaharcha”lar faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida»gi qarori bu borada dasturilamal boʻlmoqda.

Toshloq tumani hokimligi tashabbusi bilan zamonaviy IT-shaharcha yonida oʻziga xos meʼmoriy qiyofaga ega, yoshlarning qiziqishi va dunyoqarashiga xos kreativ tarzda yondashilgan konteynerli bino qurib bitkazildi. Asosan 4 ta konteynerdan iborat va ichki koʻrinishi 12/12 metr hajmida boʻlgan ikki qavatli bino qurilishida metalokonstruksiyadan foydalanildi. Binoning tashqi qismiga tunukafon qoplanib, muhtasham va chiroyli koʻrinishga keltirildi.

— Istiqbolli loyihaning umumiy qiymati 500 million soʻmdan ziyodni tashkil etadi, — deydi Toshloq tumani hokimi oʻrinbosari Elmurodxon Madaminov. — Oʻtgan qisqa davr mobaynida tashabbus ijrosini taʼminlash maqsadida tuman hokimligi mahalliy byudjetidan 310 million soʻm mablagʻ ajratildi. Mablagʻning qolgan qismi binoni jihozlash ishlariga yoʻnaltiriladi. Hozirda rejadagi barcha ishlar yakuniga yetkazildi. Shu kunlarda konteynerli bino tantanali ravishda foydalanishga topshiriladi.

IT-shaharchada xorijiy tillarni oʻqitish va raqamli texnologiyalar sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash faoliyati yoʻlga qoʻyiladigan boʻlsa, konteynerli binoda yangi loyihalarni ishlab chiqish hamda muvofiqlashtirish ishlari tashkil etiladi. Bir soʻz bilan aytganda, konteynerli bino toshloqlik yigit-qizlar uchun “Gʻoyalar fabrikasi” vazifasini bajarishi maqsad qilingan.

IT-Park Fargʻona filiali direktori Bahromjon Jalilovning maʼlum qilishicha, Toshloq tumani hokimligining ushbu tashabbusi eʼtiborga sazovordir. Bu yoshlarini raqamli texnologiyalar sohasiga kengroq jalb etish hamda amaliy koʻnikmaga ega boʻlishini ragʻbatlantirishda qoʻl keladi.

Bunday qoʻshimcha sharoit yaratilgani dasturlash va raqamli texnologiyalardan foydalangan holda xizmatlar sohasini rivojlantirish imkonini beradi. Oʻz navbatida, onlayn taʼlim dasturlarini amalga oshirish, doimiy muloqot va seminarlar oʻtkazib borishda ham qulay platforma vazifasini bajaradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер