Zoʻravonlikka qarshi kurashish va gender tenglik masalalarining OAVda yoritilishi yuzasidan xalqaro anjuman boʻlib oʻtdi

19:58 06 Dekabr 2022 Siyosat
979 0

Foto: Oliy Majlis Senati axborot xizmati

Joriy yilning 6-dekabr kuni, Milliy mass-mediani qoʻllab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi tomonidan BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi (UNFPA) koʻmagida «Zoʻravonlikka qarshi kurashni institutsionalizatsiya qilish. Mediada gender sezgir obrazlarni yaratish» mavzusida tajriba va bilim almashishga bagʻishlangan xalqaro konferensiya oʻtkazildi.

Tadbirda Oliy Majlis Senati Raisi – Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari boʻyicha respublika komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva, BMT Bosh kotibi oʻrinbosari – BMTning Jenevadagi vakolatxonasi Bosh direktori Tatyana Valovaya, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Ijro etuvchi apparatining Kommunikatsiyalar va axborot siyosati boʻyicha shoʻba mudiri Saida Mirziyoyeva, BMT doimiy koordinatori vazifasini bajaruvchi va YUNISEFning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade, Yevropa Ittifoqining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sharlotta Adrian, tegishli davlat organlari va nodavlat sektor vakillari, xalqaro tashkilotlar ekspertlari, shuningdek, OAV vakillari va blogerlar ishtirok etdi.

Konferensiyada gender zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha idoralar faoliyatini samarali muvofiqlashtirish zarurati, xotin-qizlar huquqlarini institutsional himoya qilishda xotin-qizlar masalalari boʻyicha tegishli qoʻmitaning roli, huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ayollarni himoya qilish mexanizmlari kabi dolzarb mavzular muhokama qilindi.

T.Narbayeva oʻz soʻzida masalaga eng avvalo taʼlim sohasidagi vazirlarning eʼtiborini qaratib, “taʼlim tizimining barcha bosqichlarida — bogʻchadan boshlab to oliy taʼlim tizimigacha uzviylikni taʼminlagan holda, bir-birimiz bilan yaqin hamkorlikda oʻquv jarayonida gender tenglik, zoʻravonlikka murosasizlik va barqaror rivojlanish maqsadlarining boshqa yoʻnalishlarini bolalarimiz ongiga qiziqarli dasturlar orqali yetkazib borishni yoʻlga qoʻyishimiz kerak. Mana shunda biz har tomonlama komil insonlarni tarbiyalashga erishamiz. Aynan shunda bizga reabilitatsiya markazlari, ishonch telefonlari kerak boʻlmay qoladi” deya taʼkidlab oʻtdi.

Tadbir ishtirokchilari tomonidan OAV faoliyatida ayollar va erkaklar teng huquqliligi kafolatlarini taʼminlash, jumladan, gender kadrlar tengligidan axborotni taqdim etishgacha boʻlgan barcha nuqtayi nazarlar koʻrib chiqildi. Konferensiya yakunida Oʻzbekistonda zoʻravonlikka qarshi kurashish boʻyicha yoʻl xaritasi ishlab chiqildi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер