Toshkentda “Yagona salomatlik” yondashuvi doirasida zoonoz kasalliklarni diagnostika qilish boʻyicha xalqaro trening oʻtkazildi
Foto: «Xalq soʻzi»
Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat xavfsizligi davlat markazida zoonoz kasalliklarni laboratoriya diagnostikasi boʻyicha besh kunlik xalqaro trening boʻlib oʻtdi.
Tadbir Pandemiyalarga qarshi kurash jamgʻarmasi tomonidan moliyalashtirilayotgan “Markaziy Osiyoda “Yagona salomatlik” yondashuvi orqali pandemiyaga tayyorgarlik va javob choralari” loyihasi doirasida oʻtkazildi. Loyiha Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti, Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va Jahon banki tomonidan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Trening Markaziy Osiyoning besh davlatida: Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Oʻzbekiston va Turkmanistonda pandemiyalarga tayyorgarlikni kuchaytirish maqsadidagi keng koʻlamli mintaqaviy tashabbusning bir qismidir.
— Yagona salomatlik” yondashuvi inson, hayvon va atrof-muhit salomatligi oʻrtasidagi chambarchas bogʻliqlikka eʼtibor qaratadi, — deydi FAO loyihasining bosh texnik maslahatchisi Narimon Nishonov. — Oʻsib borayotgan aholi soni va mamlakatga tashrif buyurayotgan sayyohlar ehtiyojini xavfsiz va sifatli goʻsht bilan taʼminlash Oʻzbekiston hukumati oldidagi muhim vazifalardan biridir. Bunga erishish uchun esa hayvon kasalliklarini oʻz vaqtida aniqlash va samarali nazorat qilish zarur. Shu bois, bunday treninglar ayni paytda nihoyatda dolzarb hisoblanadi.
Treningning amaliy jihatini kuchaytirish maqsadida Germaniyadan umumiy qiymati qariyb 15 000 AQSH dollariga teng diagnostika vositalari va reagentlar xarid qilindi. Ushbu vositalar tarkibiga quturish va brutselloz kasalliklarini aniqlash uchun PZR va IFA toʻplamlari, RNKni ajratib olish uchun toʻplamlar, nazorat namunalari hamda mikropipetkalar uchun maxsus uchlar kiradi.
Oʻquv dasturini xalqaro ekspert Kiril Krstevskiy olib bordi, u hayvonlar salomatligi nazorati boʻyicha mutaxassis, Yevropada oqsil kasalligiga qarshi kurash boʻyicha komissiyaning Bolqon mamlakatlari tarmogʻi rahbari hisoblanadi.
Trening ishtirokchilari mintaqadagi eng muhim zoonoz kasalliklar — quturish va brutsellozning zamonaviy diagnostika usullarini oʻrgandilar. Amaliy dastur viruslarni aniqlash uchun real vaqtda PZR, antikorlarni aniqlash uchun immunoferment tahlil (IFA), biologik xavfsizlik va bio himoya tamoyillari, shuningdek standart operatsion protseduralarni ishlab chiqish kabi ilgʻor laboratoriya usullarini oʻrganishni oʻz ichiga oladi. Ishtirokchilar zamonaviy diagnostika uskunalari bilan ishlash boʻyicha amaliy koʻnikmalar oldilar va laboratoriya tadqiqotlari sifatini nazorat qilishning xalqaro standartlarini oʻrgandilar.
Markaziy Osiyo oʻzining geografik joylashuvi va qoʻshni davlatlar bilan faol savdo aloqalari tufayli pandemiyalarni oldini olish uchun muhim mintaqadir. Laboratoriya imkoniyatlarini kuchaytirish va malakali mutaxassislarni tayyorlash kasallik tarqalishini erta aniqlash va ularni siqib chiqarish uchun juda muhimdir.
Oʻzbekiston Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi vakillarining aytishicha, trening davomida ishtirokchilar hayvonlarda uchraydigan yuqumli infeksion kasalliklarni serologik va molekulyar usullar bilan aniqlash boʻyicha nazariy va amaliy koʻnikmalarni chuqurlashtirish imkoniyatiga ega boʻldilar. Trening ishtirokchilarga xalqaro sertifikatlar berilishi bilan yakunlandi. Olingan bilim va koʻnikmalar Oʻzbekistonda barqaror epidemiologik kuzatuv tizimini rivojlantirishga va “Yagona salomatlik” sohasida mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlashga hissa qoʻshadi.
Ushbu loyiha global sogʻliqni saqlash xavfsizligi sohasidagi muvaffaqiyatli xalqaro hamkorlikning yaqqol namunasi boʻlib, Markaziy Osiyo davlatlarining kelajakdagi pandemiyalarning oldini olish yoʻlida hamkorlikda harakat qilishga tayyorligini koʻrsatadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Yangilanayotgan Markaziy Osiyo: birlik, doʻstlik va hamkorlikning yangi bosqichi
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Nogironligi boʻlgan fuqarolarga 30 mln soʻmgacha foizsiz ssuda ajratiladi
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring