Toshkentda radikallashuvga qarshi kurashda mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki muhokama qilindi

23:09 29 Noyabr 2024 Jamiyat
280 0

Joriy yilning 27-noyabr kuni Toshkent shahrida “Aholining radikallashuviga qarshi kurashishda mahalliy hamjamiyatlarning ishtiroki” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.

Tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti tomonidan BMTning Terrorizmga qarshi kurashish boshqarmasi, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi va YEXHT bilan hamkorlikda tashkil etildi.

Konferensiya Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan tashkil etilgan Mintaqaviy ekspertlar kengashi faoliyati doirasida boʻlib oʻtdi.

Unda Markaziy Osiyo davlatlaridan Mintaqaviy ekspertlar kengashi, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, jumladan, SHHT MATT, Global hamkorlik va barqarorlik jamgʻarmasi, Xalqaro odil sudlov va huquq ustuvorligi instituti, “Search for Common Ground” xalqaro nodavlat notijorat tashkiloti, “Bulan” instituti, “Atlantic Initiative” (Bosniya va Gersegovina) va boshqalar ishtirok etdi.

Konferensiya ishtirokchilari Mintaqaviy ekspertlar kengashining terrorizmga qarshi kurashish sohasida innovatsion yechimlarni ishlab chiqish uchun asosiy platforma sifatidagi muhim ahamiyatini taʼkidladilar. Kengash repatriantlar bilan ishlash boʻyicha inklyuziv yondashuvlarni ishlab chiqish, qaytarilgan shaxslarni integratsiya qilish boʻyicha kompleks dasturlarni yaratish, ushbu yoʻnalishdagi mutaxassislar salohiyatini oshirish masalalari boʻyicha mintaqaviy hamkorlikning yorqin namunasidir.

Oʻzbekistonda mahalla instituti jamiyatda ijtimoiy uygʻunlikni saqlash, repatriantlarning psixologik moslashuvi, taʼlim olishi va ishga joylashishiga amaliy yordam berishda muhim oʻrin tutishiga eʼtibor qaratildi. Ushbu model xalqaro ekspertlar tomonidan jahon miqyosida moslashtirilishi mumkin boʻlgan ilgʻor amaliyot sifatida eʼtirof etilgan.

Konferensiya Markaziy Osiyo, Bolqon va boshqa mintaqalar mutaxassislari oʻrtasida tajriba almashish maydoniga aylandi. “Atlantic Initiative” (Bosniya va Gersegovina), Odil sudlov va huquq ustuvorligi xalqaro instituti, Global hamkorlik va barqarorlik jamgʻarmasi ekspertlarining chiqishlari tashkil etildi.

Mintaqaviy ekspertlar kengashi Markaziy Osiyoda xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar oʻrtasidagi hamkorlikning taʼsirchan mexanizmi sifatida oʻzini namoyon etayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan tadbir ishtirokchilari mintaqamiz xavfsizligi va barqaror taraqqiyoti yoʻlida ochiqlik va ishonch tamoyillari asosida hamkorlikni mustahkamlashga tayyor ekanliklarini bildirdilar.

Tadbir yakunida ekspertlar tomonidan Mintaqaviy ekspertlar kengashini yanada rivojlantirish boʻyicha bir qator tavsiyalar ishlab chiqildi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yilning may oyida oʻz ishini boshlagan Kengash platformasi mojaroli hududlardan qaytganlarni reabilitatsiya qilish va reintegratsiya qilish boʻyicha ilgʻor tajribalarni almashish uchun ekspertlarni birlashtiradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер