Toshkentda o‘tkir virusli infeksiyalarga chalingan bemorlar ko‘paydi. Zangiotadagi shifoxonada joylar soni ko‘paytirildi
Arxiv foto
Kuz-qish mavsumi odatda gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalarning tarqalishi uchun qulay davr hisoblanadi. Ayniqsa, bu paytda kichik yoshdagi bolalarning nafas yo‘llari yuqumli kasalliklariga chalinish ko‘rsatkichlari yilning boshqa davrlariga nisbatan anchagina ortadi. Shu bois butun dunyoda bo‘lgani kabi bu yil ham yurtimizda yosh o‘g‘il-qizlar orasida o‘tkir respirator kasalliklarning davriy ko‘tarilishi kuzatilmoqda.
Ushbu xastalikka chalinishning asosiy ulushi esa Toshkent shahri aholisi hissasiga to‘g‘ri kelyapti. Natijada poytaxtdagi bolalar klinik shifoxonalariga yuklamalar yilning boshqa davrlariga nisbatan ortgani kuzatilmoqda. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati xabar berdi.
Shu sababli bugun Sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov mazkur masala yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.
Unda Toshkent shahridagi barcha klinik shifoxonalar rahbarlari, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi vakillari hamda tez tibbiy yordam xizmati mas’ullari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda dastlab:
bugungi kunda poytaxtimizdagi bolalar klinik shifoxonalaridagi holat;
bemorlarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha yaratilgan sharoitlar;
aholiga ko‘rsatilayotgan tez tibbiy yordam xizmati xususida batafsil ma’lumot berildi.
Shundan so‘ng vazir bu boradagi ishlar yetarli emasligini ta’kidlab, shifoxonalarga tushayotgan yuklamalarni tezda kamaytirish, bemor bolalarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish uchun zarur choralar ko‘rish bo‘yicha mas’ullarga shoshilinch topshiriqlar berdi.
Jumladan, Zangiota-1 yuqumli kasalliklar shifoxonasida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bolalar uchun ajratilgan o‘rinlar sonini 300 tadan 500 taga oshirish belgilandi.
Shuningdek, so‘nggi kunlarda aholidan haroratining ko‘tarilishi, yo‘tal belgilari bilan chaqiruvlar soni ortgani sababli “103” xizmatiga ertalab soat 06:00 dan 14:00 gacha poytaxt shifoxonalarida zaxirada bo‘lgan 40 ta avtomashina qo‘shimcha ajratildi.
Shuningdek, joriy yil 25 noyabrdan vazirlik tomonidan tez tibbiy yordam xizmatiga 29 ta to‘liq jihozlangan “Isuzu” rusumdagi avtomashinalari tibbiy brigadalar bilan doimiy foydalanish uchun ajratilishi aytib o‘tildi.
Yana bir masala. Bugungi kunda poytaxtimizdagi 12 ta ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va 72 ta oilaviy poliklinikada ertalab soat 8:00 dan kechki 20:00 gacha bo‘lgan muddatda chaqiruv bo‘yicha tibbiy brigadalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.
Mazkur brigadalar “103” xizmati xodimlari tomonidan ko‘rikdan o‘tkazilib, uyda qoldirilgan yoki shifxonaga yotqizilmasdan uyga qayta olib kelingan va ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlar ro‘yxati aniqlanib, ko‘rsatma asosida onlayn va joyiga chiqqan holda tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda.
Yig‘ilishda vazir klinik shifoxonalarga yuklamani kamaytirish uchun bu yo‘nalishdagi ishlarni yanada jadallashtirish, ambulator sharoitda davolanayotgan bemorlarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat qamrovini oshirish zarurligini ta’kidlab, bu bo‘yicha mas’ullarga kerakli topshiriqlar berdi.
Bundan tashqari, o‘rganishlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugungi kunda yurtimizda O‘RVI kasalligiga chalinib, shifoxonalarda davolanayotgan bemorlarning ma’lum qismi stasionar davoga muhtoj emas.
Shu sababli yig‘ilishda oilaviy polikliklinika shifokorlariga o‘tkir respirator virusli infeksiyalarga chalingan bemorlarni ambulator sharoitda davolash bo‘yicha zarur tavsiyalar berish uchun ixtisoslashtirilgan markazlardagi pediatrlar va barcha tor doiradagi mutaxassislar jalb etilishi lozimligi qayd etildi.
Shu bilan birga, birlamchi tizimdagi kunduzgi stasionarlarda kasallikka chalingan bolalarning kuzatuvini olib borish, zarur bo‘lganda shu yerning o‘zida kerakli davo muolajalarini amalga oshirish bo‘yicha ham tegishli vazifalar belgilandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Adabiyot va hayot”: Sultonboy Dehqonovning shaxsiy fotokoʻrgazmasi ochildi (+fotoreportaj)
- Hokimlik Toshkentni “yuva boshladi“. Xoʻsh, suv sepish havo ifloslanishini kamaytiradimi?
- Kambagʻallikni qisqartirish: pul emas, aql-idrok va bilim muhim
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring