Toshkentda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhit yaratish borasida qanday ishlar qilinmoqda?

10:59 21 Iyul 2025 Jamiyat
237 0

Mamlakatimizning boshqa hududlarida boʻlgani kabi Toshkent shahrida ijtimoiy xizmatlar rivojlantirilishi hamda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun toʻsiqsiz muhit yaratish borasida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Prezidentimiz tomonidan 2024-yil 13-iyunda qabul qilingan “Nogironligi boʻlgan shaxslar huquqlari kafolatlarini kuchaytirish va ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaror asosida yangi ijtimoiy xizmatlar tizimi joriy etilmoqda. Xususan, 2025-yil 1-martdan boshlab respublikada 3 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan nogironligi boʻlgan bolalar uchun davlat-xususiy sheriklik asosida kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyilmoqda. Ushbu xizmat bolalarga ijtimoiy, reabilitatsion, pedagogik va boshqa zarur yordam koʻrsatishni nazarda tutadi. Bu tashabbus bolalarning jamiyatga moslashuvini taʼminlash bilan birga, ularni doimiy parvarishlashiga toʻgʻri keladigan ota-onalarga ish faoliyatini tiklash va daromad topish imkonini ham yaratadi.

Yashnobod tumanida joylashgan “Wunderkind” xususiy bogʻchasi ana shunday muassasalardan biri hisoblanadi. Bu yerda hamkorlik asosida nogironligi boʻlgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, hozirda 7 nafar bola taʼlim va parvarish bilan qamrab olingan. Mirzo Ulugʻbek tumanidagi 1-Kichik hajmli bolalar uyida esa 9 nafar bola tarbiyalanmoqda, shundan 7 nafarida turli tibbiy tashxislar (Daun sindromi, displaziya, anemiya, yurak nuqsonlari) mavjud. Bu yerdagi bolalarning taʼlim va tarbiyasi quyidagicha tashkil etilgan: 3 nafar bola maxsus bogʻchaga, 3 nafar bola ommaviy bogʻchaga boradi, qolgan 3 nafar bola esa uy sharoitida tarbiyalanmoqda. Bu jarayonda har bir bolaga individual yondashuv, mehr va gʻamxoʻrlik asosida tarbiya berishga alohida eʼtibor qaratilgan. Bolalarning oila muhitida ulgʻayishi, oilaviy qadriyatlar asosida tarbiya topishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratilgan. Tarbiyachilar bolalarning individual rivojlanish rejalari va integratsiya dasturlari asosida ish olib borishadi.

— Ancha yillardan beri bolalarga mehr bagʻishlash, ularga haqiqiy oila muhitini yaratish maqsadida yashardim, — deydi muassasa rahbari Goʻzal Ahmedova. — Xuddi shunday oilaviy bolalar uyini ochish niyati bilan koʻp bora murojaatlar bilan chiqqanman. Ammo oldin buni amalga oshirish ancha murakkab edi. Endi esa, qabul qilinayotgan yangi qarorlar, yaratilayotgan shart-sharoitlar va qulay xizmatlar bu ishni amaliy voqelikka aylantirishimga turtki boʻldi. “Inson” markaziga murojaat qilganimda, menga yordam qoʻlini choʻzgan mutaxassislar bilan uchrashdim. Ular barcha huquqiy, tibbiy va ijtimoiy masalalarda toʻliq yoʻl-yoʻriq koʻrsatishdi. “Tutinayotgan ona” kurslarini muvaffaqiyatli tamomlab, bu yoʻlda yetarli bilim va tayyorgarlikka ega boʻldim. Hozirgi kunda qoʻlimda 9 nafar bola bor — ularning har biri alohida eʼtibor, mehr va parvarishga muhtoj. Ularning ayrimlari turli tibbiy tashxislarga ega, lekin men ularni shunchaki bola deb emas, oʻzimning farzandlarim deb qabul qilganman. Ularga mehr bagʻishlash, sogʻlom va baxtli hayot sari yetaklash men uchun hayotimning eng asosiy vazifasiga aylangan.

Mirzo Ulugʻbek tumanidagi “Faol hayot” kunduzgi qatnov markazida esa nogironligi boʻlgan va oʻzga parvarishiga muhtoj fuqarolar barcha sharoitlar yaratilgan. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzgalar parvarishiga muhtoj shaxslarga vaucher asosida yangi ijtimoiy xizmatlardan foydalanish tartibini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq “Faol hayotga qadam” dasturi joriy etilgan. Dastur doirasida 18 yoshdan katta boʻlgan, mustaqil hayot kechirish imkoniyati cheklangan shaxslarga vaucher asosida bepul ijtimoiy xizmatlar koʻrsatilmoqda. Ular orasida uy sharoitida parvarish, ovqatlanish, gigiyenada yordam, psixologik koʻmak va tyutorlik xizmatlari mavjud. Mazkur maskan 9 nafar fuqaroga moʻljallangan boʻlib, hozirda 7 nafar fuqaroga xizmat koʻrsatilmoqda. Bu yerda 5 nafar oliy maʼlumotli, tajribali mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

Shayxontohur tumanidagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazida ehtiyojmand shaxslarning 12 toifasiga 100 dan ortiq turdagi xizmatlar koʻrsatilmoqda. Davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Imkoniyatlar olami” markazida nogironligi boʻlgan bolalar uchun ijtimoiy moslashuv, 3 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun erta aralashuv va kunduzgi parvarish xizmatlari koʻrsatilmoqda. Hozirda bu yerda 80 nafardan ortiq fuqaro ijtimoiy reabilitatsiya, psixologik va pedagogik xizmatlardan foydalanmoqda. Markazda 12 nafar malakali mutaxassis faoliyat yuritmoqda.

— Davlatimiz tomonidan ijtimoiy himoya tizimini takomillashtirish, nogironligi boʻlgan shaxslar uchun teng imkoniyatlar yaratish, ularning hayot sifati va ijtimoiy faolligini oshirishga qaratilgan davlat-xususiy sheriklikdagi yangi xizmatlarni joriy etishga katta eʼtibor qaratilmoqda, — deydi Ijtimoiy himoya milliy agentligi jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi yetakchi mutaxassisi Sitora Latipova. — Bu orqali nogironligi boʻlgan fuqarolarning huquq va ehtiyojlari kafolatlanmoqda. Jamiyatda tenglik va inson qadrini mustahkamlash, har bir insonga munosib hayot sharoitini yaratish maqsadida barcha imkoniyatlar safarbar etilmoqda.

Mamlakatimizda ijtimoiy davlat tamoyillari ustuvor boʻlib, barcha aholi qatlamlariga mehr-shafqat va yordamni yaqinlashtirishga qaratilgan bunday loyihalar jamiyatda ijtimoiy adolat va inson qadrini mustahkamlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер