Toshkentda Markaziy Osiyo choʻllarini saqlab qolish boʻyicha 5 yillik ish rejasi ishlab chiqildi

11:12 12 Oktyabr 2021 Jamiyat
241 0

Markaziy Osiyodagi moʻtadil mintaqa choʻllarini saqlash va ulardan barqaror foydalanish masalalari milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan onlayn shaklda oʻtkazilgan seminarda muhokama qilindi. Seminar 2021-yilda Toshkentda ish boshlagan Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha tashabbus (CADI)ning oraliq mintaqaviy kotibiyati tomonidan tashkil etildi. Virtual uchrashuvning maqsadi manfaatdor tomonlarning fikrlarini inobatga olgan holda CADI kotibiyati uchun kelgusi 5 yilga ish rejasini ishlab chiqish edi.

Oʻtkazilgan seminar davomida aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Mamlakatlar oʻrtasidagi chegara toʻsiqlarining yovvoyi hayvonlar migratsiyasiga bevosita taʼsiri muhokama qilindi, shu munosabat bilan chegara xizmatlari bilan hamkorlikda toʻsiqlarni qayta oʻzgartirish choralarini koʻrish taklif qilindi. Mamlakatlarga Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ) ning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha tavsiya berildi. Virtual muloqot ishtirokchilari, shuningdek, Orol dengizining mintaqaviy geoparkini yaratish va unga yangi Orolqum choʻlini kiritish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.

Seminar natijalariga koʻra CADIga aʼzo mamlakatlarda rejalashtirilgan aniq tadbirlarni hisobga olgan holda Kotibiyat uchun 5 yillik ish rejasi kelishib olindi. Bundan tashqari, Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekistondagi CADI milliy kotibiyatlarining tarkibi tasdiqlandi. CADI oraliq mintaqaviy kotibiyatining Oʻzbekistonda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida roʻyxatdan oʻtkazish masalasi ham muhokama qilindi.

Markaziy Osiyo choʻllari boʻyicha Tashabbus (CADI) global ahamiyatga ega boʻlgan noyob ekotizimlari mavjud boʻlgan moʻtadil choʻllarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan. Ushbu choʻllar qushlar, shuningdek, tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun muhim migratsiya hududlari hisoblanadi. CADI loyihasining maqsadli ishtirokchilari – Qozogʻiston, Turkmaniston va Oʻzbekiston. Ushbu mamlakatlar zimmasiga antropogen omillar xavf solayotgan moʻtadil choʻllarni saqlab qolish boʻyicha alohida masʼuliyat yuklangan. CADI Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va 2016-yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamgʻarmasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq -ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?