Toshkentda geografik koʻrsatkichlarni qoʻllash boʻyicha Moldova va Turkiya tajribasi oʻrganilmoqda
2022-yil 29-avgust kuni Toshkent shahrida Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) xalqaro ekspertlari ishtirokida Oʻzbekistonda geografik koʻrsatkichlarni yanada samarali joriy etish va ulardan foydalanish boʻyicha ilgʻor xorijiy tajribalarni almashish maqsadida trening oʻtkazildi. Ushbu tadbir Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Adliya vazirligi xodimlari uchun FAOning “Geografik koʻrsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash” loyihasi doirasida tashkil etildi.
Eslatib oʻtamiz, geografik koʻrsatkich – bu xususiyati va obroʻsi uning kelib chiqishi bilan bogʻliq boʻlgan oʻziga xos geografik kelib chiqishga ega mahsulotlarga qoʻllaniladigan belgi. Provansning zaytun moyi, Xitoy va Lion ipaklari, Samarqand qogʻozi, Bavariya pivosi, Braziliya qahvasi, shotland viskisi, Seylon choyi, Bordo, Luar va Burgundiyaning uzumzor va vinolari bunga yorqin misol boʻla oladi. Qisqasi, geografik koʻrsatkichlar mahsulotlarning geografik kelib chiqishi haqida oʻziga xos belgilar boʻlib, bu ularning sifati va oʻziga xos xususiyatlarining kafolati hisoblanadi. FAO mutaxassislari ishtirokida ishlab chiqilgan hamda yaqinda qabul qilingan Oʻzbekiston Respublikasining “Geografik koʻrsatkichlar toʻgʻrisida”gi Qonuni tufayli Oʻzbekistonda ularning kelib chiqish joyi bilan chambarchas bogʻliq boʻlgan anʼanaviy tovarlar “geografik koʻrsatkichlar” maqomiga ega boʻlishi va intellektual mulk obyekti sifatida huquqiy himoyaga ega boʻlishi mumkin.
Trening davomida Turkiya patent va tovar belgilari idorasining Geografik koʻrsatkichlar boʻlimi boshligʻi Hakan Qiziltepe Turkiyadagi intellektual mulk huquqlari va geografik koʻrsatkichlar tizimi haqida taqdimot qildi va geografik koʻrsatkich logotiplari, tovar belgilari va boshqa sifat belgilari oʻrtasidagi farqlarni tushuntirib berdi, shuningdek, ularni amalga oshirish uchun amaliy vositalar haqida gapirib berdi. Turkiya Respublikasi qishloq va oʻrmon xoʻjaligi vazirligining geografik koʻrsatkichlar boʻlimidan Neshe Altintash oʻz taqdimotida Turkiyada geografik koʻrsatkichlarni nazorat qilish, sertifikatlash va monitoring qilish qanday tashkil etilganligi va isteʼmolchilar toʻgʻrisida xabardorlik boʻyicha tadqiqotlar qanday olib borilishi haqida gapirib berdi. Moldova Respublikasi intellektual mulk Davlat agentligining tovar belgilari departamenti rahbari Simion Levichi oʻzbekistonlik hamkasblari bilan Moldovada geografik koʻrsatkichlarni qoʻllash boʻyicha ilgʻor tajribalar bilan oʻrtoqlashdi. FAOning agrar siyosat boʻyicha mutaxassisi Dmitriy Zvyaginsev esa oʻz chiqishida geografik koʻrsatkichlarni joriy etish fermer xoʻjaliklari daromadlarini oshirish va qishloq joylarini barqaror rivojlantirishga qanday xizmat qilishini asoslab berdi.
Taʼkidlash joizki, geografik koʻrsatkichlarni keng joriy etish orqali Oʻzbekistonning qishloq joylarini rivojlantirish FAO tomonidan amalga oshirilayotgan “Geografik koʻrsatkichlar orqali barqaror oziq-ovqat tizimlarini mustahkamlash” loyihasining asosiy maqsadi hisoblanadi. Loyihaning amalga oshirilishi qishloq xoʻjaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga marketing strategiyasini aniqlashga imkon beradi, shu bilan isteʼmolchilarning xabardorligini oshiradi va bozor ishtirokchilarining oʻzaro qiziqishini kuchaytiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Abduqodir Husanov yana bir bor “Real Madrid”ga qarshi oʻynaydi
- Bolalar saratoniga qarshi kurash: xalqaro hamkorlikdagi muhim qadam
- Oʻzbekistonning 7 ta moddiy va nomoddiy madaniy meros obyektlari AYSESKO roʻyxatiga kiritildi
- Superliganing 2026-yilgi mavsumi boshlanmoqda
- Har burchagida tarix yashiringan shahar — Londondan fotoreportaj
- Erkaklar ayollarga nisbatan koʻproq kaloriya isteʼmol qilishi kerakmi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring