Toshkentda badiiy gimnastika boʻyicha Jahon kubogi boshlandi

07:53 17 Aprel 2021 Sport
1718 0

Foto: Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Poytaxtimizdagi Gimnastika boʻyicha ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari bolalar-oʻsmirlar sport maktabida badiiy gimnastika boʻyicha Jahon kubogi boʻlib oʻtmoqda.

Kecha reglamentga muvofiq, bugun saralash bahslari oʻtkazildi.

Xalqaro gimnastika federatsiyasi taqvim rejasidan oʻrin olgan hamda Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanmalar taqdim etadigan 4 bosqichdan iborat Jahon kubogining ikkinchi bosqichi aynan Toshkentda boʻlib oʻtmoqda. Unda sayyoramizning 30ta davlatidan kelgan eng sara gimnastika ustalari gʻoliblik uchun bahs olib borishmoqda.

Jahon kubogining birinchi bosqichi 24-29-mart kunlari Bolgariyaning Sofiya shahrida boʻlib oʻtdi. Ikkinchi bosqich 13-19-aprel kunlari Toshkentda oʻtkazilsa, 5-10-may kunlari dunyoning yetakchi badiiy gimnastikachilari Ozarbayjon poytaxti Boku shahrida oʻzaro musobaqalashadi. Nihoyat Jahon kubogi bahslariga 26-31-may kunlari Italiyaning Pesaro shahrida yakun yasaladi.

Toshkent gilamlari va umuman Jahon kubogi seriyasida shaxsiy koʻpkurash boʻyicha kvotalar 2019-yilgi jahon chempionatiga chiqa olmagan va uch turda maksimal ball toʻplagan eng yaxshi uch nafar gimnastikachiga taqdim etiladi. Bunda har bir mamlakat uchun maksimal bitta yoʻllanma beriladi. Jahon kubogida Tokioda oʻtadigan Olimpiya oʻyinlariga allaqachon yoʻllanmani qoʻlga kiritganlar ham oʻz omadini sinab koʻrishlari mumkin. Ular uchun bu musobaqa oʻz imkoniyatini sinab koʻrish vazifasini oʻtaydi.

Dunyo gimnastikasi yulduzlari Dina va Arina Averina (Rossiya), Boryana Kalain (Bolgariya), Lina Ashram va Nikol Zelikman (Isroil), Anastasiya Salos va Alina Garnasko (Belarus), Kaxo Minagava (Yaponiya) kabi 30ta davlatning eng kuchli gimnastikachilari shaxsiy birinchilikda oʻzaro musobaqalashsa, 12ta guruh jamoaviy mashqlarda ishtirok etadi. Ushbu yoʻnalishda Oʻzbekiston terma jamoasi qizlari ham oʻz omadini sinab koʻrishadi. Afsuski, bu yoʻnalishda Olimpiya oʻyinlari yoʻllanmalari oʻynalmaydi.

Kecha kechki dasturda Jahon kubogi bahslarining tantanali ochilish marosimi boʻlib oʻtdi. Unda Turizm va sport vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston gimnastika federatsiyasining mutasaddilari ishtirok etdi. Musobaqani MOQ raisi R.Shoabdurahmonov ochib berdi.

Musobaqa 18-aprel kuni yakunlanadi va shu kuni Tokio-2020 Olimpiya oʻyinlariga yoʻllanma olgan sportchilar ham aniqlanadi.

Ochilish marosimidan suratlar muallifi Hasan Paydoyev ("Xalq so'zi")

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?