Toshkentda 19 yoshli yigit pichoqlab ketildi

13:35 23 May 2025 Jamiyat
206 0

Videodan kadr

Ijtimoiy tarmoqlarda nomaʼlum shaxs yosh yigitni pichoqlagani, jabrlanuvchi tanasidan qon oqqancha yurib ketayotgani tasvirlangan video tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi rasmiy maʼlumot berdi.

Bildirilishicha, voqea kecha, 22-may kuni taxminan soat 20:00 larda Olmazor tumani “Chustiy” mahallasi hududida yuz bergan. Oʻsha kuni 22 yoshli A.S. oʻzining tanishi 19 yoshli S.Oʻ. bilan oʻzaro kelishmovchilik sababli tortishib qolgan va janjallashib ketgan.

Janjal vaqtida fuqaro A.S. oʻtkir tigʻli jism bilan S.Oʻ.ga tan jarohati yetkazgan. Oqibatda jabrlanuvchi “Koʻkrak qafasi orqa sohasi chap tomon kesib sanchilgan jarohati” tashxisi bilan shifoxonaga joylashtirilgan.

Qayd etilishicha, mazkur holat yuzasidan Olmazor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi “m” bandi (Qasddan badanga oʻrtacha ogʻir shikast yetkazish — qurolni yoki sovuq qurol sifatida foydalanilishi mumkin boʻlgan ashyolarni ishlatib sodir etilishi) bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Qoʻshimcha qilinishicha, tergov yakuni boʻyicha qonuniy qaror qabul qilinishi taʼminlanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер