Toshkent viloyati shaharlarida jamoat transporti uchun toʻlov narxi oʻzgaradi. Bu haqda viloyat hokimi Zoyir Mirzayevning kecha, 31-may kuni qabul qilingan tegishli qarorida belgilab qoʻyilgan.
Qaror bilan, vaqtga bogʻlangan soatlik, kunlik, oylik va yillik limitsiz tariflar, naqd toʻlovni elektron toʻlovga nisbatan 30 foizga yuqori etib belgilanadi.
Jumladan, bir nafar yoʻlovchi uchun qatnov bank va transport kartalari orqali amalga oshirilganda 1700 soʻm, naqd toʻlovda 2500 soʻm etib belgilangan. Bir nafar yoʻlovchining bagajini tashish xarajatlari ham 2500 soʻmni tashkil etadi.
Qarorga ilova qilingan jadvalga koʻra, bir yoʻlovchi uchun olti oylik toʻlov 900 ming soʻm, bir yilligi esa 1 mln 826 ming etib belgilangan. Talaba, oʻquvchi, pensioner va nogironlar uchun olti oylik toʻlov 450 ming soʻm, yillik toʻlov esa 913 ming soʻmni tashkil etadi.
Shuningdek, tarif rejasiga koʻra, bir soat ichida bir nechta avtobusga chiqadigan yoʻlovchi transport kartalari orqali toʻlov qilganida birinchi avtobusda 1,700 soʻm, ikkinchi avtobusda 700 soʻm toʻlaydi, uchinchi va keyingi avtobuslar esa tekin boʻladi.
Qaror eʼlon qilingan kundan kuchga kirishi belgilangan.
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring