Тошкент ҳавоси ифлосланишининг сабаби нима?

13:23 23 Sentyabr 2025 Jamiyat
375 0

Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vazirligi 22-sentyabr kunduzi hamda tunda poytaxtda kuzatilgan changli havo yuzasidan munosabat bildirdi.

Unda aytilishicha, 21-sentyabr kuni markazida atmosfera bosimi 1010 gPa.gacha pasayuvchi past bosimli kichik gradientli atmosfera sohasi respublikaning Samarqand, Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarida kunduz kuni havo haroratining 34, 35 darajagacha qizib ketishini taʼminlagan. Bu vaqtda Toshkent viloyati janubiy stansiyalarida havo harorati maksimum qiymatlari 35 darajadan yuqorilagan.

Mazkur isish hodisasi oʻsha kunning tunida Kaspiy dengizi orqali markazida atmosfera bosimi 1028 gPa gacha yuqori koʻtariluvchi sovuq antitsiklonal jarayonning mintaqaga davomli front oldi gʻarbiy shamollari bilan kirib kelishiga sabab boʻlgan.

21-sentyabr kuni va 22-sentyabr tongida Navoiy viloyati sharqi, Aydarkoʻl koʻllar tizimi atrofiga esgan kuchli va davomli gʻarbiy shamollar oʻz yoʻnalishini Chordara suv ombori hududlaridan boshlab biroz shimol tomonga oʻzgartirgan. 22-sentyabr kunning ikkinchi yarmidan Qizilqum sharqi va Aydarkoʻl hududlari hamda Qozogʻiston janubiy viloyatlarida koʻtarilgan chang havo massalari toʻgʻri Toshkent shahriga kirib kelgan.

Toshkent shahrida soat 15:00 dan boshlab avvaliga janubi-gʻarbiy va gʻarbiy hududda havoda PM2.5 va PM10-mayda dispers zarrachalari orta boshlagan. Masalan, Oʻzgidrometning Uchtepa hokimiyati binosi oldiga oʻrnatilgan Horiba avtomat stansiyasi ayni oʻsha muddatda havo tarkibida 142 mkg/m³ ogʻirlikda mayda PM2.5 zarrachasini qayd etgan. Bu milliy ruxsat etilgan standart qiymatdan 4 barobar koʻp qiymatdir. PM2.5-mayda zarrachasi boʻyicha milliy ruxsat etilgan meʼyoriy qiymat 35 mkg/m³ hisoblanadi.

Soat 16:00 da poytaxtda janubi-gʻarbiy shamollar soniyasiga 4 metr tezlikda esib, janubi-gʻarb tomondan shahar markazi va shimoli-sharqi tomon mayda dispers zarrachalari jadal toʻplanishiga olib kelgan. Bu vaqtda Toshkent markaziy qismlarida ham havoda PM2.5 va PM10-mayda zarrachalari milliy ruxsat etilgan meʼyorlardan oshgan. Hatto poytaxtning sharqiy qismi “Yangi Oʻzbekiston” bogʻida oʻrnatilgan avtomat stansiya kuzatuv obyektida mayda PM2.5 zarrachalari milliy ruxsat etilgan meʼyordan 2 barobargacha (68 mkg/m³) ortib ketgan. Toshkent xalqaro aeroportida ayni 16:00 dan boshlab koʻrinish masofasi 5 km gacha cheklangan gʻubor hodisasi kuzatila boshlangan.

Soat 18:30 da Oʻzgidrometning Toshkentga oʻrnatilgan koʻplab avtomat stansiya qiymatlarida havoda mayda PM2.5 dispers zarrachalari taxminan 150 mkg/m³ atrofida shiddat bilan koʻpayib borayotgani qayd etilgan. Bu kabi qiymat Toshkentning katta qismida mayda PM2.5 zarrachalar bilan ifloslanish milliy ruxsat etilgan meʼyordan 5 barobargacha koʻpayib ketishini taʼminlagan. Ayni mana shu muddatda Toshkent xalqaro aeroportida koʻrish masofasi yanada yomonlashib, 4 ming metrgacha masofani tashkil etgan.

Prognoz

Markazida atmosfera bosimi 1025 gPa.gacha koʻtariluvchi sovuq antitsiklon respublikaning markaziy qismlaridan oʻtmoqda. Ushbu jarayon 24-sentyabrga qadar respublika ob-havosini belgilovchi oqim hisoblanib, 23-24-sentyabr kunlari ayni Toshkent shahri havosida toʻplangan mayda dispers zarrachalarni toʻliq “tozalash” quvvatiga ega emas. Aksincha, ushbu havo oqimi havoda yigʻilgan mayda zarrachalarni asta-sekin yerga bosish holatini keltirib chiqaradi. 23-24-sentyabr tonggi muddatlar va kechki muddatlarda inversiya hodisasi sabab havoda mayda dispers zarrachalari miqdori yana ortishi ehtimoli bor. 24-sentyabr tungi muddatlarda antitsiklonning mintaqadan butunlay chekinishi va oʻrniga boshqa bir past bosimli atmosfera jarayonlari almashinish fonida Toshkent shahri havosida mayda dispers zarrachalardan tez tozalanish roʻy berishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер