Toshkent dzyudo boʻyicha “Katta Dubulgʻa” turniriga mezbonlik qilmoqda

14:32 05 Mart 2021 Sport
1319 0

Foto: Hasan Paydoyev("Xalq so'zi")

Bugun poytaxtimizdagi “Humo” arena saroyida dzyudo boʻyicha Toshkent “Katta Dubulgʻa” turniri boshlangani haqida xabar bergan edik. Fotomuxbirimiz Hasan Paydoyev musobaqaning eng qizgʻin pallalarini fotoapparati obyektiviga muhrladi.

Qayd etish joizki, musobaqada vakillarimiz toʻrtta tarkib bilan ishtirok etishmoqda.

Bugungi bellashuvlarda Dilshodbek Yoʻldoshev ilk davrada hindistonlik Jaslin Saini Singxni magʻlubiyatga uchratdi. Dilshodbek ikkinchi bosqichda Janubiy koreyalik taniqli sportchi, jahon chempionati sovrindori An Ba Ulga qarshi tatamiga chiqadi.

Jahon chempionatining kumush medali sovrindori, hamyurtimiz Sharofiddin Lutfullayev esa kutilmaganda ilk bellashuvdayoq magʻlubiyatga uchradi. Surxondaryolik polvon ikkinchi davrada belaruslik Artyom Kolasovga yutqazib qoʻydi.

Osiyo chempioni Diyora Keldiyorova musobaqadagi ishtirokini gʻalaba bilan boshladi. Diyora ilk davrada qozogʻistonlik Anna Kazyulinadan ustun kelgandi. Biroq, ikkinchi bosqichda hamyurtimiz yoshlar oʻrtasida jahon chempioni, moʻgʻulistonlik Sosorbaram Lxagvasurenga yutqazib qoʻydi.

Oʻzbekiston chempionatining kumush medali sohibasi Halimaxon Qurbonova -48 kg vazn toifasida ozarbayjonlik tajribali raqibasi Aysha Gurbanalini vazari bahosi bilan magʻlubiyatga uchratdi va keyingi bosqichga yoʻl oldi.

Yurtimiz sharafini himoya qilayotgan Artyom Shturbabin esa -66 kg vazn toifasidagi bellashuvlarida uchinchi bosqich yoʻllanmasini qoʻlga kiritdi. Hamyurtimiz serbiyalik Straxinya Bunchichni magʻlubiyatga uchratdi. Endi u chorak final yoʻllanmasi uchun Janubiy koreyalik Kim Lim Xvanga qarshi tatamiga chiqadi.

Musobaqa davom etmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?