Toʻqimachilik klasteri: xomashyo qoʻshimcha qiymatli mahsulotga aylanmoqda

13:58 04 Noyabr 2024 Jamiyat
132 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Gʻijduvon tumanidagi Rayonobod qishlogʻida istiqomat qilayotgan Gullola Umrzoqova maktabni bitirgach, uyda oʻtirib qoldi. Tengqurlarining baʼzilari oliy oʻquv yurtida oʻqishdi, ayrimlari hunarli boʻlishdi. ”Men ham mehnat qilishim, ota-onamning qanotiga kirishim kerak”, degan oʻyda yurgan qiz “Parvoz Xumo Ravnaq Trans” masʼuliyati cheklangan jamiyati haqida eshitdi-yu umid bilan tuman markaziga yoʻl oldi.

— Niyatimga yetdim, — deydi u. — Shu korxonada kalavalovchi operator vazifasida ishlayapman. Bu yerda yoshlarga qayishadigan insonlar koʻp ekan. Ular koʻmagida kasb sir-asrorlarini oʻrgandim. Toʻgʻri, qishlogʻimiz bu yerdan chamasi oʻn kilometr olisda. Lekin bu menga oʻxshab uzoqdan qatnab ishlayotganlar uchun muammo emas. Korxona tomonidan avtobus ajratilgan. Tushlik ham beriladi.

Korxonada ayni paytda 4 ming 368 nafar ishchi-xodim mehnat qilmoqda. Ularning aksariyati yaqin-yaqinga qadar Gullola singari oʻziga munosib ish izlab yurgan yoshlardan iborat.

— Korxonamiz toʻqimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan, — deydi masʼuliyati cheklangan jamiyati rahbari Nurali Boqiyev. — Bugungi kunda uni paxta-toʻqimachilik klasteri, deya baralla ayta olamiz. Negaki, tarkibida klasterga xos barcha texnologik jarayon mavjud. Men bu oʻrinda chigit ekish, xomashyo yetishtirish, uni birlamchi qayta ishlash, balki ip-kalava ishlab chiqarish, matoni toʻqish, boʻyash va unga gul bosish, tayyor kiyim-kechaklar tayyorlash bilan bogʻliq zanjirsimon tizimni nazarda tutyapman. Bu bizga qoʻshimcha qiymatli mahsulot ishlab chiqarish imkonini beryapti. Raqamlar tili bilan aytganda, hozir bir kilogramm tolaning narxi 18 – 20 ming soʻm atrofida turadi. U kalavaga aylantirilsa, bahosi 28 – 30 ming soʻmga chiqadi. Tayyor kiyim holiga keltirilsa bu mablagʻ 90 ming soʻmga aylanadi.

Korxonada nafaqat mahalliy, balki xorijiy mutaxassislarni ham uchratish mumkin. Ularning boy tajribasi “Parvoz Xumo Ravnaq Trans”ga xalqaro andazalarga mos mahsulotlar tayyorlash imkonini bermoqda. Jamoa hamkorlari qatorida Polsha, Italiya, Rossiya, Turkiya, Eron, Shveysariya, Germaniya, Yaponiya kabi qator davlatlar vakillarining borligi ham shundan dalolat.

— Bu yerda chigit ekishdan tortib, xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirgunga qadar boʻlgan texnologik jarayon oqilona yoʻlga qoʻyilgan, — deydi turkiyalik mutaxassis, korxona texnologi Salohiddin Ishlar. — Mahsulotlarimiz Yevropa bozorlarida xaridorgir. Keyingi yillarda organik paxta yetishtirish borasida ham yaxshigina tajriba toʻplandi. Joriy yilda 1050 gektar maydonda yetishtirilgan shunday xomashyoni xalqaro auditdan oʻtkazib, tegishli sertifikatga ega boʻldik. Bu bizga ekologik toza mahsulotlar ishlab chiqarish, buyurtmachilar safini yanada kengaytirish sari yoʻl ochmoqda.

Mahsulot sifati shubhasiz, texnologik uskunalarga ham bogʻliq. Korxona Germaniya, Shveysariya kabi sanoati rivojlangan davlatlardan xarid qilingan dastgohlar bilan jihozlangan. Yigiruv sexi boshligʻi Tohir Boltayevning taʼkidlashicha, bu “aqlli” mashinalarning ish unumdorligi yuqori, energiyatejamkor. Chunonchi, ularda jami 1824 ta kamera mavjud. Bu ip oʻrashni ildamroq bajarish imkonini beradi. Turdosh korxonalardagi 1700 kamerali dastgohlar bilan qiyoslaganda koʻp ish bajargan holda elektr energiyasini 20 foizgacha tejaydi.

Aytish joizki, davlatimiz rahbari Buxoro viloyatiga tashrifi chogʻida mazkur korxona faoliyati bilan yaqindan tanishgan, yangi ish oʻrinlari yaratish, malakali kadrlar tayyorlash kabi masalalar yuzasidan tavsiyalar bergandi. Natijada korxona Buxoro muhandislik-texnologiya instituti bilan hamkorlikka kirishdi. Trikotaj mahsulotlari ishlab chiqarish fabrikasida dual oʻquv markazi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

— Bu talabalarimiz uchun ayni muddao boʻldi, — deydi institut oʻqituvchisi Sabohat Poʻlatova. — Negaki, ilgari ularda olgan nazariy bilimlarini amalda qoʻllash imkoniyati cheklangan edi. Hozir esa koʻrib turganingizdek, talabalarimiz korxonaning keng va shinam auditoriyalarida oʻqib, tushdan soʻng shu yerda amaliyot oʻtashmoqda. Ular uchun korxona tomonidan maxsus avtobus ajratilgan, bepul tushlik ham berilyapti.

Bu kabi keng qamrovli ishlar toʻqimachilik klasteri jamoasining dastini uzun qilmoqda. 2021-yilda uning tarkibidagi korxonalar tomonidan 457 milliard soʻmga teng tovar va xizmatlar sotilgan va shuning 16 million AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar eksporti tashkil etgan edi. 2023-yilda bu koʻrsatkichlar mos ravishda 641 milliard soʻm va 33 million AQSH dollariga yetdi. Iqtisodiy samara ijtimoiy loyihalarni ham amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratyapti. Mana, bir misol. 2018 – 2020-yillarda klaster tomonidan qiymati 30 milliard soʻmga teng koʻp qavatli zamonaviy uy-joylar barpo etildi. 33 ta kam taʼminlangan oilaga va 17 nafar ishchi-xodimga begʻaraz uy-joy ajratildi.

Muhimi, klaster jamoasi bu natijalar bilan cheklanib qolish niyatida emas. Yaqin uch-toʻrt yil oraligʻida qiymati 22 million AQSH dollariga teng loyihani amalga oshirish koʻzda tutilgan. Bu 3 mingta yangi ish oʻrni yaratish, yillik eksport hajmini 50 million AQSH dollariga yetkazish imkonini beradi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер