“Tomorqaga butunlay qarashimiz oʻzgardi”

16:13 08 Aprel 2025 Jamiyat
129 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Choʻp suqsak, koʻkaradigan yerimiz bor. Mehr bersak, bir boʻlakkina yerdan ham baraka topish mumkinligini Jarqishloqlik tomorqa egasi Odil Xolboyev oʻz hayoti misolida isbotlab berdi. Undan iborat olib koʻcha oʻrtasidagi devorni teshib, soʻngra darcha oʻrnatib, qoʻni-qoʻshnilariga “Koka-kola”-yu saqich sotadiganlar ham tomorqasida ishlay boshlaydi. Hozir mahalladoshlarining hech biri shu darchadan boshini chiqarib, pista yoki xoʻrozqand olarmanning qadamini poylab oʻtirmaydi. Har birining xonadonidagi issiqxonalarda turli xil sabzavotlar va mevalar yetishtiriladi.

— Kuz boshlanishi bilan koʻkatlar ekib, yangi yilgacha hosilni yigʻib olamiz, — deydi tomorqachi Odil Xolboyev. — Yozda plyonkani olib tashlab, oʻrniga boshqa ekin ekamiz. Tomorqachilarga koʻmak boʻlishi uchun “Oʻrtashiq agro” korxonasi bilan shartnoma tuzilgan. “Agromir” korxonasi mahsulotni xarid qiladi. Ishonch bilan aytganda, dehqon yetishtirgan mahsulot xaridorsiz qolmaydi. 8 sotix issiqxonada ikki martadan rediska va koʻkatlar, keyin pomidor, bodring hosilidan 70-80 million soʻm daromad olamiz.

Paxtachi tumanida ham tomorqasidan yaxshigina daromad olayotgan oilalar koʻp. Tumanning Hunarmandlar mahallasida yashovchi Boboqul Norboʻtayev shunday omilkorlardan biri. Uning 9,5 sotixli 2 ta issiqxonasida asosan tuvak va dala gullari yetishtirilmoqda. Bir-biridan chiroyli, turfa xil gul koʻchatlari oʻstirilayotgan 4,5 sotixli oynavand dala ostidagi birinchi issiqxonaga kirgan kishi oʻzini goʻyo istirohat bogʻi yoki afsonaviy gulzorlar orasiga tushib qolgandek his qiladi. Bu yerda oʻstirilayotgan giran, hamisha bahor, viola, aloe, bananza, Xitoy jannat gullari, katarantus, pitunya, salviya koʻchatlari kishiga oʻzgacha kayfiyat ulashadi.

— Bugungi kunda termostat usulida tiklangan issiqxonamizda yetishtirilayotgan qariyb 30 navga yaqin 40 ming tupdan ziyod gul koʻchatlari nafaqat tuman markazi, balki Samarqand shahridagi istirohat bogʻlari va markaziy koʻchalar atrofiga ham ekilmoqda, — deydi Boboqul Norboʻtayev. — Tomorqada yetishtirilayotgan gul koʻchatlari orqasidan yiliga 200-250 million soʻm daromad koʻryapmiz.

U gul koʻchatlari yetishtirishdagi tajribalarini oshirish, ilgʻor ish uslublarini oʻrganish maqsadida bir necha marta Toshkent, Namangan shaharlarida oʻtkazilgan “Gullar sayli”da ishtirok etib kelmoqda. Gulchilik bilimdonlari tomonidan berilgan tavsiya, maslahatlarni olib kam boʻlmadi. Nozik kasb sir-asrorlarini hamqishloqlari bilan baham koʻrib, ularni ham gulchilik sohasiga qiziqtirmoqda. Mehnatlari evaziga “Ilgʻor tomorqachi” koʻkrak nishoni bilan taqdirlandi.

Ishtixon tumanining Beshariq mahallasi fermer xoʻjaliklari hududidan ishsiz yoshlar uchun ajratilgan yer maydonining 1 gektariga ekilgan malina koʻchatlarini koʻrib havasingiz keladi. Bekorchidan xudo bezor, degan gap bor. Koʻp yomon illatlar bekorchilikdan kelib chiqadi. Mahalla yoshlaridan biri Sarvara Hubbimova “Olma pish, ogʻzimga tush” deb oʻtiradiganlardan emas.

— Ishlagim keladi, ammo nima qilarimni bilmayman. Bir necha yil ishsizlikdan qiynalib yurdim, — deydi S.Hubbimova. — Oʻtgan yili auksion savdosi orqali ijaraga yer berilayotganini eshitdim. Unda qatnashib uyimizga yaqin joydan 30 sotix yer yutib oldim. Bu yil bahorda mahallamizdagi hokim yordamchisi va bank xodimlari maslahatiga koʻra, qoʻshnilarim bilan ijaraga olgan yer maydonimizda malina yetishtirishni boshladik. Tumanda yangilik boʻlgan bu yumush bilan shugʻullanish oson emas. Shuning uchun malinazor barpo etish sir-asrorini jomboylik dehqonlardan oʻrgandim. Avvalo ulardan koʻchatlarni sotib oldim. Bank xodimlari imtiyozli kredit olishimizga koʻmaklashdi. Malina yiliga ikki marta hosil beradi. Yaxshi natija kutib turibmiz. Nasib boʻlsa, kreditni vaqtida qaytarib, roʻzgʻorimizga daromad keltiramiz.

Tumanning Beshariq mahallasi Qozoqovul qishlogʻidagi Tamara Sultonova xonadonining hovlisidagi tomorqa maydoni bor-yoʻgʻi 5 sotix. Bir qarich yeri boʻsh turmaydi.

— Har yili fevralning ilk kunlarida tomorqamizning 4 sotixiga qoʻlbola issiqxonalar quramiz, — deydi xonadon bekasi T.Sultonova. — Bu yerda pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri koʻchatlarini yetishtiramiz. Martdan bozorga chiqarishni boshlaymiz. Boʻshagan joyga yana urugʻ qadaymiz. Iyulga qadar 3-4-marta koʻchat yetishtirib sotamiz. Keyin issiqxonani buzib, joyiga karam yoki makkajoʻxori ekamiz. Shu yerning oʻzidan yiliga 70-80 million soʻm daromad topyapmiz. Bir necha yildan beri tomorqadan topganimiz evaziga uyimizni taʼmirladik, toʻylar qildik. Hovlida turgan “Malibu” ham shu yerning orqasidan.

Tomorqa obodligi natijasida xonadonlar koʻrkamligiga, ishsizlik muammosining bartaraf etilishiga erishilmoqda. Joriy yilda Samarqand viloyatida 62,5 ming gektar aholi tomorqalarida hamda 22,6 ming gektar ijara yer maydonida poliz-sabzavot, kartoshka, dukkakli va boshqa serdaromad ekinlar ekish choralari koʻrilmoqda. Oramizda qancha koʻp tomorqa yer maydoni boʻlsa ham undan samarali foydalanmasdan boʻsh qoldiradiganlar ham yoʻq emas. Bular yuqoridagi tomorqachilardan oʻrnak olsalar, ayni muddao boʻlardi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер