Tomorqa ortidan eʼtirofga sazovor boʻldim
Kecha tanish-bilishlar, doʻst-yoronlar birin-ketin telefon qilib, Prezidentimiz farmoyishiga asosan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanganim haqida aytib, tabriklay boshlashdi.
Ularga rahmat aytaman-u, lekin bundan qattiq hayajonda, mendek oddiy bir tomorqachi davlatimizning yuksak mukofoti bilan taqdirlanishi mumkinligiga hali ishonolmasdim. Ammo bu rost.
Oʻzim Kitob tumanining olis va togʻli hududlaridan biri – Palandara qishlogʻida istiqomat qilaman. Bogʻdorchilikka yoshlikdan qiziqaman. Qariyb chorak asrdan buyon oʻz tomorqamda moʻjaz bogʻ barpo etib, uzum, tok koʻchatlari hamda turli sitrus mevalar yetishtirish bilan shugʻullanib kelayapman.
Albatta, boshqa sohalarda boʻlgani kabi, bogʻdorchilik ham kishidan ilmni, doimiy izlanishni talab etadi. Bu sohada ham zamon bilan tengma-teng odimlamasangiz, faoliyatingizga zarur yangiliklarni joriy etib bormasangiz, katta natijalarga erishish qiyin. Shu maqsadda yurtimizdagi koʻplab tajribali bogʻbonlar bilan hamkorlik oʻrnatganman. Ularning yutuqlarini doimiy kuzatib, eng yaxshilarini oʻzlashtirishga, xorijiy davlatlardan uzum va boshqa mevalarning yangi-yangi navlarini olib kelib, oʻzimizga moslashtirishga harakat qilaman.
Hozirgi kunda asosiy daromad manbaim koʻchatchilik hisoblanadi. Uzumning AQSH, Yaponiya, Janubiy Koreya, Tojikiston kabi davlatlardan keltirilgan 10 dan ortiq turlarini koʻpaytirib, aholi, bogʻdorchilik xoʻjaliklariga yetkazib berayapman. Mijozlarimiz mamlakatimizning turli hududlaridan bor. Ular koʻchatni oldindan buyurtma qilishib, tayyor boʻlganidan soʻng olib ketishadi. Shu bois mahsulotni realizatsiya qilish borasida umuman muammo yoʻq. Qancha koʻchat tayyorlashga ulgursak, xaridor avvaldan tayyor.
Bundan tashqari, hovlimizda kichik issiqxona barpo etib, turli kamyob sitrus mevalarni yetishtirayapman. Bu avvalo oilamiz uchun, isteʼmoldan ortganini esa bozorga chiqaramiz. Qolaversa, bu borada menga tajriba juda muhim. Sitrus mevalarning koʻchatlarini koʻpaytirish boʻyicha ham ishlarni boshlaganman.
Xullas, ana shu mehnatimiz, harakatlarimiz ortidan yaxshi daromad topayapmiz, dasturxonimiz toʻkis, turmushimiz farovon. Prezidentimizning 2024-yil 14-avgustdagi farmoyishiga asosan “Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanishim esa menga yanada kuch, shijoat bagʻishladi. Endilikda yanada koʻproq ishlab, koʻproq mehnat qilib, yurtimizda bogʻdorchilik rivojiga oʻz hissamni qoʻshishga, bildirilgan yuksak ishonchga munosib boʻlishga harakat qilaman.
Akram SAIDOV,
Kitob tumanidagi shaxsiy tomorqa yer egasi,
“Faol tadbirkor” koʻkrak nishoni sohibi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Toshkentda “UzFood 2026” va “OʻzuPACK 2026” Xalqaro koʻrgazmalari boʻlib oʻtmoqda (+fotoreportaj)
- Shayxa Nosir Al Novays: “Men bu kabi yondashuvni avval koʻrmaganman”
- Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida
- “Yengilmas: Tokioga yoʻl”
- Toshkentda Amir Temur tavalludining 690-yilligi munosabati bilan harbiy parad oʻtkazilmoqda (fotoreportaj)
- Surxondaryoda 3 ming yillik shahar qoldiqlari topildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring