Tomorqa – mehnat qilganga xazina

15:23 13 Noyabr 2024 Jamiyat
278 0

Jahongir BOYMURODOV/“Xalq soʻzi”. Joriy yilning dastlabki uch choragida Qashqadaryo viloyatida 154,8 ming tonna kartoshka, 434,6 ming tonna sabzavot, 205,8 ming tonna poliz, 161,2 ming tonna meva va rezavorlar hamda 82,9 ming tonna uzum yetishtirilgan.

Ushbu mahsulotlarning asosiy qismi shaxsiy yordamchi xoʻjaliklar, yaʼni aholi tomorqalaridan yigʻib olingan. Bu albatta, aholining tomorqa yerlaridan unumli foydalanilayotgani samarasidir.

Gʻuzor tumanining Gulshan mahallasida istiqomat qilayotgan Farhod Mahmudov ham tomorqasini oilaning asosiy daromad manbaiga aylantirgan tadbirkorlardan.

— Oʻzim xorijiy korxonalardan birida ishlayman, — deydi u. — Boʻsh vaqtimda oila aʼzolarim bilan tomorqada mehnat qilaman. Chunki oilaviy daromadimizning asosiy qismi tomorqa hissasiga toʻgʻri keladi. Tomorqaning bir chetida kichik issiqxona barpo etganmiz. Bu yerda 12 ta limon butasi bor. Har yili 150 kilogramm atrofida limon hosili olamiz. Hovlida 20 dan ortiq olma, oʻrik, gilos va shu kabi mevali daraxtlarimiz bor. Hammasi yarim pakana, hosildor navlar. Ularning orasida kartoshka, piyoz, sabzi ekamiz. Sigir, qoʻy, tovuq boqamiz. Xullas, oziq-ovqatning ham, daromadning ham keti uzilmaydi.

Farhod Mahmudovning taʼkidlashicha, tomorqada yetishtirish imkoni boʻlgan birorta ham mahsulotni bozordan sotib olmaydi. Qoʻshimchasiga, pomidor, kartoshka va sabzini koʻp miqdorda yetishtirib, isteʼmoldan ortiqchasini ichki bozorga yetkazib berish orqali yaxshigina daromad olishni ham uddalamoqda.

— Bugungi kunda mahalladagi 1057 ta xonadonning aksariyati oʻz tomorqalaridan samarali foydalanib, yaxshi daromad topmoqda, — deydi “Gulshan” MFY raisi Rahmat Abdullayev. — 300 dan ortiq xonadon vakillari oʻz hovlilarida issiqxona qurgan. Bu mahalladagi deyarli, har uch xonadondan birida issiqxona mavjud, deganidir. Ular “yopiq tomorqa”da turli koʻkatlar, pomidor, bodring yetishtirmoqda. Gulchilik, limonchilik bilan shugʻullanib, yaxshi daromad olyapti.

— Hovlimda 1,5 sotix issiqxonada 22 tup limon bilan bir qatorda, bir necha tup apelsin butalarini ham parvarishlab kelmoqdaman. Bundan besh-olti yil avval ekilgan apelsinlar qiygʻos hosilga kirgan, — deydi shu mahallalik Hamza Hakimov. — Bir tup apelsindan 20 kilogrammdan ortiq meva oldik.

Mirishkorimizning issiqxonasi moʻjazgina boʻlishiga qaramay, bir tomonida apelsin, bir tomonida limonlar gʻarq pishgan. Gultuvaklarda parvarishlanayotgan turli xildagi gullar koʻzni yashnatadi.

Bugun Gulshan mahallasida tomorqachilik, xususan, issiqxona xoʻjaliklari eng rivojlanayotgan yoʻnalishlardan biriga aylanib bormoqda. Aksariyat xonadonlar bu faoliyat ortidan avvalo, oʻz turmush farovonligini taʼminlayotgani, shu asnoda bozorlarimizning toʻkin-sochinligiga hissa qoʻshishayotgani eʼtiborga molik.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер