Toʻkinlik bor joyda baraka bor

20:05 10 Dekabr 2025 Jamiyat
403 0

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining qoʻllab-quvvatlashi va aniq topshiriqlari asosida Quyi Chirchiq tumanida qator muhim oʻzgarishlarga erishdik. Paxtachilikda ham, donchilikda ham, bogʻdorchilikda ham yuksalishlar kuzatilmoqda. 2024-2025-yilgi hosil mavsumida tumanimizda 36,2 ming gektar maydonda qishloq xoʻjaligi ekinlari parvarishlandi. Fermer va dehqonlarimiz mehnati tufayli barcha yoʻnalishlarda rejalar toʻliq bajarildi, ayrimlarida esa rejadan ham koʻp hosil olindi.

Donchilikda 13 ming 700 gektar gʻalla maydonidan oʻrtacha hosildorlik gektariga 70-80 sentnerni tashkil etib, oʻtgan yilga nisbatan sezilarli darajada – 102,3 foizga oʻsish qayd etildi. Paxtachilikda esa “GTG agro” paxtachilik klasteri tomonidan 9 ming 40 gektardan jami 40 ming 440 tonna hosil yetishtirib, har gektaridan oʻrtacha 44,7 sentnerdan paxta xom ashyosi terib olindi, shu orqali reja 101,5 foizga bajarildi. Bunda suv tejovchi texnologiyalar asosida tomchilatib sugʻorish va zamonaviy agrotexnik tadbirlar amalga oshirilgani hamda Xitoy Xalq Respublikasining “Shinjon tajribasi” joriy etilib, 76x10 qoʻshqator usulida chigit ekilishi yaxshi samara berdi.

Quyi Chirchiq tumanining unumdor yerlarida sabzavotchilik va polizchilik yoʻnalishida yetishtirilgan mahsulotlar nafaqat ichki bozorni taʼminlash, balki eksportga yoʻnaltirish imkonini ham yaratmoqda. Ayniqsa, dukkakli ekinlar, karam, pomidor va bodring yetishtirish hajmi sezilarli darajada koʻpaydi.

Chorvachilik sohasida naslchilik ishlarini rivojlantirish, chorva mollari sonini oshirish hamda ozuqa bazasini mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Natijada goʻsht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi oshib, aholi ehtiyojlari barqaror taʼminlanmoqda.

Shuningdek, qishloq xoʻjaligida koʻp tarmoqli klaster va fermer xoʻjaliklari faoliyati kengayib, yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratildi. Bu esa aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Quyi Chirchiq tumanida qishloq xoʻjaligi sohasida erishilayotgan natijalar hududning iqtisodiy salohiyatini yuksaltirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash va eksport salohiyatini oshirishga xizmat qilmoqda.

Akmal XOLMURODOV,

Quyi Chirchiq tumani hokimi,

“Doʻstlik” ordeni sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?