Toyloqda tomorqachilik asosida yangi ish oʻrinlari yaratilmoqda
Bugun mahallalarda tadbirkorlikni rivojlantirish, aholini oʻzini oʻzi band qilishga keng jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, aholi tomorqalaridagi boʻsh yer maydonlaridan samarali foydalanish orqali qoʻshimcha daromad manbalarini yaratish muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Toyloq tumanining Sariosiyo mahallasida faoliyat yuritayotgan tomorqachi va ishbilarmon ayollar — Mastura Suyunova hamda Gulchehra Xudoynazarova ana shu yoʻnalishda ibratli tashabbuslarni amalga oshirmoqda. Ular oʻz xonadonlarida zamonaviy issiqxonalar tashkil etib, samarali faoliyat yuritib kelmoqda.
Xususan, Mastura Suyunova oʻz hovlisida 4 sotix maydonda issiqxona barpo etib, 3 nafar oila aʼzosini doimiy ish bilan taʼminlagan. Ayni paytda u qulupnay yetishtirish bilan shugʻullanib, ushbu faoliyat orqali 200 million soʻmgacha daromad olishni rejalashtirmoqda.
— Biz hovlimizda 12 sotix yerda limonariya va qulupnaychilikni yoʻlga qoʻyib, 5 nafar yoshni doimiy ish bilan taʼminladik, — deydi Gulchehra Xudoynazarova. — Ushbu faoliyat orqali yillik oʻrtacha daromadimiz 500 million soʻmni tashkil etmoqda.
Mastura Suyunova va Gulchehra Xudoynazarova bugun Sariosiyo mahallasining faol, tashabbuskor va ishbilarmon ayollari sifatida qoʻshnilariga, ayniqsa xotin-qizlarga munosib namuna boʻlib kelmoqda.
Tumanning Baxshitepa mahallasida istiqomat qiluvchi Samad Qurbonov ham tomorqadan samarali foydalanib, yangi daromad manbasini yaratgan tadbirkorlardan biri. U avval issiqxonada koʻkat va sabzavot yetishtirib kelgan boʻlsa, ayni paytda qoʻziqorin yetishtirishni ham yoʻlga qoʻygan.
Maʼlumki, qoʻziqorin yetishtirish serdaromad va mavsum tanlamaydigan soha hisoblanadi. Uni uy sharoitida yil davomida yetishtirish mumkin. Samad Qurbonov dekabr oyida ekilgan urugʻlar qisqa muddatda hosil berganini taʼkidlaydi. Ayni paytda qoʻziqorinning bir kilogrammini 25 ming soʻmdan 40 ming soʻmgacha narxda sotib, barqaror daromad olmoqda.
— “Veshenka” navli qoʻziqorin yetishtiryapmiz. Bu nav oqsilga boy va bozorda ham xaridorgir, — deydi tadbirkor. — 4×6 metrli xonaga 100 qopda urugʻ ekib, 30 kun ichida hosil oldik. Har bir 5 kilogramm substrat joylangan qopdan 7–8 kilogrammgacha hosil olish mumkin. Hozir har ikki kunda oʻrtacha 30 kilogramm qoʻziqorin terib olyapmiz.
Tadbirkor kelgusida qoʻziqorin yetishtirish hajmini kengaytirish, shuningdek, undan turli xil konserva mahsulotlari tayyorlashni ham rejalashtirmoqda. Uning taʼkidlashicha, mazkur faoliyat turi uncha qiyin emas va har bir kishi oʻz asosiy ishidan ajralmagan holda qoʻshimcha daromad manbai sifatida yoʻlga qoʻyishi mumkin.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Raqamli Oʻzbekiston uchun kiber-huquqshunoslar: Prezident Farmoni yuridik taʼlimning yangi davrini ochadi
- Oʻzbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatlaridan iborat delegatsiya aʼzolari Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurdi (+fotoreportaj)
- 16-yanvar kuni baʼzi joylarda qor yogʻadi
- Koʻrfaz arab davlatlari bozoriga bojsiz kirish imkoni yaratiladi
- Dunyo boʻylab qon va koʻzyosh bilan oʻtgan bir hafta — 20 ta suratda
- “Analog turmush tarzi”. Insonlarda sunʼiy intellektga qarshi kayfiyat kuchaymoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring