Toʻgʻri chiziq ogʻdirilsa, egri boʻladi

12:35 13 Mart 2023 Jamiyat
407 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolar va tadbirkorlarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilish choralarini kuchaytirish, odil sudlovni samarali taʼminlash, sudyalar hamjamiyati rolini kengaytirish boʻyicha ishlar izchil olib borilmoqda. Amalga oshirilgan ishlar natijasida odil sudlov jarayonida inson huquqlarini himoya qilish darajasi yangi bosqichga chiqdi.

Shu bilan birga, sohada bajarilishi lozim boʻlgan ishlar ham yoʻq emas. Muxbirimizning Sudyalar oliy kengashi raisi Xolmoʻmin YODGOROV bilan suhbatida ushbu yoʻnalishdagi yutuqlar, muammolar va ularning yechimlari, istiqboldagi vazifalar xususida soʻz bordi.

— Xolmoʻmin Buvraboyevich, suhbatimiz avvalida ­Sudyalar oliy kengashining oʻtgan yilgi faoliyati sarhisobi va joriy yildagi yangi rejalari haqida toʻxtalsangiz.

— Mamlakatimizda sud-huquq islohotlari izchil davom etmoqda. Toʻgʻri, oʻtgan besh-olti yilda tizimda koʻpgina ishlar qilindi, natijalar ham koʻp kuttirmayapti. Biroq amalga oshirish lozim boʻlgan ishlar ham yetarli.

Xususan, davlat rahbarining yaqinda “Odil sudlovga erishish imkoniyatlarini yanada kengaytirish va sudlar faoliyati samaradorligini oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi va “Odil sudlov faoliyatini amalga oshirishni samarali tashkil etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari qabul qilindi.

Oldinda mazkur farmonlarning sifatli ijrosi turibdi. Bu hazilakam masʼuliyat talab qilmaydi. Ayni jarayonda sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish, sudga hurmatsizlik qilish va sud ishiga aralashish holatlarining oldini olish ustuvor vazifalardan biri sifatida qayd etilgan.

— Sudyalarninmus­taqilligi va daxlsizligi kafolatlarini kuchaytirish masalasini tilga oldingiz. Kengash bu borada vakolati doirasida muayyan ishlarni amalga oshirib kelayotganidan jamoatchilik yaxshi xabardor...

— Albatta, kengash sudyalarning mustaqilligi va daxlsizligini himoya qilish yoʻnalishida vakolati doirasida qator taʼsirchan ishlarni amalga oshirib kelmoqda. 2022-yilda odil sudlovga aralashish bilan bogʻliq 2 ta holat boʻyicha xizmat tekshiruvlari oʻtkazilib, natijalari yuzasidan Bosh prokurorga kiritilgan taqdimnomalarga asosan 1 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.

Bundan tashqari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining sudlarga turli vazifalar yuklash haqidagi 14 ta qarori bekor qilindi. Shu kunlarda yana 3 holat boʻyicha sudyalar daxlsizligini himoya qilish va aybdor shaxslarga nisbatan tegishli huquqiy taʼsir chorasini qoʻllash borasida Bosh prokuraturaga taqdimnoma kiritildi. Yuqorida tilga olingan farmonlar bu boradagi ishlar samaradorligini yanada oshirishiga ­shubha yoʻq. Ayni paytda mazkur farmonlar ijrosini taʼminlash maqsadida sudyalar daxlsizligiga erishish hamda sud ishlarini soddalashtirish, sudyalarni oʻziga xos boʻlmagan qoʻshimcha ishlardan xalos qilish, buning huquqiy ­asosini yanada takomillashtirish masalalarida ham tahliliy oʻrganishlar olib borilmoqda.

— Professional sudyalar korpusini shakllantirish, tizimni malakali, halol va pok kadrlar bilan toʻldirish yoʻnalishida-chi?

— Sudyalik lavozimlariga munosib nomzodlarni tanlash va tayinlash jarayoni ochiq tanlov va muqobillik asosida oʻtkazilayotganidan xabardorsiz. Ochiq tanlovlarda jamoatchilik vakillari, ­ommaviy axborot vositalari ­xodimlari muntazam ishtirok etib kelmoqda. 2022-yilda ochiq tanlovlar asosida 459 nafar sudyalik lavozimiga tayinlovlar amalga oshirildi.

Tayinlanganlarning 71 nafari sudyalik lavozimida boʻlishning birinchi besh yillik, 169 nafari oʻn yillik, 2 nafari muddatsiz davrga, 210 nafari vakolati muddatiga qayta tayinlandi.

Joriy yil 1-fevral holatiga koʻra, sud tizimida vakant oʻrinlar soni 14 tani tashkil etdi, oʻtgan yili bu paytda boʻsh sudyalik lavozimlari soni 145 ta edi.

Yana bir statistika, ayni payt­da tizimda ayol sudyalar 179 nafar boʻlib, shundan 25 nafari ­rahbar sudyalik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.

Shu bilan birga, Sudyalar oliy maktabida oʻtgan yili 75 nafar sudyalikka nomzod kasbga tayyorlanib, shundan 59 nafari ilk bor sudyalik lavozimiga tayinlandi. Joriy oʻquv yilida Sudyalar oliy maktabining sudyalik lavozimiga tayyorlash kurslarida 138 nafar tinglovchi tahsil olmoqda. Yaqin kelajakda ular orasidan munosiblari sudyalar korpusini toʻldirishi kutilmoqda. Umuman, Sudyalar oliy maktabi faoliyati boshlangandan buyon ushbu dargohning sudyalik lavozimiga tayyorlash kurslarida tahsil olgan 207 nafar nomzoddan 179 nafari lavozimga tayinlangan.

— Tayinlovlar haqida gap ketganda vakolati muddatidan ilgari tugatilgan sudyalar haqida soʻz ochmaslikning iloji yoʻq. Shu haqda ham toʻxtalib oʻtsangiz.

— Bu mavzuda gapirish ogʻriqli. Katta ishonch va umidlar bilan sudyalikka tayinlansayu ishonch oqlanmasa... Oʻz xohishiga koʻra yoki boshqa ishga oʻtgani munosabati bilan lavozimidan ozod etilganlarni tushunish mumkin.

Biroq odil sudlovni amalga oshirishda qonuniylikni yoki ­Sudyalar odobi kodeksi talablarini buzgani sabab ayrim sudyalarning lavozimidan ozod qilinishi tizim uchun ogʻriqli masala.

Oʻtgan yili 58 nafar sudyaning vakolati muddatidan ilgari tugatildi. Ulardan 2 nafari vafot etgani sababli, 2 nafari boshqa ishga oʻtgani bois 30 nafari arizasiga binoan, qolganlarini esa ming taassufki, sudyalik ­qa­samyodi va odobini buzganligi uchun tizimdan chetlatishga toʻgʻri keldi.

— Bu oʻrinda gap sudyalik masʼuliyatiga borib taqalyapti. Sudya qanday boʻlishi kerakligi maʼlum: davlatimiz rahbari taʼbiri bilan aytganda: “Sudyaning ongida — adolat, tilida — haqiqat, dilida — poklik ustuvor boʻlishi lozim”.

— Haq gap. Buning uchun sudya oʻz maʼnaviy dunyosini boyitish ustida doimiy ishlashi lozim. Chunki adolat va maʼnaviyat doimo yonma-yon turadi. Maʼnaviy yuksalish orqali iroda toblanadi. Bu sudya uchun oʻta muhim sifat.

Maʼnan yuksak shaxsgina lavozim va vakolatning imtiyoz emas, masʼuliyat ekanini teran his qiladi, oʻz vijdoni oldida hisob berishni oʻrganadi. Masʼuliyat chuqur his etilgan joyda adolatga ozor yetmaydi. Sudya biror ishni koʻrib hukm yoki qaror chiqarar ekan, qabul qilayotgan sud hujjati inson taqdiri bilan bogʻliq ekanligini doimo yodda tutishi ­lozim.

Shunday ekan, sudya “ishni bugun boʻlmasa, ertaga koʻraman yoki xato qilsam, yuqori instansiya sudi tuzatar, ish koʻp joyda xatolik boʻladi-da”, degan xayolga borishga haqqi yoʻq.

Hazrat Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida qozilar (sudyalar) xususida shunday degan: “...Qozi qonun yoʻlidan bir qadam ham toymasligi — toʻgʻri yoʻldan chiqmasligi lozim. Axir toʻgʻri chiziq ogʻdirilsa, egri boʻladi. Cholgʻu asbobining tori sozlanmagan boʻlsa, ovozi buziladi. Modomiki, hukmi elning moli va joniga taalluqli ekan, qozining shiori toʻgʻrilik va adolat boʻlmogʻi lozim”.

— Haqiqatan ham, sudya­lik katta masʼuliyat talab qiladigan lavozim ekanini aytdingiz. Shundan kelib chiqib, sudyalik vazifasi bilan bogʻliq cheklovlar ham mavjudmi?

— Savolingiz bilan oʻta dolzarb masalani koʻtardingiz. ­Sudyalarga nisbatan nainki ­xizmat vazifasi bilan bogʻliq, balki xizmat vazifasidan boshqa paytlarda ham muayyan cheklovlar qoʻyilgan.

Bu boradagi talablar “Sudyalar odobi kodeksi”da bayon qilingan boʻlib, har bir sudya unga rioya etishi shart. Mazkur hujjatda ­sudyaning yurish-turishidan tashqari kiyinishi, jamoat joylarida oʻzini tutishi, hatto doʻst tanlashda ham ehtiyotkor boʻlishi shart qilingan. Chunki sudya kishilik taraqqiyotining barcha davrida keng jamoatchilik eʼtiboridagi shaxs boʻlib kelgan...

— Kengash tomonidan bu borada amalga oshirilgan real ishlar bilan suhbatni davom ettirsak...

— Oʻtgan yili kengash sudyalar masʼuliyatini kengaytirish borasida qator chora-tadbirlarni amalga oshirdi. Yaʼni viloyat hamda unga tenglashtirilgan sudlar ­sudyalarining malaka hayʼatlari qoshida Sudyalar odob komissiyasi faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bundan tashqari, sudyalikka nomzodlar va sudyalarning kasb­ga munosibligini baholashga koʻmaklashuvchi elektron psixologik test dasturi ishga tushirilib, 900 dan ziyod sudyalar psixologik testdan oʻtdi. Psixologik test natijalaridan kelib chiqib, joylarda psixologik treninglar oʻtkazilmoqda. Bunday ishlar, albatta, sudyalar masʼuliyatini yanada oshirish, ularning oson boʻlmagan faoliyatiga koʻmaklashuvchi choralar sirasiga kiradi.

Sudyalar faoliyati samaradorligini ochiq va shaffof baholash boʻyicha milliy elektron reyting baholash dasturi xususida ham shunday deyish mumkin. Oʻtgan yilgi natijalardan kelib chiqib, odil sudlovni amalga oshirishda yuqori reyting koʻrsatkichga ega boʻlgan 20 nafar sudya joriy yilda ­“Ibratli sudya” mukofoti bilan taqdirlandi.

Reyting ballari — sudyalarimiz uchun oyna. Masʼuliyatni teran his qilib, yaxshi ishlasa, mana shunday ragʻbatlantiriladi. Shuningdek, Sudyalar oliy kengashi odil sudlovni amalga oshirishda uzoq yillardan buyon samarali faoliyat koʻrsatib kelayotgan 107 nafar sudya hamda nafaqadagi ustozlarni “Sud faxriysi” koʻkrak nishoni bilan taqdirladi.

Ayni chogʻda ibratli hayoti va faoliyati haqida kitoblar, hujjatli filmlar tasvirga olinib, jamoatchilik eʼtiboriga havola etilmoqdaki, bular yosh sudyalar uchun ibrat maktabi boʻlishi shubhasiz.

Reyting natijalariga qaytsak, unga koʻra, oʻtgan yili 646 nafar sudyaning faoliyati “namunali”, 339 nafariniki “yaxshi”, 141 nafariniki esa “qoniqarli”, deb baholandi. Bu yomon koʻrsatkich emas. Faoliyat koʻrsatkichi qoniqarsiz (56 balldan past) 30 nafar ­sudyaning malakasini oshirish boʻyicha esa kompleks choralar koʻrilmoqda.

— Kengash tomonidan ­sudyalar kasbiy bilimini oshirish, yagona sud amaliyotini shakllantirish maqsadida ham qator ishlar qilinmoqda. Shular haqida batafsil toʻxtalsangiz.

— Savolingizga yuqorida ­qisman javob berib oʻtildi. Shu mavzuni davom ettirsak, Kengash tashabbusi bilan “Sudyaning ­mustaqilligi va daxlsizligi: Sud ishiga aralashganlik uchun javobgarlik asoslari” qoʻllanmasi nashr qilindi.

Sudyalarning kasbiy bilimini oshirish, yagona sud amaliyotini joriy etish maqsadida “Xalqaro huquq normalarining sudlar tomonidan qoʻllanilishi”, “Sudlar faoliyatida huquqni qoʻllash amaliyoti: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalari” qoʻllanmalari (ushbu qoʻllanma tegishli vazirlik qarori bilan oliy oʻquv yurtlari talabalari uchun darslik sifatida tavsiya qilindi), tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan fuqarolar uchun “Tadbirkorlar huquqi sud himoyasida” amaliy qoʻllanmasi, sudyalar uchun ibrat maktabini yaratish maqsadida “Uch mashhur oʻzbek ayoli” va “Munosib yashamoq baxti” nomli badiiy-publitsistik toʻplamlar chop etildi.

— Kengash huzuridagi Oʻzbekiston Sudyalar klubi faoliyati haqida nimalar deya olasiz?

— Kengash huzuridagi Oʻzbekiston Sudyalar klubi shakllanish bosqichidan oʻtib boʻldi. Biroq uning samaradorligini oshirish uchun izlanishdan toʻxtamaslik ­kerak.

Shu maqsadda bu yil Sudyalar klubining jamoatchilik asosidagi boshqaruvi Oliy sud sudyasiga yuklatildi. Bu — ishga yondashish, qarashlar, fikrlar xilmaxilligiga keng imkoniyat ochadi. Klubning elektron platformasida muhokama etilgan masalalar yuzasidan har olti oyda umumlashma tahlil qilib, zarur choralar koʻrish ham maqsadga muvofiqdir. Klubning elektron platformasida muhokama etilayotgan masalalar soni oydan-oyga koʻpayib bormoqdaki, bu sudyalarimizning faolligi oshayotganidan darak.

Oʻtgan yili Sudyalar klubining elektron platformasida:

— iqtisodiy sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 1350 ta;

— maʼmuriy sudlar faoliyatidagi muammolar yuzasidan 850 ta;

— jinoyat ishlari boʻyicha sudlar amaliyotida esa 904 ta;

— fuqarolik ishlari boʻyicha sudlar amaliyotida uchrayotgan muammolar va ularning yechimlari yuzasidan 2308 ta mavzu muhokama qilingan.

Qaysiki masalada qonunchilikka oʻzgartish hamda qoʻshimchalar kiritish yoki Oliy sud Plenumi qarori shaklida tushuntirish berish talab qilinsa, Sudyalar oliy kengashi tomonidan tegishli taqdimnoma kiritish amaliyoti yoʻlga qoʻyildi.

Natijalar yoʻq emas, aynan klubdagi muhokamalar natijasida ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritilgani bunga misol.

Rahim ShERQULOV (“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?